Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

Misr va O‘zbekiston muftiylari fatvolar ishlab chiqishda hamkorlik qiladi

16.10.2024   5687   1 min.
Misr va O‘zbekiston muftiylari fatvolar ishlab chiqishda hamkorlik qiladi

Shu yil 15 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Misr Arab Respublikasi muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod janoblari ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, xususan fatvo yo‘nalishida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildilar. 

 Uchrashuvda O‘zbekiston va Misr davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotganiga urg‘u qaratib, bunda ikki davlat rahbarlarining do‘stona aloqalari turli yo‘nalishlardagi aloqalarning mustahkamlanishiga turtki bo‘layotganini ta’kidladilar. 

Muloqotda ta’lim, ilmiy-tadqiqot, malaka oshirish va diniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorliklar tobora rivojlanib borayotganini qayd etdilar. 

Xususan, Misr Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib hazratlari, Misr vaqf ishlari vazirligi va Dorul Ifto bilan doimiy aloqalar o‘rnatilganini qayd etdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston zaminida o‘tkazilayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli anjumanning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Doktor Nazir Muhammad Ayyod janoblari o‘zaro aloqalar uzoq o‘tmishga borib taqalishini qayd etib, O‘zbekiston Misr uchun muhim ahamiyatga ega mamlakat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bu yurtda Islom dini rivoji uchun hissa qo‘shgan buyuk allomalar yetishib chiqqani, jumladan, ahli sunna val-jamoa ta’limoti asoschilaridan biri Imom Moturidiy, buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabilarning sa’y-harakatlari sabab butun Islom olami XIV asrdan buyon Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning hadislaridan bahramand bo‘lib kelayotganini alohida qayd etdi. Nazir Muhammad Ayyod O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni doimo kuzatib borayotgani, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi faoliyati katta ahamiyatga molik ekanini ta’kidladi.

Kelgusida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish va diniy soha xodimlari o‘rtasida malaka oshirish kurslarini tashkil etish borasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Misr va O‘zbekiston muftiylari fatvolar ishlab chiqishda hamkorlik qiladi Misr va O‘zbekiston muftiylari fatvolar ishlab chiqishda hamkorlik qiladi Misr va O‘zbekiston muftiylari fatvolar ishlab chiqishda hamkorlik qiladi Misr va O‘zbekiston muftiylari fatvolar ishlab chiqishda hamkorlik qiladi
MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Emizgan ayol ham tuqqan ona kabi bo‘ladimi?

21.04.2025   4202   2 min.
Emizgan ayol ham tuqqan ona kabi bo‘ladimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ikki yoshdan kichik bo‘lgan go‘dakning onasidan boshqa emizikli ayolni to‘yib emishi ila u ayol bolaning onasiga, eri otasiga, farzandlari aka-ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, bu ayolning boshqa qarindoshlari ham emgan bolaga xesh bo‘ladilar. Go‘dakning suyagi va eti ona sutidan shakllanadi. Shuning uchun uni emizgan ayol ham tuqqan onasi kabi bo‘ladi. Binobarin, xuddi o‘z onasini e’zozlagandek, uning ham hurmatini joyiga qo‘yish va qadrlash lozim.

عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ الْمُنْكَدِرِ قَالَ: جَاءَتْ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ظِئْرُهُ الَّتِي أَرْضَعَتْهُ، فَبَسَطَ لَهَا رِدَاءَهُ ثُمَّ قَالَ: «مَرْحَبًا بِأُمِّي»، ثُمَّ أَجْلَسَهَا عَلَى رِدَائِهِ.

Muhammad ibn Munkadirdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotni emizgan ayol keldi. Shunda u zot ridolarini yerga yozib, «Marhabo, onajon!» deb uni ridolarining ustiga o‘tirg‘izdilar».

Sharh: Demak, ayol faqat emizgan bo‘lsa ham, o‘sha emizgan onasining haqqi tuqqan onaning haqqidek bo‘lar ekan. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini emizgan ayolni «onam» deb ataganlari, kelganlarida o‘rinlaridan turib, hurmat-izzat qilganlari, o‘zlarining kiyimlarini, ridolarini yechib, to‘shab, o‘shaning ustiga o‘tirg‘izib, hurmat ko‘rsatganlari mana shunga dalil, hujjat bo‘ladi.

عَنْ حَجَّاجِ بْنِ حَجَّاجٍ، عَنْ أَبِيهِ قَالَ: سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَا يُذْهِبُ عَنِّي مَذَمَّةَ الرَّضَاعِ؟ قَالَ: «غُرَّةُ عَبْدٍ أَوْ أَمَةٍ».

Hajjoj ibn Hajjoj otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Mendan emizganlik haqqi(ni ado etmaganlik) mazammatini nima ketkazadi?» deb so‘rashdi.

«Bir qul yoki cho‘ri ozod qilish», dedilar.

Sharh: Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Meni birov emizgan. Uning emizganlik haqqini ado eta olmaganman. Bu nuqsonning yomonligini nima ketkazadi? Nima qilsam, bu gunohni yuvaman, ya’ni meni emizgan shaxsning haqqini ado qilaman?» deb so‘rabdi.

Rasululloh alayhissalom bu savolga: «Bitta qul yoki cho‘ri ozod qilib», deb javob beribdilar.

Demak, emizgan ayollarning haqqi yuqori darajada, oliy bir maqomda bo‘lar ekan.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Maqolalar