Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kim tilini musulmonlarning obro‘sini to‘kishdan, ayblarini gapirishdan tiymasa Alloh taolo u kishini vafoti vaqtida tiliga shahodat kalimasi kelishidan to‘sib qo‘yadi.
Qur’oni karimda ikkita sura bor, ikkisi ham "vayl" kalimasi bilan boshlangan:
وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ
"Vayl (voy) bo‘lsin, o‘lchovdan urib qoluvchilarga" (Mutoffifun surasi, 1-oyat).
وَيْلٌ لِّكُلِّ هُمَزَةٍ لُّمَزَةٍ
"Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga «vayl» bo‘lsin" (Humaza surasi, 1-oyat).
Birinchi sura odamlarning moliga tajovuz qilganlar, ikkinchisi odamlarning obro‘lariga tajovuz qilganlarga do‘zax bo‘lishi haqidadir.
Bas, bu ikki amalga yaqinlashmang.
Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.
Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:
– Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);
– Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).
Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.
Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.
Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.