Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kim tilini musulmonlarning obro‘sini to‘kishdan, ayblarini gapirishdan tiymasa Alloh taolo u kishini vafoti vaqtida tiliga shahodat kalimasi kelishidan to‘sib qo‘yadi.
Qur’oni karimda ikkita sura bor, ikkisi ham "vayl" kalimasi bilan boshlangan:
وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ
"Vayl (voy) bo‘lsin, o‘lchovdan urib qoluvchilarga" (Mutoffifun surasi, 1-oyat).
وَيْلٌ لِّكُلِّ هُمَزَةٍ لُّمَزَةٍ
"Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga «vayl» bo‘lsin" (Humaza surasi, 1-oyat).
Birinchi sura odamlarning moliga tajovuz qilganlar, ikkinchisi odamlarning obro‘lariga tajovuz qilganlarga do‘zax bo‘lishi haqidadir.
Bas, bu ikki amalga yaqinlashmang.
اللهم صلي وسلم على نبينا محمد وعلى آله وصحبه أجمعين
Shayx ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytadilar: “Kimki ko‘p nafl ro‘za tuta olmasa va nafl namozlarni o‘qiy olmasa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytishi lozim.
Agar inson umr bo‘yi qilgan ibodati bilan Alloh taoloning bir marotaba salavot aytgani tenglashtirilsa, Alloh taoloning salavoti og‘ir keladi. Chunki banda o‘z darajasida ibodat qiladi, Alloh taolo esa O‘zining buyukligiga munosib salavot aytadi. Endi U Zot banda uchun o‘n marta salavot aytsa qanday bo‘ladi?!”.
Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim menga bir marta salavot aytsa Alloh unga o‘n marta salavot aytadi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taoloning bandalariga aytgan salavoti Uning rahmatidir.
اللهم صلي وسلم على نبينا محمد وعلى آله وصحبه أجمعين
Davron NURMUHAMMAD