Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Uyqudan uyg‘onishdagi sunnatlar

16.10.2024   3726   6 min.
Uyqudan uyg‘onishdagi sunnatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rasulullohning  ﷺ olamlarga rahmat ekani bir jihatdan u zotning har bir ishlarida insoniyat uchun ulkan foyda borligini anglatadi. Ibrat nazari bilan boqajak odam Islom ummati vakili bo‘lsa, u uchun Rasululloh ﷺ tamomila o‘rnak bo‘ladi. Zero, iymonning taqazosi ham shu!

Rasullullohni  o‘zi uchun yuksak namuna deya bu gapini iymon bilan tasdiq etgan kishi uchun u zotning uyqudan uyg‘onishlaridan tortib barcha kunlik ishlarida ham buyuk hikmat bo‘ladi. Rasulullohning  fe’llari shar’an e’tiborli ekanidan shariatda unga alohida sunnat degan hukm joriy bo‘ldi. To‘g‘ri, biz kunlik takrorlanadigan ishlarni ba’zida sunnat yoki mustahab ekanini bilmagan holda yo unutib qilishimiz mumkin. Ayni vaqtda bu ishlarni foydali deb hisoblagani uchun qiladigan kishilar ham yo‘q emas. Aslini olganda musulmon qanday yo‘l tutishi kerak?! Qanday niyat qilsa, amaliga ajr oladi?! Bu ikki savolga beriladigan yagona javob: Alloh va Rasuliga iymon keltirgan mo‘min Rasulullohga iqtido qilishi zarur. Chunki bu Allohga bo‘lgan muhabbatning sharti hamda najot kalitidir. Rasulullohga ﷺ iqtido qilish zamon va makon tanlamaydi. U zot vafot etgan bo‘lsalar ham Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga amal qilish, sunnatlariga astoydil ergashish orqali iqtido ma’nosi yuzaga chiqaveradi.

Odatda, odam kunini uyqudan uyg‘onish bilan boshlaydi. Turgan zahoti yuzni yuvib, og‘izni chayib va shu kabi boshqa ishlarni el qatori bajarish ham mumkin. Lekin! Keling, Islom atalmish sharafli bayroq ostida turgan shaxs sifatida fikr yuritib ko‘ramiz: shu vaqtda Rasululloh ﷺ nimalar qilgan ekanlar:

  1. Uyqu dangasaligi va uyqu asoratini qo‘l bilan yuyuzdan artmoq

Bu orqali uyquning ta’sirini ketkazishni niyat qilardilar

Imom Navaviy va ibn Hajar rohimahulloh buning sunnat ekaniga quyidagi hadisni keltirganlar:

«Rasululloh ﷺ uyg‘onib, o‘tirdilar va yuzlarini ishqalab uyquni artdilar». (Imom Muslim rivoyati).

Demak, bu jarayon uyqu ta’siri tezroq tarqalishiga yordam berar ekan.  Uyqudan uyg‘ongan odam qo‘li bilan yuzlarini artib, badanini ishqalasa, tananing faolligi ortib, yotoqdan turishi oson kechadi. Biz birinchi raqam ostida keltirganimiz mazkur hadis sirtdan uyqudan turgan odam qo‘lini uch marotaba yuvmasdan turib, idishga qo‘l urmasligi borasidagi hadis bilan o‘zaro ziddek ko‘rinadi. Ammo aslida unday xulosa qilishga shoshilmaslik zarur! Chunki mutaqaddim va mutaaxxir ulamolar idishga yuviqsiz qo‘lni solishdan qaytariq rivoyat qilingan hadisdagi nahyga amal qilmaslikka makruhi tanzihiy hukmini berganlar. Soddaroq qilib aytganda, uyqudan turgan kishining qo‘lida najosat bo‘lmasa, uning qo‘lidagi bir nav nopoklik najosat hisoblanmaydi. Shuning uchun ham uyqudan uyg‘ongan kishi birinchi hadisga amal qilib, yuz-ko‘zlarini ishqashining zarari yo‘q.

  1. Duo qilish. «Bizlarga ruhimizni olganidan keyin qayta hayot baxsh etgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Qayta tirilib borish uning huzurigadir» (Imom Buxoriy rivoyati).

Duo ibodat bo‘lib, banda Rabbisiga naqadar muhtoj, notavon ekanini izhor qiladi. Duo ba’zilar tushungani kabi faqat so‘rovlarni taqdim qilish emas. Bu jarayon talab deb ataladi. Unda na ruh bo‘ladi va na zorlanish. Duo esa ixlos, tazarru’, ojizlik izhori kabi muhim nuqtalarni o‘z ichiga qamrab olishi barobarida duo qilayotgan mo‘min kishi duosining qabul bo‘lishidan umidvor hamda rad etilishidan qo‘rqib. Uyqudan eson-omon turib olgan kishi ham, tavba qilish uchun berilgan yana bir imkoniyat, solih amallarni qo‘lga kiritish fursatini taqdim etgani uchun Rabbisiga har qancha hamd aytsa ham kam. Qanday duo qilishni esa Rasulullohning ﷺ sunnatlaridan o‘rganib olamiz:

  1. Misvok tutish. «Rasululloh tunda uyqudan turganlarida og‘izlarini misvok bilan tozalar edilar» (Muttafaqun alayh).

Inson uyqudan turgan payti og‘iz bo‘shlig‘idan nohush hid tarqalishi kuzatiladi. Bu esa odamning dilini hira qiladigan holatdir. Bu muammoga yechim o‘laroq shariatda misvok taklif qilinmoqda. Hozirgi kunda tish pastalaridan foydalanish ommalashdi. Biroq, bu misvakni qo‘yib, faqat tish pastalaridan foydalanish kerak jegani emas. Sababi misvok tabiiy vosita va uning tarkibida ko‘plab foydali kimyoviy moddalar borki, ularning hammasini inson qo‘li bilan bir o‘rinda jamlash imkoniz. Alloh taolo bandalariga rahmat zlaroq tabiat bag‘rida arok daraxtini yaratdi. Uning tomirlari misvok sifatida ishlatiladigan bo‘ldi. Rasulullohga ﷺ suyukli bo‘lgan amallar orasida mashhuri misvok ishlatishdir. Misvokning ahamiyati kamayib ketmasligi uchun undan muntazam foydalanib turishimiz hamda farzandlarimizni ham bunga odatlantirishimiz kerak. Shu tariqa ham sunnatga ergashgan ham sunnatning barhayotligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Bu ikkisi ham ulkan inoyatdir!

  1. Burunni qoqishU zot ﷺ aytadilar: «Sizlardan birortangiz uyqudan tursa, burnini uch marta qoqib tashlasin, zero shayton uning dimog‘i tunagan bo‘ladi» (Muttafaqun alayh).

Shayton qanday qilib insonning burnida tunab qolishini bilish, Odam bolasining toqati va aqli yetmaydigan masaladir. Rasululloh aytdilarmi, demak, mo‘min odam bu xabarni so‘zsiz qabul qiladi. Bu jihati tushunarli bo‘ldi. Endi boshqa bir tarafdan olib qaralsa, shaytonning dushman ekani Qur’on va hadisda kelgan. Uning ham o‘z lashkari bor. Biz ularni ko‘rmasak ham ularda bizni ko‘ra olish xususiyati mavjud. Hayotda dushmaningiz bo‘lsa, u nima qiladi? Payt poylaydi! Albatta, uyqu ham dushman uchun qulay fursat hisoblanadi. Demak, dushmanning bu safargi nayranggi bizning burnimizda tunashi ekan.

  1. Qo‘llarni uch marta yuvish. U zot ﷺ aytadilar: «Sizlardan biringiz uyqudan tursa, idishga qo‘l solmasdan qo‘llarini 3 marta yuvsin»

Bu hadisga doir mubohasani muxtasar tarzda yuqorida taqdim etdik.

Xulosa qilib aytish mumkinki, biz musulmon o‘laroq Rasulullohning  ﷺ sunnatlariga mukammal holda amal qiladigan bo‘lsak, U zotning itoblariga qolmay, aksincha najot topganlardan bo‘lamiz.

Zokir Alixon,
Toshkent islom instituti talabasi 

Boshqa maqolalar

Abu Mansur Moturidiy Qur’on haqida

30.04.2025   5225   6 min.
Abu Mansur Moturidiy Qur’on haqida

Qur’on faqat qiroat qilish uchun emas, balki uch maqsadda nozil bo‘lgan:

  1. Qur’onni Qiyomatgacha saqlash va uning boqiy qolishi hamda yo‘q va unut bo‘lib ketmasligi uchun.
  2. Oyatlardan eslatma olish, ulardagi hukmlarni anglash, Allohning bandalardagi haqlari va bandalarning bir-birlaridagi haqlarini tushunib olish uchun.
  3. Oyatlardagi ko‘rsatmalarga amal qilish, ulardagi va’zlardan nasihat olish, qaytariqlardan tiyilish va mo‘minlar Qur’onni o‘zlariga yo‘lboshchi qilib olishlari uchun”.

Imom Moturidiy rahimahulloh Qur’onning barakasiga musharraf bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligi haqida bunday yozadi: “Alloh taolo Qur’onni “muborak”, ya’ni barakali kitob deb nomlagan. Chunki Qur’onga ergashgan, uni mahkam ushlab, ko‘rsatmalariga amal qilgan banda odamlarning ko‘zlari va qalblarida muhtaram va sharafli insonga aylanadi. Baraka shudir! Inson baraka bilan barcha yaxshiliklarga ega bo‘ladi! Ziyodalashish va o‘sishda bardavom bo‘ladi! Buning uchun, albatta, Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni banda o‘zi uchun zararli va foydali narsalarni hamda bajarish va saqlanish lozim bo‘lgan ishlarni tanib olishi darkor”.

Ma’lumki, Qur’oni karim arab tilida bo‘lib, uning ma’nolarini tushunish va tadabbur qilishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida Imom Moturidiy rahimahulloh quyidagi ko‘rsatmalarni beradi: “Qur’onni tadabbur qilish hakim (donishmand) va ahli basar (olim)larning ishi bo‘lib, avom xalqning bunda nasibasi yo‘qdir. Avom xalq mazkur ikki toifa tushuntirib bergan narsalarga ershgashishlari va ularga iqtido qilishlari shartdir”.

“Qalbi bor odam, ya’ni taammul va tafakkur qilgan banda Qur’ondan ibrat oladi. Bu oyatlarda aql kinoya tarzda qalb deb nomlangan. Chunki olimlar aql borasida ixtilof qilganlar. Ba’zi olimlar qalb aqlning o‘rni desalar, ayrimlari aql boshda joylashgan, lekin uning nuri qalbga yetib boradi va qalb aql vositasida g‘aybiy narsalarni ko‘ra boshlaydi, deganlar. Shuning uchun ham ba’zi oyatlarda aql kinoya tarzda qalb deb atalgan. Zero, ikkisining orasida bog‘liqlik mavjud bo‘lib, bu tarzda ishlatilishi lug‘atda keng tarqalagan.

Shuningdek, va’z-nasihatni qalbi hozir bo‘lgan holda tinglaganlar ham Qur’ondan ibrat oladilar. Ilm hosil bo‘lishi va tushunishning asosiy ikki omili Qur’oni karimda o‘z isbotini topgan. Birinchisi tafakkur va tadabbur qilish orqali, ikkinchisi esa qalbi hozir bo‘lgan holda jon qulog‘i bilan tinglash natijasida hosil bo‘ladi. Kimda shu ikki hislat topilsa, aql – qalbi bilan yaxshi-yomonni ajrata oladi. Alloh bilguvchiroqdir!”

“Qo‘rqinch va azob haqidagi oyatlar tilovat qilinganda Allohdan qo‘rqadigan bandaning teri titrab ketadi, rahmat oyatlari o‘qilganda esa, qalbi va terilari muloyimlashadi. Allohdan qo‘rqadigan banda har qanday oyatni o‘qisa ham, badani titrab, qalbi taskin topadi”.

Imom Moturidiy rahimahulloh Qur’onni tinglab yig‘lash mo‘tadil holda bo‘lishi kerakligini quyidagicha ifodalaydi: “Qatoda rahimahulloh bu haqda bunday degan: “Iymoni mustahkam bandalarning badanlari titrab, ko‘zlari yig‘laydi va qalblari Qur’on bilan xotirjam bo‘ladi. Ammo bid’atchilarga o‘xshab, aqllaridan ozib, xushlarini yo‘qotmaydilar”.

Darhaqiqat, qasamki, bu ummatning orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, U zotning suhbati uchun Alloh tanlab olgan sahobalar va ularning shogirdlaridan-da bilimliroq kimsa yo‘q! Mazkur salafi solihlar Qur’on o‘qilganda aqldan mosuvo bo‘lib, bexush bo‘lishni bid’at sanaganlar”.

“Inson tanasiga turli ofat va kasalliklar xavf solgani kabi dinga ham ofat va zararli dardlar rahna solib, unga talofat yetkazish va uni halokatga duchor qilishga harakat qiladi. Alloh taolo tanamizni ofat va kasalliklardan saqlash uchun dori-darmonlarni yaratib qo‘ygan. Din ofati va illatlariga esa Qur’onni shifo qilib qo‘ygan! Shuning uchun ham Qur’on mazkur oyatda qalb – sadrlardagi kasalliklarga shifo va pand-nasihat deb zikr qilingan. Zero, Qur’on qotgan qalbni yumshatadi, qurigan ko‘zlarni yoshga to‘ldiradi va qorong‘u sadr – dilni nurga to‘ldiradi”.

“Qur’oni karim dunyoda shifo istaganlar uchun shifo va unga amal qilganlar uchun rahmatdir. Qur’ondan yuz o‘girgan va uni mensimaganlar uchun esa haqiqatni ko‘ra olmaslik, zarar va zulmatdir. Qur’onga ta’zim va hurmat nazari bilan qaraganlar esa shifo topadilar. Inson odatda ko‘z nuri va havodagi nurning birlashishi natijasida biror narsani ko‘ra oladi. Agar insonning ko‘zi ko‘r bo‘lsa, havodagi nur qanchalik yorqin bo‘lmasin, hech narsani ko‘ra olmaydi.

Shuningdek, ko‘z nuri qanchalik o‘tkir bo‘lmasin, havoni zulmat qoplagan bo‘lsa, inson hech narsani ko‘ra olmaydi. Huddi shu kabi, qalbida kufr, shubha va shikr bo‘lgan inson Qur’on nuri va uning shifosini ko‘ra olmaydi. Chunki qalbini zulmat qoplagan bo‘ladi. Qalbida imon nuri bo‘lgan mo‘min esa, Qur’onning nuri va shifosini ko‘rishga qodirdir. Dori-darmonlar ham shunga o‘xshaydi. Ular qanchalik foydali bo‘lmasin, inson tabiatiga mos kelmasa, shifo hosil bo‘lmaydi, aksincha, zarar bo‘ladi. Qur’on ham huddi shunday! U o‘zi shifo va rahmat bo‘lsa ham, qalbi kufr va shirk bilan kirlangan insonlarga shifo bo‘lmaydi, aksincha, xasrat-nadomat va zulmat bo‘ladi!”

“Qur’on din va inson joniga zararli bo‘lgan barcha kasallik va dardlarga shifodir”.

Imom Moturidiy rahimahulloh xushu’ bilan tilovat qilishni quyidagicha ta’riflaydi: “Xushu’ Allohdan qo‘rqish natijasida paydo bo‘lgan xavfning ta’siri bo‘lib, yuz va boshqa barcha a’zolarda zohir bo‘ladi. Shuning uchun ham ba’zi olimlar: “Namozdagi xushu’ namoz o‘qiyotgan banda o‘ng va chap tarafida turganlarni tanimasligidir. Chunki yonida turgan odamni tanish tilovat qilayotgan oyatni tushunishga xalal beradi”, deganlar.

Manba: Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilot Ahl as-sunna. – Bayrut: Muassasa ar-risala, 2004.