Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasulullohning ﷺ olamlarga rahmat ekani bir jihatdan u zotning har bir ishlarida insoniyat uchun ulkan foyda borligini anglatadi. Ibrat nazari bilan boqajak odam Islom ummati vakili bo‘lsa, u uchun Rasululloh ﷺ tamomila o‘rnak bo‘ladi. Zero, iymonning taqazosi ham shu!
Rasullullohni ﷺ o‘zi uchun yuksak namuna deya bu gapini iymon bilan tasdiq etgan kishi uchun u zotning uyqudan uyg‘onishlaridan tortib barcha kunlik ishlarida ham buyuk hikmat bo‘ladi. Rasulullohning ﷺ fe’llari shar’an e’tiborli ekanidan shariatda unga alohida sunnat degan hukm joriy bo‘ldi. To‘g‘ri, biz kunlik takrorlanadigan ishlarni ba’zida sunnat yoki mustahab ekanini bilmagan holda yo unutib qilishimiz mumkin. Ayni vaqtda bu ishlarni foydali deb hisoblagani uchun qiladigan kishilar ham yo‘q emas. Aslini olganda musulmon qanday yo‘l tutishi kerak?! Qanday niyat qilsa, amaliga ajr oladi?! Bu ikki savolga beriladigan yagona javob: Alloh va Rasuliga iymon keltirgan mo‘min Rasulullohga iqtido qilishi zarur. Chunki bu Allohga bo‘lgan muhabbatning sharti hamda najot kalitidir. Rasulullohga ﷺ iqtido qilish zamon va makon tanlamaydi. U zot vafot etgan bo‘lsalar ham Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga amal qilish, sunnatlariga astoydil ergashish orqali iqtido ma’nosi yuzaga chiqaveradi.
Odatda, odam kunini uyqudan uyg‘onish bilan boshlaydi. Turgan zahoti yuzni yuvib, og‘izni chayib va shu kabi boshqa ishlarni el qatori bajarish ham mumkin. Lekin! Keling, Islom atalmish sharafli bayroq ostida turgan shaxs sifatida fikr yuritib ko‘ramiz: shu vaqtda Rasululloh ﷺ nimalar qilgan ekanlar:
- Uyqu dangasaligi va uyqu asoratini qo‘l bilan yuyuzdan artmoq
Bu orqali uyquning ta’sirini ketkazishni niyat qilardilar
Imom Navaviy va ibn Hajar rohimahulloh buning sunnat ekaniga quyidagi hadisni keltirganlar:
«Rasululloh ﷺ uyg‘onib, o‘tirdilar va yuzlarini ishqalab uyquni artdilar». (Imom Muslim rivoyati).
Demak, bu jarayon uyqu ta’siri tezroq tarqalishiga yordam berar ekan. Uyqudan uyg‘ongan odam qo‘li bilan yuzlarini artib, badanini ishqalasa, tananing faolligi ortib, yotoqdan turishi oson kechadi. Biz birinchi raqam ostida keltirganimiz mazkur hadis sirtdan uyqudan turgan odam qo‘lini uch marotaba yuvmasdan turib, idishga qo‘l urmasligi borasidagi hadis bilan o‘zaro ziddek ko‘rinadi. Ammo aslida unday xulosa qilishga shoshilmaslik zarur! Chunki mutaqaddim va mutaaxxir ulamolar idishga yuviqsiz qo‘lni solishdan qaytariq rivoyat qilingan hadisdagi nahyga amal qilmaslikka makruhi tanzihiy hukmini berganlar. Soddaroq qilib aytganda, uyqudan turgan kishining qo‘lida najosat bo‘lmasa, uning qo‘lidagi bir nav nopoklik najosat hisoblanmaydi. Shuning uchun ham uyqudan uyg‘ongan kishi birinchi hadisga amal qilib, yuz-ko‘zlarini ishqashining zarari yo‘q.
- Duo qilish. «Bizlarga ruhimizni olganidan keyin qayta hayot baxsh etgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Qayta tirilib borish uning huzurigadir» (Imom Buxoriy rivoyati).
Duo ibodat bo‘lib, banda Rabbisiga naqadar muhtoj, notavon ekanini izhor qiladi. Duo ba’zilar tushungani kabi faqat so‘rovlarni taqdim qilish emas. Bu jarayon talab deb ataladi. Unda na ruh bo‘ladi va na zorlanish. Duo esa ixlos, tazarru’, ojizlik izhori kabi muhim nuqtalarni o‘z ichiga qamrab olishi barobarida duo qilayotgan mo‘min kishi duosining qabul bo‘lishidan umidvor hamda rad etilishidan qo‘rqib. Uyqudan eson-omon turib olgan kishi ham, tavba qilish uchun berilgan yana bir imkoniyat, solih amallarni qo‘lga kiritish fursatini taqdim etgani uchun Rabbisiga har qancha hamd aytsa ham kam. Qanday duo qilishni esa Rasulullohning ﷺ sunnatlaridan o‘rganib olamiz:
- Misvok tutish. «Rasululloh tunda uyqudan turganlarida og‘izlarini misvok bilan tozalar edilar» (Muttafaqun alayh).
Inson uyqudan turgan payti og‘iz bo‘shlig‘idan nohush hid tarqalishi kuzatiladi. Bu esa odamning dilini hira qiladigan holatdir. Bu muammoga yechim o‘laroq shariatda misvok taklif qilinmoqda. Hozirgi kunda tish pastalaridan foydalanish ommalashdi. Biroq, bu misvakni qo‘yib, faqat tish pastalaridan foydalanish kerak jegani emas. Sababi misvok tabiiy vosita va uning tarkibida ko‘plab foydali kimyoviy moddalar borki, ularning hammasini inson qo‘li bilan bir o‘rinda jamlash imkoniz. Alloh taolo bandalariga rahmat zlaroq tabiat bag‘rida arok daraxtini yaratdi. Uning tomirlari misvok sifatida ishlatiladigan bo‘ldi. Rasulullohga ﷺ suyukli bo‘lgan amallar orasida mashhuri misvok ishlatishdir. Misvokning ahamiyati kamayib ketmasligi uchun undan muntazam foydalanib turishimiz hamda farzandlarimizni ham bunga odatlantirishimiz kerak. Shu tariqa ham sunnatga ergashgan ham sunnatning barhayotligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Bu ikkisi ham ulkan inoyatdir!
- Burunni qoqish. U zot ﷺ aytadilar: «Sizlardan birortangiz uyqudan tursa, burnini uch marta qoqib tashlasin, zero shayton uning dimog‘i tunagan bo‘ladi» (Muttafaqun alayh).
Shayton qanday qilib insonning burnida tunab qolishini bilish, Odam bolasining toqati va aqli yetmaydigan masaladir. Rasululloh aytdilarmi, demak, mo‘min odam bu xabarni so‘zsiz qabul qiladi. Bu jihati tushunarli bo‘ldi. Endi boshqa bir tarafdan olib qaralsa, shaytonning dushman ekani Qur’on va hadisda kelgan. Uning ham o‘z lashkari bor. Biz ularni ko‘rmasak ham ularda bizni ko‘ra olish xususiyati mavjud. Hayotda dushmaningiz bo‘lsa, u nima qiladi? Payt poylaydi! Albatta, uyqu ham dushman uchun qulay fursat hisoblanadi. Demak, dushmanning bu safargi nayranggi bizning burnimizda tunashi ekan.
- Qo‘llarni uch marta yuvish. U zot ﷺ aytadilar: «Sizlardan biringiz uyqudan tursa, idishga qo‘l solmasdan qo‘llarini 3 marta yuvsin»
Bu hadisga doir mubohasani muxtasar tarzda yuqorida taqdim etdik.
Xulosa qilib aytish mumkinki, biz musulmon o‘laroq Rasulullohning ﷺ sunnatlariga mukammal holda amal qiladigan bo‘lsak, U zotning itoblariga qolmay, aksincha najot topganlardan bo‘lamiz.
Zokir Alixon,
Toshkent islom instituti talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi kunda ko‘plab musulmon yurtlarida jamiyat ichida tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri – takfir, ya’ni musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko‘payganligidir. Bu masala keyin paydo bo‘lgan masalalardan hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilgani hech kimga ma’lum emas. Bu mavzu juda nozik va o‘ta xatarli masala bo‘lib, mavzuni yaxshi anglash uchun avvalo kufrning ma’nosi va ta’rifini tushunib olish lozim.
Kufr tushunchasi va uning ta’rifi
“Kufr” imonning ziddi bo‘lib, u lug‘atda “berkitish” va “yopish” ma’nosini anglatadi. Ibn Foris shunday deydi: “Kufr – iymonning ziddidir. U haqiqatni yopish va berkitish ma’nosida ishlatiladi”. (Maqoyis al-lug‘a, 5/191). Ulamolar kufrni ta’riflashda turli iboralarni aytib o‘tganlar, jumladan Ibn Hazm rahimahulloh shunday deydi: “Kufr – Allohning Rob ekanligini inkor qilish, Qur’onda nubuvvati tasdiqlangan biror payg‘ambarning payg‘ambarligini inkor qilish yoki Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan, butun ummatning ittifoqi bilan sahih ekani ma’lum bo‘lgan narsani inkor qilishdir. Shuningdek, biror amalni bajarish kufr ekani dalillar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shu amalni bajarish ham kufr hisoblanadi” (Al-Fasl fil-milal val-ahvo van-nihal, 3/118).
“Al-Mavsuatul-Fiqhiya”da shunday deyilgan: "Shariatda kufr – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinidan ekani aniq va zaruriy ravishda ma’lum bo‘lgan narsani inkor etishdir. Masalan, Allohning borligini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarligini yoki zinoning haromligini inkor qilish shu jumladandir" (Al-Mavsuatul-Fiqhiya. 15/34)
Takfirning tarixiy ildizlari
Endi bu masalaning tarixiga nazar tashlasak, musulmonlarni kofirga chiqarishga birinchi bo‘lib jur’at qilganlar “xavorijlar” firqasi hisoblanadi. Ular “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofirga aylanadi”, “Yomon amal qilgan musulmon Islomdan chiqadi”, deb hisoblaganlar. Xo‘sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan “jahannam itlari” deb nomlangan, musulmonlarni kofirga chiqarib, ularning qonini halol sanaydigan bu toifa qayerdan kelib chiqqan? Bu borada Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh o‘zlarining “Talxis al-Xobir” asarlarida qisqacha to‘xatalib, shunday deganlar: Aslida xavorij so‘zi “xuruj”, ya’ni “qarshi chiqish” so‘zidan olingan bo‘lib, ular Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular avvaliga Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafida edilar va Hazrati Ali roziyallohu anhu bilan birga Jamal va Siffin janglarida ishtirok etishgan edi. Siffin jangining nihoyasida shom ahli mag‘lubiyat yaqinligini sezgach mus'haflarni nayzalarga ilib, qarshi tomonni Allohning kitobini orada hakam qilishga chaqirishni maslahat berishdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu avvaliga bu fikrni unchalik ma’qul ko‘rmadilar. Lekin U zotning safdoshlari orasida Allohning kitobini hakam qilishga rozi bo‘lganlar ko‘pchilik edi. Natijada, Hazrati Ali roziyallohu anhuning musulmonlar qonini to‘kmaslik haqidagi istaklari ustun kelib, hakamlikka rozi bo‘ldilar. Ammo xavorijlar keyinroq bu qarorni inkor qildilar va: “Hakamlikni qabul qilib, xato qilibmiz! Endi xatoni tuzatishimiz kerak! Allohning hukmidan boshqa hukm yo‘q! deb baqira boshladilar”. Ular Hazrati Ali roziyallohu anhu va hakamlikka rozi bo‘lganlarning barchasini kofir deb “fatvo” chiqardilar va faqat tavba qilib, ularga qo‘shilganlarni imonda qolgan deb hisobladilar. Hattoki bu gumrohlar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannat bashoratini eshitgan Hazrati Alidek zotga: “Sen o‘zingni kofir deb tan ol, so‘ngra tavba qil, ana shunda biz senga itoat qilamiz”, deyishgacha bordilar. Albatta, Ali roziyallohu anhu bunga rozi bo‘lmadilar. Shundan so‘ng xavorijlar U zotga qarshi chiqib, urush ochdilar (Talxis al-Xobir, 6/2709).
Bora-bora xavorijarning qiladigan ishi musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa bo‘lmay qoldi. Ularning bu ashaddiy mavqiflari qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Eng yomoni, aqida bobida keraksiz ixtiloflar avj oldi. Natijada aqida poydevori darz ketdi. Faqat Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari jasorati va ulkan mehnati evaziga bu darz qaytadan to‘g‘rilandi.
Takfirning xatarlari
Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Bu ishning juda nozik va o‘ta xatarli ekanini tushunish uchun quyida Qur’on va Sunnat hamda ulamolarimizning so‘zlaridan bir qancha dalillarni keltirib o‘tamiz. Alloh taolo aytadi:
يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا إِذَا ضَرَبْتُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَتَبَيَّنُوا وَلَا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلَامَ لَسْتَ مُؤْمِنًا
“Ey iymon keltirganlar! Alloh yo‘lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad rahimahulloh, hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: “Banu Salim qabilasidan bir odam bir guruh sahobaning oldidan qo‘ylarini boqib o‘tib qoldi va ularga salom berdi. Sahobalar: “Bizdan qo‘rqqanidan salom berdi, bo‘lmasa, bermas edi”, dedilar-da, uni o‘ldirib, qo‘ylarini Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga haydab bordilar. Shunda Alloh taolo: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”, oyatini nozil qildi. (Tafsir Ibn Kasir, 2/337). Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarni shoshqaloqlik bilan birovni imonsiz deb hukm qilishdan qaytarmoqda, Zero birovning qalbida imon bor yo‘qligini faqat Alloh taologina biladi. Shuning uchun har qanday shubha yoki taxmin asosida insonni mo‘minlikdan chiqarish, unga dushmanlarcha munosabatda bo‘lish mutlaqo noto‘g‘ri va haromdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham musulmonni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: «إِذَا كَفَّرَ الرَّجُلُ أَخَاهُ فَقَدْ بَاءَ بِها أَحَدُهُمَا.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi birodarini kofirga chiqarsa, albatta, ikkisidan biri kufrga duchor bo‘ladi”, dedilar (Sahihi Muslim, 123-hadis).
Ya’ni, kim, mo‘min birodarini kofir deyish mumkin, degan e’tiqodda kofir desa, o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki halolni harom deb bilish kufr bo‘ladi. Bu holatda kimningdir iymoniga, shahodatiga hamla qilib, uni kofirga chiqarmoqda. Natijada uning o‘zi kofir bo‘ladi. Ikkinchi fikr shuki: Birovni “Ey kofir”, deyish kishini kufrga olib boradi. Ya’ni bunday deyishda kofir bo‘lib qolish xavfi bor. Bu inson bugun kofir bo‘lmasa-da, bora-bora bir kun dindan chiqib qoladi (Sharhi Navaviy 2/50).
Shunday ekan, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini yaxshilab o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganar:
عَنْ أَنَسِ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «ثَلَاثٌ مِنْ أَصْل الْإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا الله ، وَلَا نُكَفِّرُهُ بذَنْبٍ، َلَا تُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلَامِ بِعَمَل
Uch narsa iymonning aslidir: “Laa ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Abu Dovud rivoyati 2532-hadis). Ya’ni kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. “Laa ilaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, nari borsa osiy mo‘min bo‘ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida mana shu!
Takfirga shoshilmaslik borasida ulamolarning so‘zlari
Ahli sunna val-jamoa ulamolari musulmonni kufrda ayblash masalasida nihoyatda ehtiyot bo‘lishga buyurganlar. Buyuk muhaddis va faqih Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh o‘zining Al-Aqida at-Tahoviya asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz” (Al-Aqida at-Tahoviya). Bu esa shuni anglatadiki, agar bir musulmon gunohga qo‘l urgani bilan uni halol deb bilmasa, u hanuz Islom doirasida qoladi. Zero, gunoh boshqa, kufr boshqa.
Mulla Ali Qoriy rahimahulloh ham bu borada mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym rahimahullohning so‘zlarini keltiradilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (Sharh ash-Shifa).
Bu so‘zlar musulmonni osonlikcha takfir qilish naqadar katta xatarlarga olib borishini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda. Islom shariatida kishining imonidan chiqishi faqat aniq va qat’iy dalillarga tayanishi lozim. Gumon yoki noto‘g‘ri talqin asosida birovni kofirga chiqarish jamiyatni ulkan fitna sari yetaklaydi. Shu bois, mo‘min kishi doimo o‘z birodari haqida yaxshi gumonda bo‘lishi lozimdir.
Bugungi kunda takfir muammosi
Yuqoridagi dalillar va tarixiy misollar takfir masalasining naqadar nozik va xatarli ekanini ta’kidlaydi. Afsusuki, bugungi kunda takfir masalasi yana dolzarb muammolardan biriga aylanib, ba’zi guruhlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrim ekstremistik harakatlar va radikal oqimlar musulmonlarni osongina kofirlikda ayblab, jamiyatda bo‘linish va fitnaga sabab bo‘lyapti. Ularning targ‘iboti natijasida yoshlar orasida mutaassiblik kuchayib, o‘zini haq, boshqalarni esa botil deb biladigan kayfiyat shakllanmoqda. Bu holatning asosiy sabablaridan biri – ilmsizlik, Qur’on va Sunnatni noto‘g‘ri tushunishdir. Ko‘pchilik mutaassib kishilar islomiy ilmlarni mustahkam o‘rganmasdan, ayrim shubhali manbalar yoki noto‘g‘ri targ‘ibotlar ta’sirida qolib, noto‘g‘ri qarashlar girdobiga tushib qolishmoqda.
Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Islom aqida bobida ham, ibodat bobida ham, o‘zini tutish bobida ham va boshqa boblarda ham mo‘tadillikka asoslangan. Bunday mo‘tadillikning chegarasini bilish uchun esa asosli ilmiy mezon kerak. Ana shu asosli mezonga ega bo‘lish uchun esa islomiy ilmlarning barchasini asl masdarlardan, yetuk va taqvodor ulamolardan to‘liq o‘rganish kerak. Bu narsalarga odob-axloq, hilm va bosiqlik hamda har bir narsani o‘z o‘rnida to‘g‘ri baholay bilish omillari qo‘shilgandagina, o‘ng yoki so‘lga burilib, halokat jari yoqasiga kelib qolish xavfining oldi olingan bo‘ladi.
So‘zimiz so‘ngida Robbimizdan so‘raymizki: Ey Robbimiz, bizni dunyo va oxiratda hidoyat topgan bandalaring qatoriga qo‘shgin! Bizni fitnalardan uzoq, haq yo‘lda sobit qilingan va Sening rizoyinga erishgan zotlardan qilgin. Amin!
Azimjon RIXSIBOYEV,
Toshkent Islom instituti talabasi.