Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mo‘minlar – Alloh taolo madh etgan bandalardir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o‘qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir. Aynan o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir. Ular uchun Parvardigorlari huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2-4 – oyatlar).
Mo‘min – gunohiga tavba qiluvchidir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey, mo‘minlar! Shoyad, najot topsangiz" (Nur surasi, 31-oyat).
Mo‘min – insonlarning eng ishonchli kishisi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir”, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar mollari va jonlarini ishonib topshiradigan kishi haqiqiy mo‘mindir”, deganlar.
Mo‘min – birodarining ko‘zgusi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Mo‘min mo‘minning orqasidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir”, deganlar.
Mo‘minlar jipslashgan imorat kabidirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”, deganlar.
Mo‘min – eng yaxshi do‘st.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi do‘st bo‘ladi va do‘st tutiladi”, deganlar.
Mo‘min – insonlarning eng g‘ayratlisi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi g‘ayratli-rashkli bo‘ladi”, deganlar.
Mo‘min – juda ziyrak va zakovatli inson.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi juda zakovatli, qobiliyatli, ziyrak va hushyordir”, deganlar.
Mo‘minning hech kimga og‘irligi tushmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haqiqiy mo‘min birovga og‘irligi tushmaydigan kishidir”, deganlar.
Mo‘min – insonlarning mushkulini yengil qiluvchi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarga aralashib yuradigan va ularning aziyatlariga sabr qiladigan mo‘min kishi, odamlarga aralashmaydigan va ularning aziyatlariga sabr qilmaydigan mo‘min kishidan afzalroqdir”, deganlar.
Davron NURMUHAMMAD