Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mo‘minlar – Alloh taolo madh etgan bandalardir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o‘qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir. Aynan o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir. Ular uchun Parvardigorlari huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2-4 – oyatlar).
Mo‘min – gunohiga tavba qiluvchidir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey, mo‘minlar! Shoyad, najot topsangiz" (Nur surasi, 31-oyat).
Mo‘min – insonlarning eng ishonchli kishisi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir”, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar mollari va jonlarini ishonib topshiradigan kishi haqiqiy mo‘mindir”, deganlar.
Mo‘min – birodarining ko‘zgusi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Mo‘min mo‘minning orqasidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir”, deganlar.
Mo‘minlar jipslashgan imorat kabidirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”, deganlar.
Mo‘min – eng yaxshi do‘st.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi do‘st bo‘ladi va do‘st tutiladi”, deganlar.
Mo‘min – insonlarning eng g‘ayratlisi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi g‘ayratli-rashkli bo‘ladi”, deganlar.
Mo‘min – juda ziyrak va zakovatli inson.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi juda zakovatli, qobiliyatli, ziyrak va hushyordir”, deganlar.
Mo‘minning hech kimga og‘irligi tushmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haqiqiy mo‘min birovga og‘irligi tushmaydigan kishidir”, deganlar.
Mo‘min – insonlarning mushkulini yengil qiluvchi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarga aralashib yuradigan va ularning aziyatlariga sabr qiladigan mo‘min kishi, odamlarga aralashmaydigan va ularning aziyatlariga sabr qilmaydigan mo‘min kishidan afzalroqdir”, deganlar.
Davron NURMUHAMMAD
Albatta, Qur’on tilovati eng afzal ibodatlardan bo‘lib, u bilan musulmon banda Robbiga yaqin bo‘ladi. Qur’on qiroati insonga manfaatli bo‘lib, xoh vafotidan keyin bo‘lsin, xoh manzilida yoki uyida bo‘lsin, xoh janozadan keyin yoki oldin bo‘lsin yoki qabr oldida bo‘lsin, bu narsa shar’iy hukmda joiz hisoblanadi va Allohning fazli bilan mayyitning qabrida azobdan yengillashishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar berib, vafot etgan kishilarga Qur’on qiroat qilishga undaganlar. Ul zot: «Biror mayyitga Yosin surasi o‘qilsa, yengillik bo‘ladi», deb aytganlar. Albatta, ushbu qiroatda tilovat odoblariga amal qilib, harflarni o‘z maxrajidan chiqarish kerak.
Hanafiy mazhabi ulamolari mayyitga ham, tiriklarga ham Qur’on qiroatining savobi yetib borishi joizligini aytishgan. «Hidoya», «Badoi’», «Bahr» va boshqa kitoblarda bu haqda aytilgan.
Shuningdek, shofe’iy mazhabi ulamolari ham agar o‘quvchi Allohdan so‘rasa, qiroatning savobi mayyitga yetib borishini aytishgan.
Ibn Abu Zayd «Risola» kitobida Ibn Farhundan rivoyat qilib aytishlaricha, molikiy mazhabi imomlari ham mayyitga qiroatning savobi yetishini naql qilishgan.
Hanbaliy mazhabi faqihlaridan Ibn Qudoma «Mug‘niy» kitobida: «Mayyit barcha qurbat bo‘luvchi narsalardan manfaat olganidek, Qur’on qiroatidan ham manfaat oladi. Demak, inson qanday qurbat qilsa ham, savobini mayyitga bag‘ishlasa, Allohning izni bilan manfaat oladi», degan.
Ibn Qudoma Ma’qal ibn Yasordan qilgan rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘liklaringizga Yosin surasini o‘qinglar”, deganlar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Qur’on tilovati mayyitga, xoh u mayyit qabrda bo‘lsin yoki undan uzoqda bo‘lsin, joizdir. Allohning izni bilan savobi mayyitga yetib boradi. Xususan, qori qiroatining savobini mayyitga bag‘ishlasa».
Ammo buning yagona sharti bor: qori (qiroat qiluvchi) xolisan lillah tilovat qilishi va har qanday tamadan xoli bo‘lishi kerak. Haq yoki boshqa bir manfaatlar evaziga xatmi Qur’on buyurishning va buyurtma asosida tilovat qilishning na o‘likka, na tirikka savobi bor.
Mavlid va bid’at haqidagi ixtilof
Ushbu sarlavhada zikr qilingan ikki mavzu – mavlid va bid’at hozirgacha tarqalgan ixtiloflarning eng ko‘zga ko‘ringanlaridan desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ahli sunna val jamoa aqiydaviy mazhabi va to‘rt mo‘taraf fiqhiy mazhablarga ergashuvchi musulmonlar ommasi qadimdan mavlid marosimini o‘tkazishga odatlanganlar. Ularning ichidagi tasavvuf ahllari bu ishga alohida ahamiyat bilan qaraydilar. Ammo ularning muxoliflariga bu ish yoqmaydi. Muxoliflar orasida mavlid marosimi va uni o‘ziga ep ko‘rgan mo‘min-musulmonlar haqida tanqid darajasidan o‘tib, takfir – kofir deb e’lon qilish darajasiga yetib qolganlar ham bor.
Muxoliflar mavlidni zalolatga eltuvchi bid’at sifatida baholashni juda ham yoqtiradilar. Ularning fikricha, Islomning avvalgi davrida bo‘lmagan narsaning barchasi bid’at, har bir bid’at zalolat va har bir zalolat do‘zahdadir.
Shu o‘rinda bu ikki masalani birga qo‘shib yuborishimizning sababi ham shu omilning e’tiboridan ekanini aytib qo‘yishimiz lozim. Musulmonlar orasida paydo bo‘layotgan savollarga tezroq javob berish maqsadida, hamma ham internetdan foydalana olmasligini hisobga olib, «Zikr ahlidan so‘rang» nomli nashrni tashkil qildik. Kichik hajmdagi, qirq sakkiz betdan iborat bu nashr ko‘pchilik qiziqib turgan savollarga zudlik bilan javob berib, kishilarga kerakli ma’lumotni yetkazish va ixtiloflarning oldini olishga xizmat qiladi, degan fikrda edik. Ittifoqo, ushbu nashrning ikkinchi soni rabi’ul avval – mavlid oyiga to‘g‘ri kelib qoldi. O‘shanda mavlid va unga oid ixtiloflarni bayon qilish jarayonida bid’at to‘g‘risida ham so‘z yuritishga to‘g‘ri kelib qoldi. Shuning uchun ham mazkur ikki mavzuni o‘z ichiga olgan maqolani yozishga to‘g‘ri keldi.
Alloh subhanahu va taolo «Zikr ahlidan so‘rang» silsilasiga ham, sizga taqdim qilinayotgan ushbu maqolaga ham katta muvaffaqiyat ato etdi. Musulmonlar ommasi bu kamtarona sa’y-harakatlarimizni juda yaxshi qabul qildi. Hozir ushbu satrlarni qoralayotgan paytimizda «Zikr ahlidan so‘rang» silsilasining yuzinchi soniga yaqinlashib kelmoqdamiz. Mavlid va bid’at haqidagi maqolani esa siz muhtaram o‘quvchilarimizga qaytadan taqdim etmoqdamiz. Alloh taoloning O‘zi yordamchimiz bo‘lsin va siroti mustaqimda sobitqadam qilsin! Omin!
Keyingi mavzular:
Mavlid haqidagi xiloq;
Mavlidga qarshi fikrlardan namuna.