Ota-onangiz haqqiga duo qiling.
“Ey, Robbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) mo‘minlarni mag‘firat qilgin!” (Ibrohim surasi, 41-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etgach amallari to‘xtaydi. Faqat unga uch narsadan savob yetib turadi: sadaqai joriya, foydali ilm, uning haqiga duo qiluvchi solih farzand” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sufyoni Savriy aytadi: “Mayyitlar duoga tiriklar taom, ichimlikka muhtoj bo‘lganlaridan ham ko‘ra muhtojroqdirlar”.
Ota-onangiz qabrini ziyorat qiling.
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onasi yoki ulardan birining qabrini har juma kuni ziyorat qilib, “Yosin” surasini tilovat qilib, uning savobini ularga bag‘ishlasa, suradagi har bir harf adadicha Alloh taolo ularning gunohlarini mag‘firat qiladi”, dedilar (Imom Daylamiy rivoyati).
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘liklaringizga “Yosin” surasini tilovat qiling”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Imom Navaviy rahmatullohi alayhi qabrni ziyorat qiluvchi Qur’oni karimni tilovat qilgandan so‘ng ushbu duoni o‘qishi lozimligini ta’kidlaydi: “Allohumma avsil savaba ma qara’tuhu ila “fulan” (Allohim, ushbu o‘qigan Qur’on tilovatidan hosil bo‘lgan savobni (mayyitning ismi zikr etiladi) ...ga yetkazgin).
Ibn Hojar Haytamiy rahimahulloh: “Mayyitning haqqiga Qur’oni karimdan tilovat qilib, uning savobini bag‘ishlash bilan birga, mayyit haqiga Allohning rahmat va mag‘firatini ham so‘rab duo qilish qabrlarni ziyorat etishdan ko‘zlangan asosiy maqsaddir”, degan.
Ota-onangiz haqqiga istig‘for ayting.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Mayyitning vafotidan keyin darajasi ko‘tarildi. Shunda u: “Yo Robbim! Bu nima?” dedi. “Bolang senga istig‘for aytdi”, deyildi.
Muhammad ibn Sirriyn aytadilar: “Kunlarning birida Abu Hurayra roziyallohu anhuni: “Allohim! Onamni va meni hamda onamga va menga istig‘for aytganlarni mag‘firat qilgin” deyayotganini ko‘rdik. Shundan beri Abu Hurayraning duosidan umidvor bo‘lib, unga va onasiga mag‘firat so‘raydigan bo‘ldik”.
Ota-onangiz nomidan sadaqa qiling.
Onamiz Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir odam kelib: “Yo Allohning Rasuli, onamning joni birdan chiqdi. Vasiyat qila olmadi. O‘ylaymanki, agar gapirsa, sadaqa qilar edi. Uning nomidan sadaqa qilsam, unga savobi yetadimi?” deb so‘radi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha”, dedilar (Imom Buxoriy, Imrm Muslim, Imom Nasoiy rivoyati).
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam bo‘ladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga suv ulashish”, dedilar. (Imom Nasoiy rivoyati).
Ota-onangiz do‘stlari va yaqinlarini hurmat qiling.
Abu Usayd roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir odam: “Yo Allohning Rasuli! Men uchun ota-onamga ular dunyodan o‘tgandan keyin qiladigan yaxshilik qoldimi?” deb so‘radi. “Ha! To‘rt xislat qoldi: Ularga duo qilish. Ularga istig‘for aytish. Ularning ahdiga vafo qilish. Ularning do‘stlarini va ularsiz silai rahm bo‘lmaydigan kishilarni ikrom qilish”, dedilar».
Alloh taolo barchamizga ota-onamiz tiriklik vaqtida ularga yaxshiliklarni qilib, roziliklarini topib, duolarini olishga tavfiq ato etsin. O‘tganlaridan keyingi haqlarini ham ixlos bilan ado etishga muyassar qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.