Vohamizga kelgan mehmonlar kunning ikkinchi yarmida dastlab Hakim Termiziy majmuasiga tashrif buyurib, uning maqbarasini ziyorat qilishdi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
Hakim Termiziy ziyoratgohida olib borilayotgan ulkan obodonchilik ishlari u zotning merosini o‘rganish bilan hamohang suratda ketayotgani, oxirgi yillarda O‘zbekistonda Hakim Termiziy merosini o‘rganish juda jadallashgani e’tirof etildi. Ayniqsa, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ochilishi bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘lgani ta’kidlab o‘tildi. Zero, Markazda alloma qalamiga mansub 10 dan ortiq asar arab tilidan o‘zbek tiliga o‘girildi va arab tilidagi xalqaro nashrlarni amalga oshirish ham yo‘lga qo‘yildi.
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati