– Yurtingizda tashkil etilgan “Islom tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi anjumanning barcha ishtirokchilarini tarixiy voqea bilan chin dildan qutlayman.
Olim sifatida yoshlarga, ushbu anjumanni kuzatib borgan sog‘lom fikrli kishilarga aytar so‘zim shuki, mutaassib fikrlarga ergashayotganlar bilib qo‘ysin, islom – ezgulik dini. U hech qachon qon to‘kishga, zo‘ravonlik qilishga undamaydi. Muqaddas islom nomidan amalga oshirilayotgan xunrezliklarning buyurtmachilari mo‘minlardan emas.
Islom ma’rifatini, uning insonparvarlik g‘oyalarini, bag‘rikenglik borasidagi tavsiyalarini o‘rganmoqchi bo‘lganlar, buzg‘unchi toifalarning yetakchilariga emas, sof tafsirga, Rasulimiz sallolohu alayhi vasallamning sunnatlariga tayangan holda saboq berayotgan, biror-bir yurtda fitnaga yoki ixtiloflarga sabab bo‘lmagan, hur fikrli olimlarimizning fikrlariga e’tibor qaratsinlar. Chunki, mutaassib fikrlarga qo‘shilishning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi. Kim dinda chuqur ketsa, u adashadi.
Alloh taolo O‘zining kalomi Qur’onning “Quraysh” surasida, Quraysh qabilasiga tinchlik, omonlik bergani va Islom dinining muhabbatga va salomatlikka chorlashi haqida xabar bergan.
Islom nomidan internet orqali tarqatilayotgan fitnalardan o‘z yurtingiz ulamolarining fatvolariga tayangan, oqilona pand-nasihatlaridan bahramand bo‘lgan holda yondashsangiz, omonda bo‘lasiz. Bugungi anjumanda ham, bundan keyin ham sog‘lom fikrli islom ulamolari internetdagi mutaassiblarning fikrlari xato va asossiz ekanini bot-bot takrorlaydi.
Jahondagi bir qancha mamlakatlarni katta tashvishlarga solayotgan bu fitnalarga kuch bilan emas, ma’rifiy yondashuv bilan yechim topishni taklif etgan O‘zbekiston Prezidentining barcha chaqiriqlarini biz olimlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, bu chaqiriq faqat islom ummati uchun emas, balki butun bashariyat uchun najot sadosidir.
N.Usmonova,
O‘zA