Cavol: Hojatdan keyin avratni suv bilan emas, nam salfetka bilan poklash mumkinmi? Buni uzoq masofaga katta yuk mashinalarda yuradigan do‘stim so‘ragan edi.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Najosat chiqqan joyidan atrofiga yoyilmagan bo‘lsa, qog‘oz, tosh kabi narsalar bilan tozalanish mumkin. Agar dirham (katta tanga) miqdoridan ko‘p yoyilgan bo‘lsa, suv kabi suyuqlik bilan poklash lozim bo‘ladi. Chunki bunday holatda badanga najosat tekkan hukmida bo‘lib, uni faqat yuvish bilan ketkaziladi.
ثم الاستنجاء بالأحجار إنما يجوز إذا اقتصرت النجاسة على موضع الحدث فأما إذا تعدت موضعها بأن جاوزت الشرج أجمعوا على أن ما جاوز موضع الشرج من النجاسة إذا كانت أكثر من قدر الدرهم يفترض غسلها بالماء ولا يكفيها الإزالة بالأحجار
“Tosh bilan istinjo qilishning o‘zi bilan kifoyalanish axlat yoki bavl chiqqan joyidan tashqariga yoyilmagan holatda joiz bo‘ladi. Agar axlat yoki bavl najosat o‘rnidan atrofiga dirham miqdoridan ko‘p yoyilsa, suv bilan yuvish farz bo‘ladi. Tosh bilan ketkazish kifoya qilmaydi” (“Fatovoi Olamgiriya” kitobi).
Suyuqlikdan boshqa barcha narsalar, hatto u nam narsa bo‘lsin, tosh bilan bir xil hukmda bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo aytadi: "Ularni (Allohning) O‘zi ularga tanitgan jannatga kiritur" (Muhammad surasi, 6-oyat).
Imom Tabariy rahimahulloh: "Jannat ahli jannatdagi uylarini tanib olishadi. Hatto bir kishi jannatda o‘z uyiga dunyodagi uyiga kelgani kabi borib oladi", dedi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi: "Ya’ni, ular jannatda o‘z manzillarini oson topadilar", dedi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh: "Bu oyat mo‘minlarga berilgan ulug‘ bir mujdadir. Chunki dunyoda ular sabr qildilar, iymonlarini mustahkam tutdilar. Endi jannatda o‘z makonlarini Allohning hidoyati bilan osongina topadilar. Bu Allohning ularga lutfidir", dedi.
Alloh taolo mo‘minlar va taqvodorlarni O‘zi ularga tavsiflab, ta’riflab bergan jannatga kiritadi. Bu jannat ular uchun avvaldan tayyorlangan va ular unda o‘z manzillarini xuddi dunyodagi uylarini bilgandek, osongina topadilar.