O‘zbekiston – O‘mon aloqalari turli sohalarda jadal rivojlanmoqda. Jumladan, Sultonlik yirik ulamolari ham mamlakatimizda o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro tadbirlarda doim faol.
Xususan, O‘mon parlamentining yuqori palatasi – Davlat Kengashi a’zosi, senator, Ijtimoiy va madaniy masalalar qo‘mita raisi, professor, doktor Muhammad bin Said bin Amar Al-Hajriy 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xivada bo‘lib o‘tgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etdi.
– Otamning katta kutubxonasi bo‘lib, bolaligim, asosan, o‘sha joyda o‘tgan. Rosti, kitoblarning aksariyati Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan ulamolar asarlari edi. Aqoid, fiqh, hadis va boshqa turli sohalarga oid manbalarning salmoqli qismi shu o‘lka olimlariga tegishli. Shu bois, bizning xalq mazkur hudud allomalarini yaxshi biladi, hurmat qiladi.
Qolaversa, bugungi konferensiyaga tashrif buyurgan mutaxassislarning bari aynan Movarounnahrdan olimlari bitiklarini o‘qib, voyaga yetgan, ilm sirlarini o‘rgangan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati