Butunjahon musulmon ulamolari uyushmasi raisi, Doxa dinlararo muloqot markazi raisi Shayx Ali Muhyiddin Qoradog‘iy quyidagi fikrlarni bildi:
– O‘zbekiston azaldan islomning qubbasi bo‘lib kelgan. Yurtingizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Xorazmiy, Ibn Sino kabi din va dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olimlar yetishib chiqqan.
O‘zbekistonga ezgu maqsad bilan, musulmon ummati uchun xayrli bo‘lgan xalqaro anjuman sabab kelib turganimdan juda mamnunman. Islom diniga, musulmon ummatiga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromi uchun Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga minnatdorlik bildiramiz.
O‘zbekistonda islom ma’rifatini, uning insonparvarlik mohiyatini, anglashga, bunday muhim g‘oyalarni yoshlarga anglatishga qaratilgan siyosatning qay darajada qat’iy davom etayotganiga mana shu anjuman yaqqol misol bo‘la oladi.
Bugungi O‘zbekiston o‘z islohotlari bilan jahon hamjamiyatida ulkan xayrixohlik uyg‘otmoqda. Uning sababchisi esa Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylaridir. U kishining bu harakatlari zamirida mamlakat farovonligi va xalq manfaatlari yotganiga hech kim shubha qilmaydi. Shu bilan birga, bu siyosat muqaddas islom dinini islomofobiyadan himoya qilishga ham qaratilgandir. Islom mudom yaxshi amallarni bajarishga chaqiradi. Bu chaqiriqqa labbay, deb javob berayotgan bu diyorni men juda yaxshi ko‘raman.