Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir qiz aytadi:
«Hayz kunlarida g‘alati mahzun, tushkun holatga tushardim. Go‘yoki hayotimdagi barcha yaxshiliklar birdan to‘xtab qolgandek. Namoz yo‘q, ro‘za yo‘q, hattoki Qur’onga qo‘l tekkizish ham yo‘q. Ana shu kunlarda boshqa kunlarga nisbatan shayton men bilan ko‘proq o‘ynashib, vasvasa qila boshlardi.
Behad qiyinchiliklardan keyin Alloh meni bir ajoyib ishga ilhomlantirdi. O‘zimga o‘zim dedim: «Modomiki hayz seni ba’zi ibodatlardan to‘sayotgan ekan, kel, qarab ko‘raylik-chi, hayz vaqtida ham qilish mumkin bo‘lgan ibodatlar bormikan?».
Qo‘limga qog‘oz-qalam olib, hayz holatida ham ado etish mumkin bo‘lgan ibodatlarni yoza boshladim. Ko‘ringki, bajarish joiz bo‘lgan ellikka yaqin ibodatlar bor ekan. Ularning boshida tasbeh, Allohni zikr qilish tursa, oxirida ro‘zadorlarga taom tayyorlab, ular oladigan savoblarga sherik bo‘lish turar edi. Shundan keyin hayz davrida paydo bo‘ladigan qayg‘ularim chekina boshladi. O‘zim yaxshi ko‘radigan ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘ldim. Shayton menga ta’sir qilishiga fursat qoldirmadim. Natijada birato‘la ham shaytonni, ham qayg‘ularimni yengganim uchun xursand edim. Bu g‘oyani boshqa dugonalarimga ham aytdim. Bu uslub ularga ham ma’qul kelib, sinab ko‘rishdi. Ular ham men kabi ko‘p yaxshiliklarga ega bo‘lishdi. Shuning uchun qizlarning hayz davridagi qayg‘ularini yengishga yordam beradigan mulohazalarni internetga joylashni rejalashtirdik. Bu mulohazalar bir-biridan ajoyib yuzlab g‘oyalar va hayz davrida ham qilish mumkin bo‘lgan jismoniy ishlarni o‘z ichiga olgan edi».
Yana bir qiz aytadi:
«Hayzga bog‘liq siqilishlar va muammolar borligini bilgan paytimda ana shu vaqt uchun xos jismoniy ishlar, xos taomlar, maxsus ichimliklar, maxsus uchrashuvlarni belgilab qo‘ydim, shuningdek, namoz, ro‘za va Qur’on tilovati o‘rniga ham maxsus ibodatlarni tayin qilib qo‘ydim. Shunday qilib, sadaqa qilish uchun, singilchamga biror yaxshi narsani o‘rgatish uchun ham vaqt ajrata oldim. Ana shu kunlarim uchun yaxshi kitoblar, hikoyalarni ham yig‘ib qo‘yadigan bo‘ldim. Shunday qilib, qayg‘uli kunlarim baxtli va shodon kunlarga o‘zgardi».
Yana bir qiz aytadi:
«Avvallari hayz paytida dush qabul qilishni noto‘g‘ri ish deb bilardim. Shuning uchun hayzli kunlarimda dush qabul qilishdan o‘zimni juda ehtiyot qilar, o‘sha kunlarni mutlaqo yuvinmay o‘tkazar edim. Shuning uchun o‘zimdan kelayotgan noxush hidni, hattoki o‘zimni ham yoqtirmasdim. Yuvinganimdan keyingina o‘zimni yaxshi his qila boshlardim. Hayz davrida yuvinish sog‘liq uchun foydali ekanini bilgunimcha necha yillar davomida qiynalib yurdim. Bu haqda bilganimda esa juda xursand bo‘lib, ehtiyotkorlik bilan sinab ko‘rdim, haqiqatda ham juda foydali ekan. Shunday qilib, hayz davrida ham g‘usl qilish ne’matidan foydalanadigan bo‘ldim».
Endi ushbu savolga javob bering:
Hayz davrida sizni nimalar ko‘proq bezovta qiladi? Ularni qanday qilib yengishingiz mumkin? Sizning hayz davrida qayg‘ularni yengish uchun g‘ayrat bilan qiladigan ishlaringiz bormi?
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Ana shunday qabullardan biri bugun, 22 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdilar. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatib faoliyati, haj va umra, oilaviy masalalar, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalarning aksariyati ijobiy hal etildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolardan ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati