Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Tilimiz faxrimiz bo‘lishi lozim

21.10.2024   5739   4 min.
Tilimiz  faxrimiz bo‘lishi lozim

21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni 

Haq taolo Odam farzandlariga eng buyuk ne’mat o‘laroq til berdi. Barcha mavjudotlar orasida inson ana shu tili va aqli orqali aziz va mukarram bo‘ldi. Bashariyat turli millat va elatlar qilindi. Ular esa asosan, til orqali farqlanadi. Har bir millatning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk boyligi  bu –  o‘sha  xalqning  tilidir.

O‘tgan asrlar davomida tilimiz juda ko‘p taraqqiyot va inqirozni boshdan kechirdi. Shukrki, istiqlol shabadalari esib, millat o‘z tili, dini va o‘zligiga qaytib, 1989 yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Afsuski, Qonun qabul qilinganiga 35 yil o‘tgan bo‘lsa-da, tilimiz sofligini asrash, uni rivojlantirish borasida biror yutuqqa erisha olganimiz yo‘q.

Tan olish kerakki, bugun xorijdan o‘zlashayotgan so‘zlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilish oddiy holga aylangan. Kundalik so‘zlashuvimizda ham qancha ajnabiy so‘zlardan foydalanimishimiz o‘zimizga ayon. Ko‘cha-ko‘ydagi turli banner va reklama hamda do‘konu turli savdo peshtaxtalaridagi nomlarniku aytmay qo‘ya qolay. Imlo xatolar bilan yozilgan e’lon va reklamalarning yillab to‘g‘rilanmasligidan og‘rinamiz ham. Ularni o‘z vaqtida ogohlantirish, tanbeh berishga esa istihola qilamiz. Bu e’tiborsizligimiz oqibatida tilimiz qadrsizlanadi.

Til me’yorlarsiz yashay olmaydi. Ammo bu me’yorlar ijtimoiy taraqqiyot bilan bog‘liq holda o‘zgarib, rivojlanib, takomillashib boradi. Jamiyatimiz taraqqiyot pillapoyalaridan ko‘tarilgan sayin ona tilimiz yangi so‘z va atamalar bilan boyib bormoqda. 1981 yili chop etilgan ikki jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da 60 ming so‘z izohlangan edi. 2006–2008 yillarda nashr qilingan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da esa 80 mingdan ortiq so‘z bor. Bu lug‘atlar orasida 20 ming so‘z farq qiladi. Bunga sabab shuki, yangi nashr birinchi lug‘atga kiritilmay qolgan so‘zlar va tilimizga yangi kirib kelgan so‘zlar hisobiga boyitilgan.

Axloqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan so‘z va iboralar bilan tilimizni bulg‘ash, lug‘atimizda tarjimasi bo‘la turib, boshqa tildan kirib kelgan so‘zlarni ishlatish ham muomala madaniyati qoidalariga ziddir. Ko‘chib kiruvchi so‘zlar to‘plami ayrim hollarda “internatsional so‘zlar” sifatida xas-po‘shlanadi. Bunga “biznes”, “market”, “mini”, “super”, “menejer”, “vip”, “lider”, “audio”, “video”, “aut”, “inter”, “servis” kabi bir qancha so‘zlar misol bo‘ladi. “Orgtexnika”, “kanselyariya” va bularga bog‘liq vositalar, jihozlar nomlanishi ham shundayligicha qabul qilingan. Ayniqsa, kompyuter sohasidagi iboralar xorijiy nomlari bilan atalishi davom etib kelmoqda (masalan: fayl, sayt, korzina, ssilka, giperssilka, snoska, domen, setevoye okrujeniye, slayd, spam, bulutus va hokazo). Biz bu so‘zlarning iloji boricha o‘zbekcha muqobilini topishimiz kerak va lozim. Agar bunga e’tibor qaratmasak, globallashuv davrida tilimiz o‘zga tilga “yutilib” ketmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Tilga qiyos berar ekan, bobokalonimiz Alisher Navoiy “Layli va Majnun” dostonida bunday degan:

Aytib sovumas taronasen sen,

Olib qurumas xizonasen sen.

Bu misralarning ma’nosi shuki, til ishlatgan sari va sarflagan sayin yanada boyib, sayqallanib boradigan ne’mat. Til – millatning tarixi, buguni hamda kelajagidir. Tilning eng asosiy manbai – so‘z. Biroq shu tilda so‘zlashuvchi xalq unga nisbatan e’tiborli va mas’uliyatli munosabatda bo‘lmasa, o‘z ona tili, lug‘ati so‘zga boy bo‘la turib, nutqida boshqa millat tilidan kirib kelgan so‘zlarni ishlatsa, mumtoz so‘zlar ma’nolari izohlanmasa, bora-bora bu til unutilishi, yo‘qolib ketishi hech gap emas. Taxminlarga ko‘ra, shu kungacha dunyoda  30 000 ga yaqin tillar yo‘q bo‘lib ketgan va yana bir qanchasi yo‘q bo‘lish arafasida.

Bir so‘z bilan aytganda, qayerda bo‘lmaylik ona tilimizga e’tibor  qaratishimiz lozim bo‘ladi.  Chunki til millat ko‘zgusidir. Unda xalqimizning asrlar silsilasidan, mustabidlik to‘fonlaridan sabr-matonat bilan bosib o‘tgan hayot yo‘li, madaniyati, tarixi, saviyasi, aql-zakovati aks etadi.

Shukur JABBOR

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   18289   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari