Agar qarzdor bo‘lsangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’lim bergan quyidagi duolarni ixlos ila qiling.
اللّٰهُمَّ إني أعُوذُ بِكَ مِنَ المأْثَمِ وَالمَغْرَم
Allohumma inniy a’uzu bika minal masami val mag‘rami
“Allohim! Sendan ma’siyatdan va qarzdorlikdan panoh so‘rayman”.
اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ الْهَمِّ وَالْحَزَنِ وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ الْعَجْزِ وَالْكَسَلِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ الْجُبْنِ وَالْبُخْلِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ غَلَبَةِ الدَّيْنِ، وَقَهْرِ الرِّجَالِ
Allohumma inniy a’uzu bika minal hammi val hazani va a’uzu bika minal ajzi val kasali va a’uzu bika minal jubni val buxli va a’uzu bika min g‘olabatid dayni va qohrir rijali
“Allohim! Sendan g‘am bosishidan, mahzunlikdan panoh so‘rayman. Ojizlikdan, dangasalikdan panoh so‘rayman. Qo‘rqoqlikdan, baxillikdan panoh so‘rayman. Qarzga botishdan va odamlarning qahridan panoh so‘rayman”.
اللهُمَّ اكْفِنِي بِحَلالِكَ عَنْ حَرامكْ وَأَغْنِني بِفَضْلِكَ عَمَّنْ سِواك
Allohumma ikfiniy bi halalika a’n haromik va ag‘niniy bi fazlika amman sivak
“Allohim! Menga haloling ila haromingdan kifoya qilgin. O‘z fazling ila meni o‘zingdan boshqalardan behojat qilgin”.
Alloh taolo duolaringizni ijobat etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi