Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, deydi. Haqiqatan ham xalqning milliy tili orqali, tilga bo‘lgan e’tibori orqali uning ma’naviyatini, tarixini anglash va tushunish mumkin. Til – millat ma’naviyatining ko‘zgusi. Boisi xalq ma’naviyatini anglash uning tilini o‘rganish orqali amalga oshiriladi.
Istiqlol yillarida o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi yanada oshdi. BMT, YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlar minbarlarida o‘zbek tilida ma’ruzalar o‘qilmoqda. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari oliy ta’lim muassasalarida esa o‘zbek tili kafedralari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, chet ellik olimlarning o‘zbek mumtoz adabiyoti, tarixi, san’ati kabi o‘nlab yo‘nalishlarda o‘zbek tilida ilmiy tadqiqotlari ishlarini muvaffaqiyatli olib borayotganliklari hammamizga cheksiz faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Qolaversa, keyingi yillarda Davlatimiz rahbarining e’tibori va tashabbusi bilan sport, san’at, ta’lim va tadbirkorlik sohalari rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarimiz xalqaro sport va fan olimpiadalarida, turli bellashuvlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqdalar. Shuning bilan birga ular ona tilimiz – o‘zbek tili obro‘si oshishiga ham hissa qo‘shmoqdalar.
Olimlarimiz hamda til bo‘yicha mutaxassislar ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etib, kishilarni ona tilimizning jozibasi va go‘zalligidan bahramand etib kelishmoqda. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” esa ana shu sa’y-harakatlar mahsuli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu nashr mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasi, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalar, shevalarda qo‘llaniladigan minglab so‘zlarni o‘zida mujassam etgan.
Albatta, ona tilimiz shu qadar boyki, uning xazinasidan istalgan so‘zning bir nechta sinonimlarini topish mumkin. Shuning uchun ham so‘z mulkining sultoni, o‘zbek tilining asoschisi hazrat Alisher Navoiy turkiy tilda “Xamsa” yaratib tilimizning teranligini jahonga namoyon etgan.
Bugungi avlod esa ajdodlarimizdan qolgan ana shu muqaddas meros – ona tilimizning qadriga yetib, uni asrab-avaylashlari lozim.
Bugungi kunda jahonda 7 mingga yaqin til mavjud bo‘lib, ularning bir qismi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Demak, har bir xalq va millat o‘z ona tilini himoya qila bilishi ham shart ekan.
Til – millatning ma’naviy boyligidir. Tillarning saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligini anglaydi va faxrlanib yashaydi.
Shaxnozaxon SODIQOVA
tayyorladi.
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati