Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Uyga kirganingizda bolalaringizga salom berib, peshonalaridan o‘ping. Bu ularda mehr va rahm-shafqat tuyg‘usini rivojlantirishga yordam beradi.
2. Ko‘cha-kuyda qo‘ni-qo‘shnilar, yo‘lda haydovchilar bilan faqat yaxshi muomalada bo‘ling. Farzandlaringiz hamma narsani diqqat bilan kuzatadilar. Eshitganlarini tezda o‘zlashtiradilar va keyin sizga taqlid qiladilar.
3. Ota-onangizga qo‘ng‘iroq qilganingizda, farzandlaringizni ham shunday qilishga undang. Ota-onangizni ziyorat qilganingizda, bolalaringizni o‘zingiz bilan olib boring. Ota-onangizga g‘amxo‘rlik qilayotganingizni qanchalik ko‘p ko‘rsalar, shunchalik ko‘p sizga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganadilar.
4. Mashinangizda farzandlaringizni maktabga yoki biror joyga olib borar ekansiz, ularga rivoyat, hikoyalar aytib bering.
5. Har kuni bitta qisqa hadis o‘qib berishga odatlaning. Bu ko‘p vaqt talab qilmaydi, lekin kuchli rishtalar va ajoyib xotiralar yaratishga katta ta’sir qiladi.
6. Sochingizni tarang, tishlaringizni yuving va kiyimlaringizni eng yaxshisini kiying, hatto uyda bo‘lsangiz va kun davomida ko‘chaga chiqmasangiz ham. Farzandlaringiz toza va ozoda bo‘lishning tashqariga chiqishga aloqasi yo‘qligini bilishlari kerak!
7. Farzandingizning har bir so‘zi yoki xatti-harakati uchun ayblamaslikka va tanbeh bermaslikka harakat qiling. Ba’zan e’tibor bermaslikni va ortga tashlashni o‘rganing. Bu ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi.
8. Bolalaringizning xonasiga kirishdan oldin ruxsat so‘rang. Bu orqali ular birovning xonasiga kirmoqchi bo‘lganlarida ham xuddi shunday qilishni o‘rganadilar.
9. Agar xato qilgan bo‘lsangiz, farzandlaringizdan kechirim so‘rang. Kechirim so‘rash ularni kamtar va muloyim bo‘lishga o‘rgatadi.
10. Ularning qarash yoki his-tuyg‘ularini masxara qilmang, hatto “hazillashayotgan bo‘lsangiz ham”. Bu ularga juda og‘ir botadi.
11. Farzandlaringizning shaxsiy hayotiga hurmat ko‘rsating. Bu ularning qadr-qimmati va o‘z-o‘zini qadrlashi uchun muhimdir.
12. Aytgan har bir gapingizni bittada tushunishlarini kutmang va buni talab ham qilmang. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hech qachon bunday qilmaganlar. Ammo sabrli va bardavom bo‘ling.
Muhtaram ota-onalar! Farzandingiz tarbiyasi uchun javob ekaningizni unutmang! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz cho‘ponsiz va har biringiz suruvga mas’ulsiz (javobgarsiz)”, deganlar.
Cho‘pon boqayotgan mollariga mas’ul bo‘lganidek, har bir oila boshlig‘i ahli oilasi uchun mas’ul va javobgardir.
Alloh taolo farzandlarimizni hidoyat yo‘lida sobitqadam qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.