Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446
Maqolalar

Guhari sharifroq yo‘q ondin...

21.10.2024   3165   2 min.
Guhari sharifroq yo‘q ondin...

21 oktyabr – O‘zbek tili kuni

Eng muqaddas, eng ezgu tushunchalarga “ona” so‘zini qo‘shamiz. Ona-Vatan, ona tabiat, ona tili, ona zamin, ona tuproq... Bular biz uchun aziz, borlig‘imizning ajralmas qismi, ta’bir joiz bo‘lsa, borligimizni ular orqali his etamiz. Beminnat va xolislik, g‘amxo‘r va hokisorlik, mehribon va sodiqlikda ularga teng keladigani yo‘q. Aslida ham millatning dunyoda mavjudligi, mavqei ana shu omillar bilan belgilanadi. Mamlakatimiz mustaqilligining muhim mezonlaridan, davlatimiz timsollaridan biri ham ona tilimizdir.

Ona tili — inson uchun ruhiy tayanch. Aynan u tufayli inson o‘zining ulug‘ ajdodlari, ular qoldirgan bebaho va boqiy meros, buyuk tarix bilan muloqot qila oladi. Har bir xalqning qalbu qiyofati, avvalo, uning tilida aks etadi. O‘lik tilga aylangan tillar qancha. Millatning loqaydligi, e’tiborsizligi tilni o‘ldiradi. Til, dil va el birligi mustahkam zanjir bo‘lsagina, tarqqiyot, bunyodkorlik, ma’naviy yuksalish ro‘y beradi.

Alisher Navoiy hazratlari “Tilga ixtiyorsiz, elga e’tiborsiz” deganida, xalq tiliga e’tiborsizlik uning o‘ziga bepisandlik belgisi ekanini nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas. U o‘zining “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy tilning, xususan, eski o‘zbek tilining boyligi, nafosati haqida qimmatli mulohazalarni bildirgan. U forsiy va turkiy tilni o‘zaro muqoyasa qilarkan, har ikkala tilni aslo kamsitmagan holda ularning o‘z o‘rni va boyligini, jozibasini aniq misollarda ifodalaydi. Ayniqsa, turkiy tilimizning ifoda imkoniyatlari benazir ekani, turli ma’no nozikliklarini tasvirlay olish imkoniyatlari kengligini isbotlab beradi. Xalq hayotida ona tilning qiymatini jonning jasaddagi o‘rniga monand ekanini ta’kidlaydi.

So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin,

So‘zki, berur xabar jong‘a jonondin,

Insonni judo ayladi hayvondin,

Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.

Shunday ekan, “gavhari sharif” — ona tilimizni buzishga, unga bepisand munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Afsuski, til birliklariga, so‘z va nutq hodisalariga munosabat har doim ham ko‘ngildagidek emas. Til sofligi uchun kurashmoq faqat shu soha mutaxassislarigagina daxldor emas, ona tilida fikrlab, shu tilda so‘zlashadigan har bir shaxsning burchidir.

Mansur O‘ROLOV,

Sergeli tumani “No‘g‘ayqo‘rg‘on” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil qilish bo‘yicha TMirobod tumanida o‘tkazilgan amaliy tadbir

22.01.2025   1291   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

VIDEO