Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446
Maqolalar

Alloh sizni mukofotlasin onam

21.10.2024   3403   5 min.
Alloh sizni mukofotlasin onam

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنِ ابْنِ عَوْنٍ قَالَ: دَخَلَ دَاخِلٌ عَلَى مُحَمَّدِ بْنِ سِيرِينَ، وَهُوَ عِنْدَ أُمِّهِ، فَقَالَ: مَا شَأْنُ مُحَمَّدٍ، أَيَشْتَكِي شَيْئًا؟ قَالُوا: لَا، وَلَكِنْ هَكَذَا يَكُونُ إِذَا كَانَ عِنْدَ أُمِّهِ.

Ibn Avndan rivoyat qilinadi:

«Muhammad ibn Siriynning oldiga bir odam kirdi. U onasining oldida turgan edi. Haligi kishi: «Muhammadga nima bo‘lgan, kasal bo‘lib qoldimi?» dedi.

«Yo‘q, onasining oldida turganida shunday bo‘ladi», deyishdi».

Sharh: Ya’ni biror-bir harakatim onamga yoqmay qolmasin, deya titrab-qaqshab, onasining ko‘ziga tikilib, nihoyatda o‘zini xokisor tutganidan, tashqarida turgan odam «Bu odam kasal shekilli», deydigan darajaga yetib qolar ekan.

Onaga bo‘lgan ehtirom, u kishiga ko‘rsatilgan hurmat ana shu darajada, butun vujud bilan berilgan holda ado etilgan. Uni bilmagan odam «Kasal bo‘lib qolibdi, hozir bunga bir narsa bo‘ladi», deydigan darajada qo‘rqib ketar ekan.

Muhammad ibn Siriyn mashhur tobe’inlardan. U kishi Ibn Siriyn nomi bilan mashhur, juda ilmli, butun Islom olamida dong taratgan ulug‘ tobe’inlardan bo‘ladilar. Ibn Siriyn onalarining oldilarida turganlarida bir odam kirib boribdi. U kishining holatini ko‘rib, qo‘rqib ketibdi. Qaytib chiqib: «Nima, Muhammad kasal bo‘lib qoldimi? Ahvoli chatoq-ku», deganida odamlar: «Yo‘q, kasal bo‘lgani yo‘q, onasining oldida turganida onaning ehtiromidan shunaqa holga tushib qoladi», deyishgan.

Imom Husayn ibn Hasan Marvaziyning biz o‘rganayotgan «Kitabul birri vas-sila» nomli kitobida juda nodir holatlar uchrayapti. Misol uchun, Muhammad ibn Siriynning aytib o‘tilgan holatlariga o‘xshash holatni boshqa kitoblarda ko‘rmaganmiz. Ya’ni onaning oldida turgan farzand haybatdan, u kishiga bo‘lgan muhabbatdan, u kishini norozi qilib qo‘ymayin, degan umid bilan o‘zini xokisor tutishidan yonida turgan odam: «Bu bechora kasal bo‘lib qolibdi-yu, og‘ir ahvolga tushib qolibdi-yu», deydigan darajada qaqshagan holda turishlari.

Onaning farzanddagi haqqi shu qadar ulug‘ki, salafi solih ulug‘larimizning, o‘zlari katta va mashhur olim, dunyoga dong‘i ketgan alloma bo‘lishlariga  qaramay, onalarini qanchalik hurmat qilib, ularning oldida o‘zlarini bu qadar xor tutishlaridan har bir musulmon o‘rnak olishi lozim bo‘ladi.

عَنْ دَاوُدَ بْنِ قَيْسٍ قَالَ: أَخْبَرَنِي رَجُلٌ أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ كَانَ إِذَا غَدَا مِنْ مَنْزِلِهِ لَبِسَ ثِيَابَهُ، ثُمَّ وَقَفَ عَلَى أُمِّهِ فَقَالَ: السَّلَامُ عَلَيْكُمْ يَا أُمَّتَاهْ وَرَحْمَةُ اللهِ وَبَرَكَاتُهُ، جَزَاكِ اللهُ عَنِّي خَيْرًا كَمَا رَبَّيْتِنِي صَغِيرًا. فَتَرُدُّ عَلَيْهِ: وَأَنْتَ يَا بُنَيَّ، فَجَزَاكَ اللهُ عَنِّي خَيْرًا كَمَا بَرَرْتَنِي كَبِيرَةً. ثُمَّ يَخْرُجُ فَإِذَا رَجَعَ قَالَ مِثْلَ ذَلِكَ.

Dovud ibn Qaysdan rivoyat qilinadi:

«Bir odam menga xabar berdi. Abu Hurayra ertalab uyidan chiqmoqchi bo‘lsa, kiyimlarini kiyib, onasining oldiga kelar, «Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh, onajon! Meni kichkinaligimda tarbiya qilganingiz uchun Alloh sizni yaxshi mukofotlasin!» der edi.

Onasi: «O‘g‘lim, keksayganimda menga yaxshilik qilganing uchun Alloh seni ham yaxshi mukofotlasin!» deb qaytarardi.

Keyin chiqar edi. Qaytganida ham o‘shanga o‘xshagan gapni aytardi».

Sharh: Mana, farzand bilan onaning orasida bo‘ladigan munosabatning namunaviy bir holati. Ulug‘ sahobiy, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning dorilfununlari bitiruvchisi Abu Hurayra roziyallohu anhu onani hurmat qilish bo‘yicha dunyodagi barcha farzandlarga numunaviy dars o‘tmoqdalar.

Ona uyda o‘tiradi. O‘g‘il turmush yumushlari bilan har kuni tashqariga chiqadi. O‘zi, onasi, oilasi uchun kasb qiladi. Ammo vafodor o‘g‘il bir zum ham volidasini esdan chiqarmaydi. Uydan chiqayotib, onasiga salom beradi, u kishining haqqiga go‘zal duo qiladi. Uyga kirayotib, onasiga salom beradi, u kishining haqqiga go‘zal duo qiladi. Har bir oila uchun ajoyib ziynat bo‘lishga arziydigan bu ish har kuni takrorlanadi.

O‘zini bilgan mo‘min-musulmon farzandlar Abu Hurayra roziyallohu anhuning bu ishlarini hozirgacha davom ettirib kelayotganlariga o‘zimiz guvohmiz. Dunyoda musulmonlarchalik onasini boshiga ko‘taradigan qavmni ko‘rganimiz yo‘q. Alloh bu savobli amalni qilishni barcha farzandlarga nasib etsin.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yaxshi hayotda yashayapsizmi?

22.01.2025   3643   1 min.
Yaxshi hayotda yashayapsizmi?

مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِّن ذَكَرٍ أَوْ أُنثَىٰ وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً

"Erkagu ayol, kim mo‘min holida yaxshi amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz(Nahl surasi, 97-oyat). 

Sa’id ibn Jubayr aytadi: “Yaxshi hayot Alloh seni birovga muhtoj qilmasligidir”.

Go‘zal hikmat. Yana bir narsa "Yaxshi hayot degani kasal bo‘lmay, kambag‘al bo‘lmay yashash degani emas. Mansabdor, el og‘zidagi odam bo‘lish, degani ham emas. Balki Alloh bitganiga rozi bo‘lib yashashda yashiringan. Allohning taqdiriga norozi bo‘lish ziq, tang, xor hayotdir. Alloh har ishga rozilik ne’matini sizga berdimi, farovon kunda shukr qilib, qiyin kunda sabr qilib yashayapsizmi, demak, Alloh sizni yaxshi hayotga qo‘yibdi".

Sharqoviy. "Qur’ondan maktublar".