2017 yildan buyon “Diyonat” tashkiloti va TRT tarmog‘i bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinayotgan “Qur’oni karimning eng go‘zal qiroati 2025” tanloviga ro‘yxatdan o‘tish bosqichi boshlandi. Bu haqda “IQNA” sayti “Diyanet Habe”ga tayanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, musobaqa faqat erkaklar o‘rtasida o‘tkaziladi va ishtirokchilar 15 yoshdan kichik bo‘lishi lozim. Ushbu musobaqalarda Turkiyadan va undan tashqaridagi Qur’on qorilari ishtirok etishi mumkin va ishtirokchilar yakka tartibda, juftlik yoki guruh bo‘lib ro‘yxatdan o‘tishlari ham mumkin.
Dastlab 2025 yil 15 yanvargacha www.trt1tilavet.com saytida anketa to‘ldiriladi. So‘ng ro‘yxatdan o‘tishni yakunlash uchun ishtirokchilardan so‘ralgan videoni WhatsApp orqali 2 kun ichida yuborishi talab qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati