Madinalik ansoriya ayollardan Ummu Sulaym roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib:
يا رسولَ اللهِ علِّمْني كلماتٍ أَدْعو بهِنَّ
“Yo Allohning Rasuli, menga shunday kalimalarni o‘rgatingki ular bilan duo qilay”, dedi.
U zot alayhissalom:
قال: تُسبِّحينَ اللهَ عَشْرًا وتَحمَدينَه عَشْرًا وتُكبِّرينَه عَشْرًا ثُم سَلي حاجَتَكِ
“O‘n marta tasbeh (“Subhanalloh”), o‘n marta tahmiyd (“Alhamdulillah”) va o‘n marta takbir (“Allohu akbar”) aytib, so‘ngra Allohdan hojatingni so‘raysan, Shunda Alloh taolo:
فإنَّه يقولُ: قد فعَلْتُ قد فعَلْتُ
“batahqiq amalga oshirdim”, “batahqiq amalga oshirdim”, deb aytadi”, dedilar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Ushbu hadisda sahobiya ayollarning ilmga rag‘bati, duo qilishdan oldin Allohni zikr qilish lozimligi, duoning ijobat bo‘lishi kabi bir qancha foydalar mujassam.
Qolaversa, boshqa hadislarda bir marta “Alhamdulillah” deb aytish qiyomat kuni amallar tarozisini, “Subhanalloh” va “Alhamdulillah” deyishning savobi esa, yer va osmon o‘rtasini to‘ldirishi bayon etilgan.
Davron NURMUHAMMAD
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).