Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447
Maqolalar

Xadicha onamizning Nabiy alayhissalom bilan turmush qurishlari

23.10.2024   5676   6 min.
Xadicha onamizning Nabiy alayhissalom bilan turmush qurishlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Xadicha roziyallohu anhoning ikkinchi eri vafot etganidan keyin beva qolgandi. Zodagon, go‘zal va badavlat bo‘lganlari uchun Quraysh zodagonlaridan ba’zilari unga uylanmoqchi bo‘lishdi. Negadir Xadicha roziyallohu anho barcha takliflarni rad etaverdilar. U kishi vaqti-soati kelib, yuragini zabt etadigan odamni topishiga ishonchi komil edi.

Bir kuni u hovlisiga katta bir quyosh tushganini, hovlining hamma tomonini ziyo va chiroyga to‘ldirganini, o‘sha yerdan turib hamma yoqqa ziyo sochayotganini tush ko‘rdi. Erta bilan Xadicha samoviy kitoblarni yaxshi biladigan amakivachchasi Varaqa ibn Navfalnikiga borib, ko‘rgan tushini boshdan-oyoq so‘zlab berdi.

Varaqa ibn Navfal amakisining qizini diqqat bilan tinglab bo‘lgach, viqor va sevinch bilan:

«Ey amakimning qizi, suyunchi ber! Agar Alloh tushingni o‘ngidan keltiradigan bo‘lsa, hovlingga nubuvvat ziyosi kiradigan bo‘libdi! U yerdan nabiylar xotamining fayzi jo‘sh uradigan bo‘libdi!» dedi.

O‘sha kundan boshlab u ko‘rgan tushining ta’sirida yashadi. Nabiylarning xotami va uning sifatlari bir lahzaga ham uning xayolidan ko‘tarilmas edi. U Alloh taolodan o‘sha tushining o‘ngidan kelishini so‘rar, o‘z hovlisidan nubuvvat ziyosi taralishini istardi.

Shu tariqa oradan haftalar, oylar, yillar o‘tdi.

Bir kuni Quraysh ayollarining Ka’ba atrofida to‘planib o‘tkazadigan bayramlarida qiziq bir voqea yuz berdi. Ayollar Ka’ba atrofida turganlarida bir kishi kelib: «Ey Kuraysh ayollari! Orangizdan payg‘ambar chiqadigan vaqt yaqinlashdi. Sizlardan kim unga to‘shak bo‘la olsa, o‘sha ishni qilsin!» dedi. Mushrika ayollar uni toshbo‘ron qilib, haqorat qila ketishdi.

Xadicha roziyallohu anho esa uning bu gaplarini yaxshi qabul qildi. Safardan qaytgach Maysara Payg‘ambarimiz sollalloxu alayhi vasallamda ko‘rgan ajoyib holatlarni so‘zlab bergani-da, Xadicha onamiz Varaqa ibn Navfalga aytib berdi. Shunda Varaqa: «Agar shu gaplar haq bo‘lsa, Muhammad ushbu ummatning payg‘ambaridir. Men shunday bo‘lishini bilar edim», dedi.

Xadicha xayolan o‘tmishga qaytdi. Muhammad sollalloxu alayhi vasallamning har jabhadagi go‘zalliklari haqida fikr yuritar ekan, beixtiyor yuragi hapqirib ketganini his qildi. Tijoratdan tashqari, ilm va hikmat egasi bo‘lgan Xadicha ayol sifatida o‘sha paytdan boshlab Muhammad Mustafo sollalloxu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rib qolgan va u zotga nisbatan sevgidan tashqari boshqa ruhiy halovatni ham his qilardi. U qirq yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, qalbida u zotga turmushga chiqish, sodiq umr yo‘ldosh bo‘lish, payg‘ambarliklarini yaqindan ko‘rish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi yuksak orzu va istaklar to‘lib-toshgan edi. Shu bilan Abu Tolibning yigirma besh yoshli jiyanining oldiga odam yuborib, dilidagilarni shu tarzda izhor etti: «Jamol, mol, sharaf va o‘z tengingga da’vat qilinsang, uylanasanmi?».

Qo‘lida puli bo‘lmagani uchun uylanishni xayoliga ham keltirmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xijolat bo‘lib, amakilari Abu Tolib bilan ushbu nikoh taklifini muhokama qildi. Uzoq vaqt davomida amakisi Abu Tolibning himoyasi ostida yashagan Muhammad sollallohu alayhi vasallam endi amakisiga ortiqcha yuk bo‘lishni istamas edi. Chunki uning ham moliyaviy ahvoli u qadar yaxshi emasdi. Jiyanini o‘ylagan Abu Tolib ikkala tomonning ham ushbu nikohga ijobiy fikrdaligini bilib, to‘yga tayyorgarlik ko‘rishga rozilik berdi.

Nikoh marosimining sanasi va joyini shaxsan Xadicha onamizning o‘zi belgiladi. Xadicha roziyallohu anhoning uyida bo‘lib o‘tgan nikoh marosimida Payg‘ambarimiz sollalloxu alayhi vasallamning deyarli barcha yaqinlari qatnashishdi. Kelin tarafdan esa Xadicha onamizning amakisi Amr ibn Asad, amakisining o‘g‘li Varaqa ibn Navfal va boshqa yaqinlari ishtirok etishdi.

Ziyofatlar berilgach, Abu Tolib o‘rnidan turib, nasl-nasabini qisqacha bayon qildi. Paygambarimiz sollalloxu alayhi vasallamning moddiy ahvolini Xadicha onamizning boyligi bilan solishtirib bo‘lmasligini, biroq u zotning fazilatlari hech qanday moddiy matoh bilan o‘lchab bo‘lmaydigan darajada yuqori ekanligini ham aytdi. So‘ng Abu Tolib Xadicha onamizga sovchiliklarini quyidagi jumlalar bilan bildirdi:

«Ukamning o‘g‘li Muhammad ibn Abdulloh qaysi odam bilan o‘lchovga qo‘yilsa, albatta, u yaxshilikda ham, fazlda ham, sharafda ham, aqlda ham va ulug‘likda ham boshqalardan ustun keladi. Agar moli oz bo‘lsa, mol soya kabi o‘tkinchi va to‘sguvchi narsadir, qaytarib olinadigan qarzdir.

Muhammadning qarobatini o‘zingiz yaxshi bilasiz. U Xadicha bintu Xuvaylidga sovchilik qildi. Unga mahr uchun mening molimdan o‘n ikki yarim uvqiya tilla berdi. Allohga qasamki, bundan so‘ng uning ishi bo‘lur va sha’ni buyuk bo‘lur».

So‘ngra Xadicha roziyallohu anhoning amakivachchasi Varaqa ibn Navfal o‘rnidan turib, quyidagilarni so‘zladi:

«Allohga hamdlar bo‘lsinki, bizni siz aytganingizdek yaratdi. Biz arablarning ulug‘lari va rahbarlarimiz. Sizlar u narsalarga ahlsizlar. Sizlarning fazlingizni biror urug‘ inkor etmaydi. Odamlardan birontasi sizlarning faxringiz va sharafingizni rad etmaydi. Biz sizlarning arqon va sharafingizga bog‘lanishga rag‘bat qildik. Ey Quraysh! Guvoh bo‘lingki, men Xadicha bintu Xuvaylidni Muhammad ibn Abdullohga to‘rt yuz dinor mahr ila nikohladim».

Shu tariqa Xadicha roziyallohu anho Muhammad sollallohu alayhi vasallamning birinchi zavjalari bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam amakilarining uyida bir necha kun yashaganlaridan so‘ng Xadicha roziyallohu anhoning uyiga ko‘chib o‘tdilar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Xadicha roziyallohu anho bilan qurgan turmushlarining ilk mevasi Qosim dunyoga keldi. Shu bois u zotga Abul Qosim kunyasi berilgan. Keyinroq Zaynab, Ruqayya, Fotima, Ummu Kulsum va payg‘ambar bo‘lganlaridan keyin Abdulloh (Tohir) tug‘ilgan. Ulardan Qosim va Abdulloh yoshligidayoq Makkada vafot etishgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhodan boshqa farzandlari u zotdan oldin vafot etishgan. Fotima roziyallohu anho ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan olti oy o‘tib, dunyoni tark etgan.

«Millioner sahobalar» kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   6873   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).