Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

Ikki buyuk imom uchrashuvi

23.10.2024   3454   11 min.
Ikki buyuk imom uchrashuvi

Ikki imom – Imom Molik (Madinada yashar edi) va Imom Abu Hanifa (Iroqda yashar edi) bir yili hajda uchrashib qolishdi. U ikki imom ikki madrasa (ikki mazhab) sohibi edilar. Imom Molik Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaytarganlari uchun masalalarga chuqur kirmas edilar. Imom Abu Hanifa esa o‘z shogirdlarini turli masalalar so‘rashga undar va ularni “Ra’y ahli” deb atar edilar.

Ikki imom uchrashganlarida, ular o‘rtasida 3 ta masala yuzasidan ajoyib bahs-munozara bo‘lib o‘tdi.

 

Birinchi masala

Dastlab ular sodir bo‘lmagan, ya’ni asli bo‘lmagan savol haqida bahslashdilar. Bo‘lmagan narsani so‘ramaslik va va xayoliy voqealarni o‘ylab topmaslik Imom Molikning nuqtayi nazari edi. Bundan maqsad odamlarni chalg‘itmaslik va ularning bahs-munozaralarga kirishib ketishishiga sabab bo‘lmaslik edi. Lekin voqelikda sodir bo‘lgan haqiqatlar haqida gaplashish mumkin. Bu borada u (Imom Molik) Alloh taoloning: «Sizdan (ey Muhammad!) hilollar (yangi oylar) haqida so‘raydilar. “Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir”, – deb ayting» (Baqara surasi, 189-)oyatiga tayangan edi.

Imom Molik aytadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu sodir bo‘lmagan narsa haqida so‘ragan kishini la’natlagan”, dedi va uning: “Bizni sodir bo‘lmagan narsa bilan mashg‘ul qilmang. O‘zimizning ishimizni qilaylik. Toki odamlar haqiqat bilan mashg‘ul bo‘lsin, biz vaqtimizni zeo qilmaylik”, degan so‘zini keltirdi.

Shundan kelib chiqib, Imom Molik o‘z mazhabiga asosi bo‘lmagan va u haqda gapirish tortishuvga sabab bo‘ladigan har qanday masaladan shar’iy jihatdan qaytarilganmiz, degan qoidani joriy qildi.

Rivoyat qilinishicha, bir kishi Imom Molikning oldiga kelib, undan: “Men yo‘lda ketayotib, bir o‘lik tovuqni ko‘rib qoldim va uning qornidan bosib o‘tdim. Uning tuxumi chiqdi. Men uni oldim. Tuxum qo‘limdan tushib ketib sindi va uning ichidan jo‘ja chiqdi. Men uni so‘yib yesam bo‘ladimi?” deb so‘radi.

Imom Molik undan: “Sen iroqlikmisan?” deb so‘radi. U: “Ha”, dedi. Imom Molik: “Bu Imom Abu Hanifaning ishidir”, dedi va: “Sodir bo‘lgan narsa haqida so‘ranglar. Foydasi yo‘q narsalar haqida so‘ramanglar”, dedi.

Yana rivoyat qilinishicha, bir kishi Imom Molikning oldiga kelib, undan: «Agar bir kishi boshqa kishiga: “Ey eshak” desa, unga nima qilish kerak (qanday chora ko‘rish kerak)?» deb so‘radi. Imom Molik: “Adabini berish uchun darra urish kerak”, dedi.

Haligi kishi: «Agar unga: “Ey ot” desa-chi?» deb so‘radi. Imom Molik: “Adabini berish uchun darra uriladi”, dedi va: “Sen iroqlik ekansan”, dedi.

Imom Abu Hanifaning fiqhi “taqdiriy fiqh”dir. Ya’ni masalalarni ixtiro qiladigan fiqh. Imom Abu Hanifaning fiqhida sodir bo‘lmagan (ehtimoliy) 60 ming masala bor.

Shu bois Imom Molik Abu Hanifaga: “Siz insonlarni bahsga tortasiz”, dedi. Imom Abu Hanifa unga: “Ey Molik. Bizda (Iroqda)gi ish sizlardagidek (Madinadagidek) emas. Ey Molik, Iroq xalifalik poytaxtidir. Har kuni yangi voqealar, masalalar sodir bo‘ladi. Sizlarning dunyoga ochilish imkoningiz yo‘q. Shu bois biz har doim sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan masalalarga fiqhiy javoblarimiz bilan tayyor turishimiz kerak.

Imom Molik: “Misol keltiring”, dedi.

Imom Abu Hanifa: «Men shogirdlarim bilan o‘tirib olib: “Bir ayolning eri safarda yo‘qolib qolsa, ayoli uni vafot etgan deb o‘ylab boshqa bir erkakka turmushga chiqsa, so‘ngra birinchi eri qaytib kelib qolsa”, degan masalada bahslashaman. Xo‘sh, shunday vaziyatda nima qilasiz?» dedi.

Imom Molik: “Sodir bo‘lmagan narsalar haqida (shogirdlaringiz)  so‘ramasin”, dedi.

Imom Abu Hanifa: “Ey Molik. Bizda, ya’ni Iroqda mujohidlar har kuni g‘azotga chiqadilar. Yuqoridagi kabi voqea sodir bo‘lishi, erkaklar yo‘qolib qolishi mumkin. Biz bu holatda nima bo‘lishini bilishimiz kerak”, dedi.

Imom Molik jim bo‘lib qoldi.

Imom Abu Hanifa dedi: «Siz Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan: “Bir kishi kelib u zotdan: “Yo Rasululloh. Bir kishi mening molimni tortib olsa (nima qilay?)” deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: “Berma!” dedilar. U: “Agar men bilan urishsa-chi?” dedi. U zot: “Sen ham u bilan urish”, dedilar. U: “Agar u meni o‘ldirsa-chi?” dedi. Nabiy alayhissalom: “Sen shahidsan”, dedilar. U: “Agar men uni o‘ldirsam-chi?” dedi. U zot: “U do‘zaxdadir”, dedilar” degan hadisni rivoyat qilmaganmisiz?».

Imom Abu Hanifa aytadi: “Bu (hadis) haqida qanday jim bo‘lishingiz mumkin. Vaholanki, Rasululloh to‘rt marta so‘raldilar, ey Molik, ko‘rdingizmi?”

Imom Molik Iom Abu Hanifaga dedi: “Lekin bunda foyda bor”.

Imom Abu Hanifa: “Bizda, Iroqda ham foyda bor”, dedi. 

 

Ikkinchi masala

Ikki imom ijmo haqida bahslashdi. Bir masala paydo bo‘lib, uning halol yoki haromligi to‘g‘risida Qur’oni karim va sunnatdan dalil bo‘lmasa, u musulmonlarning ijmosiga havola qilinadi.

Ikki imom o‘rtasida ixtilof paydo bo‘ldi. Imom Molik Madina ahli aytgan ijmoni olish tarafdori. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam sahobalar uchun shariat qilib berdilar va Madinada yashadilar. Shariat Madinada poyoniga yetdi. Nabiy alayhissalom vafot etdilar. Sahobalarni hamda  Rasululloh Madinada qilgan har bir ish haqida hikoya qiluvchi 9 nafar  ayollarini Madinada tark etdilar. Madinada Payg‘ambarimiz bilan birga yashagan o‘n ming sahoba bor edi. Shu bois Madina ahli nima desa, shuning o‘zi ijmodir.

Imom Molik aytar edi: “Sahobalardan bir yoki ikki kishi vafot etsa, uning nazdida go‘yo o‘n ming kishi vafot etgandek bo‘ladi”.

Rivoyat qilinishicha, bir kishi Imom Molikning oldiga kelib undan: “Ixtilof qilingan ishlar borasida nima qilay?” deb so‘radi. Imom Molik unga: “Madina ahlining ra’yidan javob qidir. Agar Madina ahlining ra’yidan javob topsang, unga shubha qilma. Chunki u haqiqatdir”, dedi.

Yana boshqa bir kishi kelib: “Ilmni qayerdan topsam bo‘ladi?” deb so‘radi. U: “Madinasan topasan. Chunki Qur’on Furotda nozil bo‘lmadi”, dedi.

Imom Abu Hanifa Imom Molikdan 13 yosh katta edi. Imom Abu Hanifa Imom Molikka dedi: “Ey Molik. Hazrati Umar davridagi fathlarda sahobalar turli diyorlarga tarqalib ketishdi. Siz esa Madinada o‘n ming sahobalar bor, deysiz. Sahobalarning soni qancha, ey Molik? Nabiy sollallohu alayhi va sallamning oxirgi g‘azotlarida sahobalarning soni 120 ming atrofida edi. Qolgan sahobalar qani?”

Imom Molik: “Boshqa diyorlarda”, dedi.

Imom Abu Hanifa unga: «Ey Molik. Hazrati Umarning sahobalarni turli diyorlar aholisiga ilm o‘rgatish uchun maxsus jo‘natganlarini inkor qilasizmi?  Yoki Nabiy alayhissalomning “Ummatim orasida halol va haromni eng yaxshi biluvchi Muoz ibn Jabaldir”, deb uni Yamanga jo‘natganlarini inkor qilasizmi? Yoxud Nabiy alayhissalomning: “Kim Qur’on o‘qishni xohlasa, u Ibn Mas’ud qiroatida o‘qisin”, deganlar. Umar ibn Xattob Ibn Mas’udni Iroqqa jo‘natganini ham inkor qilasizmi?».

«Ana ularni-chi, deb Imom Abu Hanifa Nabiy alayhissalom ilmni ulardan olishni vasiyat qilgan zotlarning ismlarini sanay boshladi: Ibn Mas’ud va Ali ibn Abu Tolib Iroqda; Muoz ibn Jabal Yamanda; Zubayr ibn Avvom va Sa’d ibn Abu Vaqqos Misrda; Abu Ubayda ibn Jarroh, Abu Dardo va Bilol ibn Raboh Shomda... Ularni inkor qilasizmi? Ular ilmsiz edilarmi? Umar roziyallohu anhu sahobalarni turli diyorlarga jo‘natganlari ulug‘ ish emasmi?

Madinada ko‘p sahobalar qoldi. Imom Abu Hanifa hadislarni ayta boshladi: “Ummatimning eng rahmlisi – Abu Bakr”; “Ular orasida halol-haroni yaxshi biluvchi Muoz ibn Jabal”; “Faroizni yaxshi biluvchi Zayd ibn Sobit”; “Qur’on bilimdoni Ibn Mas’ud”; “Bu ummatning eng ishonchlisi Abu Ubayda ibn Jarroh...” Ular turli diyorlarga ummat ilmini mukammal qilish uchun tarqaldilar-ku.

 

Uchinchi masala

Ra’y madrasasi va hadis madrasasi haqida.

Imom Abu Hanifa (ning mazhabi) kengayib boraverdi. (U) bir hadisdan yuzta foyda chiqarishi mumkin. Lekin Imom Molik bu ishni mubolag‘a va hadisga undan tashqari ma’noni yuklash, deb hisoblaydi. Nabiy alayhissalomga u zot aytmagan narsani ta’vil qilish, deb baholaydi.

Bunga Imom Abu Hanifa raddiya berib, deydi: “Ey Molik. Bizga, Iroqqa yana bir qur nazar tashlang. Biz Iroqda yashaymiz. Bizga Yunon, Rum va Fors falsafalari kirib keldi. Men insonlarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yo‘llarida sobit qolishlarni istayman. Shu bois men hadisdan ana u falsafalarga raddiyalar berish uchun choralar axtaraman. Siz esa Madinada yashaysiz, u yerda sahobalar va tobeinlar bor. Shu bois kengayishga (mazhabni kengaytirishga) muhtoj emassiz. Ammo Iroqda har bir hujumga qarshi mustahkam qo‘rg‘on bo‘lishim kerak. Shu bois men mazhabni keng olishim shart”.

 

Imom Molik Abu Hanifa bilan uchrashgandan keyin

Imom Molikdan: «“Imom Abu Hanifa bilan uchrashuv qanday bo‘ldi?” deb so‘rashdi.

U cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, yuzi va peshonasidagi terlarini arta turib bunday javob berdi:  “Abu Hanifa meni terga botirib qo‘ydi. Allohga qasamki, u chinakam faqih ekan. Allohga qasamki, bunga o‘xshash kishini ko‘rmaganman. Allohga qasamki, bir kishi sizga: “Mana bu ustun temirdan” desa, albatta, u sizlarni o‘z ra’yi bilan shu masalada qanoatlantiradi».

Imom Abu Hanifadan shu (ikkala imom uchrashuvi) haqda so‘rashganda, u kishi: “Yuzlab kishilar bilan munozara qildim. Haqni qabul qilishda Imom Molikchalik tez va shijoatli insonni ko‘rmadim. Allohga qasamki, unga mehrim oshdi”, deb javob berdi.

* * *

Molikiy mazhabi asoschisi, buyuk muhaddis va faqih Imom Molik rahimahulloh Imomi A’zam rahmatullohi alayh bilan uchrashib, u zotning hadislarini turli fitnalardan, falsafalardan himoya qilish g‘amida tutgan yo‘llariga qoyil qolib e’tirof etgani ayni haqiqatdir.

Bugun ham soxta salafiylar “Imomi A’zam hadis bilmaydi. U ra’yni Qur’on va sunnatdan ustun qo‘ygan”, degan da’volarni qilyaptilar. Vaholanki, Imomi A’zam rahmatullohi alayhning Islomga qilgan xizmatlari oldida butun ummat qarzdordir.

Shuni unutmasak bo‘lgani!

Abduqahhor domla YUNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Boshqa maqolalar

Ota-ona vafotidan so‘ng ularga qilinadigan 4 yaxshilik

21.01.2025   3967   8 min.
Ota-ona vafotidan so‘ng ularga qilinadigan 4 yaxshilik

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ أَبِي أُسَيْدٍ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلَّمَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ وَأَنَا عِنْدَهُ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أَبَوَايَ قَدْ هَلَكَا، فَهَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّهِمَا شَيْءٌ؟ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَعَم، أَرْبَعَةُ أَشْيَاءَ: الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عُهُودِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ رَحْمِهِمَا الَّتِي لَا رَحْمَ لَكَ إِلَّا مِنْ قِبَلِهِمَا»، فَقَالَ الرَّجُلُ: مَا أَكْبَرَ هَذَا أَوْ مَا أَطْيَبَهُ يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: «فَاعْمَلْ بِهِ».

Abu Usayddan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Banu Salama qabilasidan bir kishi kelib, gaplashdi. Men u zotning oldilarida edim. U: «Ey Allohning Rasuli, ota-onam o‘tib ketdilar. Zimmamda ularga yaxshilik qilishimdan biror narsa qoldimi?» dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Ha! To‘rt narsa qoldi: ularga duo qilishing, ularga istig‘for aytishing, ikkovlaridan keyin ularning va’dalarini bajarishing va ikkovlari tomonidan senga qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilishing», dedilar.

Shunda haligi odam: «Bu qanday ham ulug‘!» yoki «Qanday yaxshi, ey Allohning Rasuli!» dedi.

«Endi shunga amal qil!» dedilar».

Sharh: Aslida vafot etgan odamning bu dunyoda qilgan amallari asosida oxiratdagi maqomi belgilanadi. Uning zarracha yaxshiligi yoki yomonligi bo‘lsa ham hisobga olinadi. Ammo Alloh taolo Muhammad alayhissalom ummatiga rahm ko‘rsatib, ularning o‘limlaridan keyin ham ortlaridan savob yetib borishiga va ularning oxiratdagi maqom hamda darajalarining ortib borishiga yo‘l ochib qo‘ygan.

Ana shu yo‘llardan to‘rttasi ushbu hadisi sharifda ko‘rsatilmoqda.

Farzand ota-onasi tirikligida ularning xizmatini qilib, roziligini olib, yaxshiliklar qilib o‘tishga targ‘ib qilinadi. Lekin ota-ona vafot etganlaridan keyin ham, ushbu hadisda kelgan ta’limotga binoan, ularga to‘rt xil yaxshilik qilsa bo‘lar ekan.

1. Duo qilish.

Ota-onalarining haqqiga Alloh taolodan yaxshiliklar – jannat, xayr-barakalar so‘rab duo qilish farzandning o‘z ota-onasiga ularning vafotlaridan keyin ham qiladigan yaxshiliklaridandir. Bu duolar ota-onaga borib turadi, ularning a’moli xayrlariga qo‘shilib turadi. Bu bilan farzand ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.

2. Istig‘for aytish.

Ota-onasining gunohini kechishini Alloh taolodan so‘rab, istig‘for aytish. Farzand o‘tib ketgan ota-onasiga Alloh taolodan mag‘firat so‘rab tursa, ularga vafotlaridan keyin ham yaxshilik qilishda davom etgan bo‘ladi.

O‘tib ketgan ota-onasiga mag‘firat so‘raydiganlarning eng yaxshisi namozxonlardir. Namozxon har namozining oxirida, duo qabul bo‘ladigan bir maqomda, salom berishdan oldingi duosida ota-onasiga mag‘firat so‘raydi.

3. Ota-onaning va’dalarini bajarish.

Ota-ona kim bilandir ahd tuzgan bo‘lsa, bergan va’dasi bo‘lsa, majburiyatlari bo‘lsa – shularning hammasini o‘rniga qo‘yib, vasiyatlarini bajarish ham ota-onaning orqasidan qilinadigan yaxshiliklar qatoriga kirar ekan. Bu ishlar bilan ham farzand ularga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.

4. Ota-onaning do‘stlari, yaqin kishilari, qarindoshlariga yaxshilik qilish.

Shu yo‘l bilan ham farzand ota-onasiga ular o‘tib ketganlaridan keyin ham yaxshilik qilishi, orqalaridan savoblar yetkazib turishi mumkin ekan. Kim bu ishni muntazam qilsa, ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Musulmon farzand ota-onasiga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilish harakatida bo‘lishi.

2. Ota-onaga ularning o‘limidan keyin ham yaxshilik qilish mumkinligi.

3. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga duo qilib turishi lozimligi.

4. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga istig‘for aytib turishi kerakligi.

5. Farzand vafot etgan ota-onasining ahdiga vafo qilishi kerakligi.

6. Farzand vafot etgan ota-onasining do‘stlari, yaqinlari va qarindoshlariga yaxshilik qilib turishi kerakligi.

Bundan tushunib olamizki, ota-ona o‘tib ketsa ham, ularga yaxshilik qilishning eshiklari ochiqdir. Mana shu rivoyatda kelganidek, bolaning zimmasida ota-onaning yana to‘rtta haqqi qolar ekan. Ularni bajarish bolaning vazifasi ekan.

عَنْ هَمَّامٍ قَالَ: قُلْتُ لِكَعْبٍ: أَحْتَسِبُ عِنْدَ اللهِ مَا فَاتَنِي مِنْ بِرِّ الْوَالِدَيْنِ. قَالَ: لَمْ يَفُتْكَ بِرُّهُمَا، اسْتَغْفِرْ لَهُمَا، وَاجْعَلْ لَهُمَا حَظًّا مِنْ صَلَاتِكَ وَصِيَامِكَ وَصَدَقَتِكَ تَكُنْ مِنَ الْأَبْرَارِ، إِنْ شَاءَ اللهُ.

Hammamdan rivoyat qilinadi:

«Ka’bga: «Ota-onaga qilolmay qolgan yaxshiligim uchun ham Allohdan savob umid qilaman», dedim.

«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».

Sharh: Roviy Hammam o‘zini qiynab yurgan masalani Ka’bul Ahborga dilidan chiqarib bayon qildi: «Ota-onamga qilolmay qolgan yaxshiliklarim uchun Allohning O‘zidan sabr so‘rayman», dedi.

Mana shu gap uni doimo qiynar edi. Ota-onasi tirik chog‘ida ularga ko‘ngildagidek xizmat qila olmadi. Ular o‘tib ketganlaridan keyin qadrlarini tushunib yetdi. Endi afsus-nadomat chekmoqda. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, degani shu ekan-da. Ota-ona tirik chog‘ida, oldida turganlarida ularning qadrini tushunib yetmabdi. Dunyoning tashvishini qilibdi. Bolam-chaqam, debdi. Mana, endi afsus qilmoqda. Qani edi, hozir ota-onasi tirik bo‘lsalar-u, u kechayu kunduz ixlos bilan xizmatlarini qilib, duolarini olsa. Afsus, afsus! Endi iloji yo‘q. Ular qayta tirilib kelishmaydi. Hammam ularga yaxshilik qila olmaydi. Butun umri afsus bilan o‘tadi.

Ka’bul Ahbor kutilmaganda Hammaning xayolida yo‘q gapni aytib qoldi.

«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».

Ha, ota-onangga yaxshilik qilolmay qolganing yo‘q. Ular vafot etib ketgan bo‘lsalar, hozir ham ortlaridan yaxshilik qilsang bo‘laveradi. Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalariga mehribon Zot. U bizga ota-onalarimizga ularning o‘limidan keyin ham orqalaridan yaxshiliklarimiz yetib boradigan eshiklarni ochib qo‘ygan. Buning uchun sen ularning ikkovlariga istig‘for aytib tur. «Allohim, otamni mag‘firat qil, onamni mag‘firat qil, gunohlarini kechir», deb tur.

Ota-onangga namozingda duo qilib tur. Ro‘zangdan ham ularga nasiba ajrat. Savobini ularga bag‘ishla. Ularni yo‘qlab, sadaqa qilib tur. O‘sha sadaqaning savobini ularga bag‘ishla. Bu ishlaring ota-onangga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilganingdek bo‘ladi.

Demak, inson ota-onasining ortidan duo qilish, ularga istig‘for aytish, namozidan, ro‘zasidan, sadaqasidan hosil bo‘lgan savoblarni bag‘ishlab turish bilan ham ota-onalariga qiladigan yaxshiligini davom ettirishi mumkin ekan.

Farzandning ota-onasining o‘limidan keyin ularga yaxshilik qilishi ushbu ikki rivoyatda zikr qilingan narsalar bilan cheklanib qolmaydi. Balki bulardan boshqa ishlar bilan ham ota-onaga ularning vafotlaridan keyin yaxshilik qilish mumkin. Ana shunday ishlardan ba’zilari keyingi boblarda keladi.

  «Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.