frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Nima uchun uydan chiqishdan oldin ruxsat so‘rashim kerak?

23.10.2024   5404   1 min.
Nima uchun uydan chiqishdan oldin ruxsat so‘rashim kerak?

Mo‘mina ayol erining yoki otasining iznisiz uydan tashqariga chiqmaydi. Ammo bu shunchaki taqiq emas. Ayol kishi Alloh roziligi uchun, Unga osiy bo‘lishdan qo‘rqqani uchun ko‘chaga ruxsat so‘rab chiqadi. Faqihlar bu boradagi oyat-hadislarni o‘rganib chiqib, «Ayol kishining uydan ruxsatsiz chiqishi harom», deganlar. Demak, turmush qurgan yoki qurmaganligining farqi yo‘q.

Aqlli qiz ota-onasini qanday qilib ishontirishni, uydan chiqishga ruxsat so‘ragan paytda ularni qanday qilib xotirjam qilishni yaxshi biladi, chunki u tashqariga faqat yaxshi maqsadlar bilan chiqadi. Qarabsizki, Robbini ham, ota-onasini ham, o‘zini ham xursand qiladi.

O‘z holiga tashlab qo‘yilgan, rahbari, qarovchisi, himoyachisi yo‘q odam ko‘ngliga kelgan ishni qiladi, uning uyda yoki ko‘chada ekani bilan birovning ishi bo‘lmaydi. Farzandingiz nima uchun ko‘chaga sizdan ruxsat so‘rab chiqadi? Chunki siz uni yaxshi ko‘rasiz, uyda bo‘lmay qolsa yoki kechroq qolsa xavotir olasiz, unga javobgarsiz.

Demak, uydan ko‘chaga ruxsat so‘rab chiqish – yomon ko‘rgani, ishonmagani uchun, tergash uchun, kamsitish uchun joriy qilingan qoida emas ekan. Axir ikki harbiy zobitning yoniga oddiy askar kelib, murojaat qilmoqchi bo‘lsa, avval unvoni kattarog‘iga «Muhtaram mingboshi, o‘nboshiga murojaat qilishga ruxsat eting» deydi-ku. Yonida turgan odamga to‘g‘ri gapiraversa bo‘lar edi, ammo unvoni kattaroq harbiyning hurmatini saqlash uchun avval unga murojaat qilib, unvoni kichikroq harbiyga so‘zlash uchun ruxsat so‘raladi. Aytmoqchimizki, ko‘chaga ruxsat so‘rab chiqish – oilaning, uyning, erning hurmatini saqlashdir.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

28.08.2026   5881   1 min.
“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.

Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.

Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.

U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari