Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘n yettinchi chora:
Nafsni jazolash. Hazrati Ashraf Ali Tahanoviy rahmatullohi alayh shunday der edilar: «Badnazarlik uchun yigirma rakat nafl namoz o‘qish jazosini tayin qilib qo‘ysin. Bir-ikki kunda bu jazoga chiday olmay nafs chinqirib yuboradi va badnazarlikdan voz kechadi. Shayton ham shunday deydi: "Bu shaxs bitta badnazarlik uchun yigirma marta sajda qilyapti yana uning gunohlari yaxshiliklarga almashtirib qo‘yilmasin. Mening butun umr qilgan mehnatim zoye bo‘lib ketadi. Demak, uni badnazarlikka undamaslik lozim"».
O‘n sakkizinchi chora:
Ilohiy diydordan mahrum bo‘lishni o‘ylash.
Hadisi shariflardan ma’lumki, jannatiylarga Alloh taoloning diydori nasib bo‘ladi. Ba’zilarga bir marta, ba’zilarga har yili bo‘ladi, ba’zilarga har oy, kimgadir har juma kuni va ba’zilarga har kuni nasib bo‘ladi. Dunyoda ko‘r holida tug‘ilgan va solih taqvodor, sobir va shokir bo‘lib yashagan inson har vaqt Alloh taoloning diydoriga musharraf bo‘ladi. Alloh taolo: "Bu mening shunday bandamki, u dunyoda hech kimga muhabbat nazari ila boqmadi. Endi, u qachon xohlasa, Mening diydorimga erishsin", deydi. Ba’zi ulamolar yozganlarki, kim dunyoda Allohning roziligi uchun nomahramdan nazarini saqlasa, Alloh taolo jannatda har bir saqlangan nazarining evaziga O‘zining diydorini ato qiladi. Mo‘min kishi mana shu abadiy baxt haqida fikr qilsin, bir necha lahzalik badnazarlik sababidan Alloh taoloning diydoridan mahrum bo‘lish naqadar katta mahrumlik ekanini o‘ylasin. Ibn Qayyim rahmatullohi alayh bunday yozganlar: «Jannatda amallarning mukofoti aynan o‘zining jinsidan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, kim nomahramning yuzidan ko‘zini olib qochsa, unga Alloh taoloning diydori saodati nasib bo‘ladi. Mo‘min odam nomahramdan nazarini olib qochishi lozim. Toki, Alloh taoloning diydorini ko‘rishga haqli bo‘lsin».
O‘n to‘qqizinchi chora:
Onasi, singlisi va qizini tasavvur qilish.
Inson nafsi nomahram tarafga ochko‘z nazar ila qarashni istasa, darhol onasi, singlisi yoki qizini tasavvur qilsin va ular haqida mening ham onam bor, singlim bor, qizim bor, ularga ham kimdir qarayotgandir, deb o‘ylasin. Shu narsani o‘ylasa, xuddi olovga suv quygandek, nafs xohishlari ham barham topadi.
Yigirmanchi chora:
Durudi sharifni ko‘p aytish.
Hazrati Mavlono Qori Siddiq Baandaviy raxmatullohi alayhga bir kishi o‘zining holatini shunday tushuntirdi: «Hazrat! Men parishonman, vasvasa va nopok xayollar ko‘p keladi. Harom nazarga mubtaloman. Holatimni isloh qiling». Hazrat bunday javob yozdilar: «Har bir odam parishondir. Vasvasa va nopok xayollar kelib-ketishiga e’tibor qilma. Badnazarlikdan saqlanish qo‘lingdan keladi. Nazarni pastga qarat va ko‘p durudi sharif, ya’ni salavot ayt. Shunda undan saqlanish oson bo‘ladi, inshaAlloh».
«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi asosida tayyorlandi
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov