Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446
Maqolalar

Ikki yo‘l bor: dinni inkor qilish yo dinga ergashish

24.10.2024   3784   3 min.
Ikki yo‘l bor: dinni inkor qilish yo dinga ergashish

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Mustabid kommunistik tuzum dinga qarshi kurashib, millionlab odamlarning hayotini parokanda qilgani barchamizga ma’lum. Ammo dahshatli ahvolga tushib qolgach, noiloj dinga qaytishga, oilaviy hayotda, iqtisodiy turmushda ma’lum bir nizomlarga amal qilishga majbur bo‘ldi.

Oldimizda ikki yo‘l bor: yo dinni inkor qilish, yo dinga ergashish. Dinni inkor qilgan davlatlar qadimda ham bo‘lgan, hozir ham bor. Buning natijasida ular qanday qiyinchilik va muammolarga duch kelgani barchamizga ma’lum.

Shu bois dinga juda katta ehtiyoj bor. Allohga iymon keltirishdan, dinga e’tiqod qilishdan boshqa chora yo‘q! Insoniyat dinga nihoyatda muhtoj va undan hech qachon behojat bo‘lmaydi. Dinsiz jamiyatda, davlatda, oilada va shaxsda katta mashaqqatlar, ulkan muammolar yuzaga keladi.

Bunday muammolarning eng og‘iri – bugungi kunda musulmon ummatiga ixtilof, tafriqalar solinayotganidir. Mo‘min-musulmonlarni zimdan bir necha toifaga ajratib, shu tariqa ummatning birligiga raxna solinmoqda. Biz hozir bunday toifalarning ikki asosiy belgisini aytish bilan kifoyalanamiz. Bu – tahallul va tashadduddir, ya’ni o‘ta yengil olish va o‘ta qattiq olish. «Tahallul maktabi» dinni yengil sanab, unga yengil-yelpi amal qilishga chaqiradi.

«Tashaddud maktabi» esa o‘ta chuqur ketib, qattiq ushlashni, mutaassiblikni yoqlaydi. Demak, ularning biri dinda faqat oson yo‘lni, yengil yo‘lni tanlashga chaqirsa, boshqasi faqat qattiq turish tarafdori. Bu juda chuqur o‘ylangan usul, chunki odamlarning tabiati shunday: bir toifa yengillikni yoqtirsa, ikkinchisi qattiq turishni yoqlaydi. Ammo uchinchi yo‘l ham bor bo‘lib, bugungi kunda mana shu uch maktab, ya’ni uch yo‘nalish shakllangan. Hanafiy fiqhiga kirish aynan shuni o‘rganishdan boshlanadi.

Mazkur uch yo‘nalish yuqorida aytib o‘tilgan «tashaddud», ya’ni taassubona qattiq turib olish yo‘nalishi, «tahallul», ya’ni yengil-yelpi amalni yoqlash yo‘nalishi hamda bu ikki yo‘lning o‘rtasi – «tavassut», ya’ni mo‘tadillik yo‘nalishidir. Mazkur ikki yo‘nalish mustamlakachilik ta’sirida paydo bo‘lgan. Uchinchi, mo‘tadil maktab esa sof Islomni avloddan avlodga yetkazib kelayotgan maktabdir. Bu haq maktabdir, haqni gapiruvchi maktabdir. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: «Nega aynan shu maktab haq? Bundan boshqasi ham haq bo‘lishi mumkin-ku? Aynan shu maktab haqligiga dalilingiz bormi?» Biz Qur’onga iymon keltiramiz. Qur’onda «Zikrni Biz nozil qildik va uni O‘zimiz muhofaza qilamiz» degan oyat bor. Demak, Alloh taolo bu dinni O‘zi muhofaza qiladi. Kim bunga shubha qilsa, kofir bo‘ladi, Qur’onni yolg‘on degan bo‘ladi. Xo‘sh, Alloh taolo bu dinning saqlanib qolishiga qaysi yo‘lni sabab qildi?

«Sizlar insonlar uchun yaratilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz» degan oyatni eslang. Musulmonlarning 90 foizi Ahli sunna mazhabida ekan, «Mazhablar haq yo‘lda emas» desak, insoniyat uchun yaratilgan eng yaxshi ummat bo‘lmay qolamiz-ku! U holda holatimiz Qur’ondagi ushbu oyatga to‘g‘ri kelmay qoladi.

Ahli sunna sifatida, musulmon ummati sifatida insonlar uchun yaratilgan eng afzal ummat bo‘lmasak, unda bizning bu sifatimiz qayerda qoladi? Biz butun Islom tarixi davomida to‘rt fiqhiy mazhabga, ikki aqiydaviy mazhabga va tasavvuf mazhablariga ergashib keldik.

Shundan kelib chiqadiki, Ahli sunna haq yo‘l ekan. Alloh bu dinni mana shu fiqhiy mazhablar vositasida muhofaza qilib keldi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mehmondorchilikning 10 odobi

22.01.2025   399   10 min.
Mehmondorchilikning 10 odobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘z uyida yaqinlari, qo‘shnilari, yoru-do‘stlari yoki shulardan boshqa biror kishiga ziyofat bermaydigan inson bo‘lmasa kerak. Mehmondorchilik odoblari muqaddas dinimizda eng ahamiyatli islom odoblaridan hisoblanadi. Va dinimiz mehmondorchilikda har ikki taraf uchun, ya’ni mehmon va mezbon uchun lozim bo‘ladigan odoblarni shariatga kiritgan. Mehmon va mezbonga ziyofat o‘z samarasini berishi uchun, ushbu odoblarga rioya qilish lozim bo‘ladi. Biz avvalo, mezbonga taaluqli bo‘ladigan odob haqida so‘z yuritamiz.

Mezbonga taaluqli bo‘ladigan odoblardan birinchisi – yaxshi niyat qilish:

Ushbu odob, ziyofat sohibining o‘z yoru-do‘stlariga bergan ziyofatida, ularga bergan taomida va chiroyli kutib olishligida ajr olishni niyat qilish bilan bo‘ladi. Shuningdek, mehmon ham mezbonning chaqirig‘iga labbay deb, o‘z do‘stini ziyorat qilishda ajr olishni niyat qiladi. Natijada, ularning har biri ushbu qilgan amallariga ajr oladilar.

 Ikkinchi odob –  mehmonni chiroyli kutib olish:

Ziyofat sohibiga o‘z mehmonini tabassum, ochiq chehralilik, shuningdek, xursandchilik va xushxabar iboralari bilan kutib olishligi lozim bo‘ladi. Bu esa, ularning qalblarini xushnud qiladigan amallardan hisoblanadi. Ziyofat sohibi do‘stlari huzurida, ular o‘zlarini o‘z uylaridagidek his qilishlari uchun munosib joy hozirlamoqligi xam lozim bo‘ladi.

Zero, Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan qilingan rivoyatda: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Do‘stingni yuziga tabassum qilishing ham, sen uchun sadaqadur”, deb marhamat qilganlar.

Darhaqiqat, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining huzurlariga kelgan qavmlarni chiroyli kutib olardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam Abdul Qays qavmiga: “Marhabo! Xafaliksiz va nadomatsiz kelgan qavm, xush kelibsiz!”, der edilar. Termiziy rivoyati.

Shuningdek, Oisha (roziyallohu anho)dan qilingan rivoyatda: Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fotima (roziyallohu anho)ga “Marhabo! Xush kelibsiz! qizalog‘im” deb marhamat qilganlar. Buxoriy va Muslim rivoyati.

  Uchinchi odob – mehmonni munosib o‘ringa o‘tqizish:

Bu esa, xonadon sohibi o‘z mehmonlarini munosib bir makonga o‘tqazishligi mehmondorchilikning hurmatidir. Ana shunda, ular majlisda xotirjam o‘tiradilar. O‘sha joy mezbonning ahli baytlarini ochiq ko‘rsatib turadigan makon bo‘lmasligi yoki u yer mehmonga noxush hidlar keladigan va shunga o‘xshash noqulaylik keltiradigan joy bo‘lmasligi kerak. Va hokazo, ularni ifloslik bo‘lgan makonga yoki noloyiq bir shakldagi makonga o‘tqazmaslik lozim bo‘ladi. bu esa, mehmondorchilikning hurmati emas, albatta.

  To‘rtinchi odob – ziyofatning majburiyatlariga rioya qilish va mehmonni hurmat qilish:

Xonadon sohibiga mehmonning haqqini o‘z o‘rniga qo‘yishligi lozim bo‘ladi. Masalan, ichimlik, yegulik va shunga o‘xshash narsalar ila bo‘ladi. Va ana shu narsalarni kechiktirmasligi yoki sekin harakat qilib, mehmonni qaytib ketishlikka o‘ylantirib qo‘ymasligi lozim bo‘ladi. Qur’oni karim mana shu narsalarni bizlarga o‘rgatadi. Alloh taolo Ibrohim alayhissalom haqlarida bayon qilib, O‘zining so‘zida;

“24. (Ey Muhammad), sizga Ibrohimning izzat-ikromli mehmonlari haqidagi xabar keldimi? 25. O‘shanda ular (Ibrohimning) huzuriga kirib, «Salom», deyishgan edi, u ham: «Salom, (Bular) notanish qavm-ku?», dedi. 26-27. So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, «(Taomdan) yemaysizlarmi?» dedi. ”, degan.

“Zariyat surasining 24-27-oyatlari ”

Bu yerda ma’lum bo‘lishicha, Ibrohim alayhissalom mehmonlarni ogohlantirmasdan maxfiygina borib, ularga loyiq taomni tayyorlab, tezda uni ular o‘tirgan joyga keltirdilar. Bu esa, mehmonning haqlaridan hisoblanadi. Mehmonni hurmat qilishlik, Nabiy sollallohu alayhi vasallam buyurgan vojib ishlardandir. Dinimizda unga iymonning alomatlaridan deb, e’tibor beriladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”, deb marhamat qilganlar. Buxoriy va Muslim rivoyati.

Beshinchi odob – mehmoni uchun ortiqcha mashaqqatni o‘z zimmasiga olmaslik:

Xonadon sohibiga mehmonlarga toqatidan ortig‘ini qilmasligi yoki mehmonini hurmati uchun ko‘p narsalarni o‘ziga yuklab olmasligi kerak. Balki, ularni hurmat qilish bilan birga ularga o‘zida bor narsalarni imkoniyat chegarasida taqdim qilishi lozim bo‘ladi. Chunki, Ibrohim alayhissalom ham o‘z mehmonlariga semiz buzoqni so‘ydilar va pishirib, ularning oldilariga qo‘ydilar. U zot o‘zlarida bor eng yaxshi narsani keltirdilar.

Oltinchi odob – mehmonning haqqini berish:

Mehmon bo‘lish sunnatga ko‘ra bir kecha kunduz, mehmon kutish uch kecha kunduz bo‘lishi joiz bo‘ladi. Undan ortiq bo‘lishi majburiy emas. Ammo, undan ortiq bo‘lishi mezbonga sadaqa bo‘lib yoziladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam mehmonni ham, mezbonni ham haqqini joriy qilib, Abdulloh ibn Amrga; “Albatta, mehmondorchiligingni sening zimmangda haqlari bor” deb, marhamat qildilar.

Ya’ni, mehmondorchilik haqlaridan murod – mehmonlik va mezbonlikning haqlaridir.

Abdulloh ibn Amrdan qilingan rivoyatda; Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin. Mehmon bo‘lish bir kecha kunduz, mehmon kutish uch kecha kunduz bo‘lishi joiz bo‘ladi. Undan ortiq (mehmondorchilikni) bo‘lishi majburiy emas. Balki, ortiq bo‘lishi sadaqa bo‘lib yoziladi. To uni chiqarib yubormagunicha uning huzurida yashamoqligi unga halol bo‘lmaydi” dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyati.

Ibn Hajar: “Ibn Battol shunday dedi; Molik roziyallohu anhu mehmonning haqqi haqida so‘ralganda, u zot: “Uni bir kecha kunduz ikrom qiladi va unga tuhfa beradi va uch kun ziyofat qiladi.” dedilar.”

Men: “Birinchi kundan tashqari uch kun hisoblanadimi yoki undan hisoblanadimi?”, dedim.

Abu Ubayd javoban: “Unga birinchi kunda yaxshilik va iltifotlarni qilishlik majburiy bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi kunda oldidagi hozir bo‘lgan narsalarni unga taqdim qiladi, xolos. Odatdagidan tashqari ziyoda qilmaydi. So‘ngra unga bir kecha kunduz masofaga yetadigan narsa beradi. U musofir bir joydan boshqa joyga borishiga yetadigan narsa miqdoricha bo‘lib, “jiyza – manzil chegarasi” deyiladi.” Dedi.

Xattobiy shunday degan: “Ya’ni, agar, mehmon kelib tushsa, unga tuhfa berish va o‘zida bor imkoni yetgan narsalarda bir kecha kunduz  unga yaxshilikni ziyoda qilishdir. Keyingi boshqa ikki kunda, u mehmonning oldida hozir bo‘lib turgan narsalarni unga taqdim qiladi, xolos. Agar uchinchi kun o‘tsa, darhaqiqat uni haqqi tugaydi. Keyingi kunlarda ham, mehmondorchilikni davom ettirsa, unga sadaqa qilganni savobi bo‘ladi.” dedi.” degan.)

Yettinchi odob – xonadon sohibi mehmonlarga aynan o‘zi xizmat qilishi:

Bu esa, qur’oni karim o‘sha Ibrohim alayhissalom qissasida bizlarga o‘rgatgan odobdir.   Alloh taolo “Zoriyot surasining 26-27-oyatlari ”da:

"So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, «(Taomdan) yemaysizlarmi?» dedi", degan.

Bu yerda Ibrohim alayhissalom aynan o‘zlari turib, mehmonlariga xizmat qilganliklari bayon qilinmoqda. Imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) ham bu haqida o‘zlarining sahih to‘plamlarida “Mehmonni hurmat qilish va uning xizmatini aynan o‘zi qilishlik bobi” deb, alohida bob ajratganlar. Shubha yo‘qki, bu ish mehmonni hurmat qilish va uning xizmatini qilishdagi eng yaxshi amaldir.

Sakkizinchi odob – mehmonga u mehmon bo‘lib turish vaqtida yaxshiliklar qilish:

Ushbu odob, mehmonga uxlashi uchun bolalarning shovqin-suronidan panaroqda bo‘lgan to‘la-to‘kis munosib bir o‘rin tayyorlab berish, unga pokiza sochiqni taqdim qilish, unga yostiq tutish, hammomni unga tayyorlab qo‘yish, xushbo‘yliklarni yaqin qilish, o‘ziga qarab jamolini ko‘rish uchun ko‘zguni va yana shunga o‘xshash narsalarni taqdim qilish bilan bo‘ladi.

To‘qqizinchi odob – xonadon sohibi mehmonni birga eshikkacha kuzatib chiqishi:

Agar, mehmon ketishlikni xohlasa, xonadon sohibining o‘zi ham hovlining darvozasigacha unga qo‘shilib, birga kuzatib chiqishligi lozim bo‘ladi. bu esa, mehmonni ulug‘lash va uni hurmat qilishdir. Mehmon ketishlikka izn so‘rab turganda, xonadon sohibi o‘z joyidan qimirlamay o‘tiravermasligi kerak. Balki, uni kuzatib, ortidan o‘zi ham chiqadi.

Abu Ubayd imom Ahmadniing manzillariga ziyoratga borganlari haqida: “Men u zotning uylaridan turishlikka izn so‘rab, o‘rnimdan turgandim u zot ham men bilan birga turdilar”.

Shunda men u zotga: “Ey Abu Abdulloh unday qilmang” dedim.

U zot: “Sha’biy roziyallohu anhu shunday degan: “Ziyorat qilib kelgan kishining ziyoratining eng so‘ngi haqqi, mezbon hovlining darvozasigacha u bilan birga yurib chiqishligi va markabini ushlab turishligidir.” Dedilar.” Deb, aytib berganlar.”

O‘ninchi odob – mehmon ketishidan oldin eshikni yopib, kirib ketmaslik:

Mehmonni eshik oldiga kuzatib, xonadon sohibi mehmon markabiga minib yoki yurib ketmagunicha uyiga kirib, eshigini qulflab olmaydi. Chunki, bu kutib turishlik mehmonni ulug‘lash, uni hurmat qilish va unga iltifot ko‘rsatishdir. Muslmon kishiga bu odoblarga bee’tibor bo‘lishlik durust bo‘lmaydi.

Mahbuba Abduhalilova,
TII 3-kurs talabasi.

 

Maqolalar