Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyoning qator universitetlarining olimlari yolg‘on gapirish sog‘liqqa zarar qilishi borasida tadqiqotlar olib borganlar. Masalan, AQSHdagi eng nufuzli universitetlardan biri sifatida tan olingan Notr-Dam universiteti fiziologlari tomonidan 18 yoshdan 71 yoshgacha bo‘lgan 110 kishi ishtirokida tadqiqot o‘tkazildi.
Ko‘ngilli ishtirokchilarning yarmi (55 nafari)ga 10 hafta davomida yolg‘on gapirmaslik “vazifasi” topshirildi, qolgan yarmiga esa yolg‘on gapirish yoki haqiqatni aytish haqida hech qanday ko‘rsatma berilmadi.
Tajribadan 10 hafta o‘tgach, “yolg‘on gapirishdan qochgan” birinchi guruh ikkinchisiga qaraganda jismoniy salomatlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan. Shuningdek, faqat haqiqatni aytgan ishtirokchilar bu vaqt ichida yaqinlari bilan munosabatlari sezilarli darajada yaxshilangan va o‘zlarini baxtli his qilishgan.
Stress – asab tizimi
Arizona universiteti olimlari, yolg‘on gapirish miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aniqlashdi. Chunki yolg‘on gapirganda odam stressni boshdan kechiradi.
Yurak xuruji – insult
Muntazam ravishda bunday holatning sodir bo‘lishi natijasida yurak-qon tomir tizimi zarar ko‘radi. Natijada, yurak xuruji va insult ehtimoli sezilarli darajada oshadi.
Uyqusizlik
Yolg‘on natijasida inson “katta energiya” sarflaydi. Yolg‘onning sezilmasligini ta’minlash uchun “katta aqliy energiya” sarflanadi. Bu asab tizimining faollashishiga olib keladi. Natijada uyqusizlik kelib chiqadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yolg‘on gapiradigan odamlar uyqu muammolaridan ko‘p shikoyat qiladilar.
Immunitet tizimining zaiflashishi
Yolg‘on surunkali holatga kelganda, u immunitet tizimiga jiddiy zarar etkazadi. Stress gormonlarining muntazam ishlab chiqarilishi tanani zaiflashtiradi, bu esa odamni viruslar va infeksiyalarga moyil qiladi. Tadqiqotlarda ushbu haqiqat tasdiqlangan: yolg‘on gapirishni odat qilgan odamlarda bosh og‘rig‘i, shamollash va oshqozon muammolari ko‘proq uchraydi.
Oshqozon muammolari
Yolg‘on so‘zlash – ovqat hazm qilish tizimini ham ishdan chiqaradi. Odamning og‘zidan yolg‘on chiqishi bilanoq organizm miyadagi kortizol gormonini chiqaradi.
Kortizol ichki organlarning ishini murakkablashtiradi, ularni stress holatiga olib keladi, bu esa qorin og‘rig‘i, diareya, ko‘ngil aynishi va oshqozon kasalligiga olib keladi. Natijada ovqat hazm qilish funksiyasi buziladi, kislotalik oshib ketadi va ichakdagi foydali bakteriyalar yo‘qoladi.
Yana boshqa kasalliklar...
Shuningdek, yolg‘on gapirish – bodomsimon bezga, saraton, semizlik, ruhiy tushkunlik, o‘z ishidan qoniqmaslik va odamlar bilan yomon munosabatda bo‘lish xavfini oshirishi aniqlangan.
Eng katta va og‘ir gunoh
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattasi haqida xabar beraymi?” dedilar. Sahobalar: “Ha, yo Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot alayhissalom: “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish”, dedilar va yonboshlagan hollaridan o‘tirib oldilarda: “Yolg‘on guvohlik berish yoki yolg‘on gapirish”, deb qayta-qayta takrorladilar.
Shunday ekan, yolg‘on so‘zlashni tark qilishga harakat qiling. Eng avvalo gunohdan tiyilgan, qolaversa, sog‘liqingizni saqlagan bo‘lasiz.
Davron NURMUHAMMAD
Shu yil yanvar oyining birinchi yarmida yurtimizdan umra ziyoratini ado qilish uchun ketgan 48 nafar hamyurtimiz umra amallarini bajarib, yurtimizga keldi. Ularni Nukus xalqaro aeroportidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy madrasasi, imom-xatiblar, ziyoratchilarning yaqin qarindoshlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.
ؘ– Umra amallarini ado etishga ulkan imkoniyat va qulayliklarni hozirlab bergan muhtaram Yurtboshimiz va mutasaddi rahbarlarga tashakkur. Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar hammasi ko‘ngildagidek. Hamsafarlarimiz ham minnatdor. Safar davomida ibodat amallarini ado etish chog‘ida yurtimiz tinchligi va xotirjamligi uchun duolar qildik», – deydi ziyoratchilardan biri.
Darhaqiqat, barcha mo‘min-musulmonlar katta savoblarga erishish va gunohlardan poklanishdan umid qilgan holda Umra ibodatini bajarishga intiladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Haj va umrani Alloh uchun mukammal bajaring”, – deydi. Shuningdek, umra amali uchun katta mukofotlar va’da qilingan. Payg‘ambar alayhissalom o‘z hadisi sharifda: “Umra (oldin qilingan) umragacha (bo‘lgan) ikkalasining o‘rtasidagi (sag‘ira gunohlar)ga kafforot bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Miras ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari
qoziyoti xodimi