Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir qiz aytadi:
«O‘spirinlik vaqtimda kuchsizligim o‘zimga yoqmasdi. Xuddi erkaklardek kuchli ko‘rinishga harakat qilardim. Bu esa o‘zimni erkaksifat qilib ko‘rsatishga, ovozimni yo‘g‘onlatib, dag‘al bo‘lishga majbur qilardi. O‘jarlik qilib, birovning fikrini osonlikcha qabul qilmas edim. Uy ishlarini bo‘ynimga olishdan qochardim. Meni «erkakshoda» deyishlari uchun singillarimni urardim. Bu paytda 17-18 yoshlarda edim. Afsuski, bularning barchasi menga faqat qayg‘u, g‘am-tashvish olib keldi. Bundan ota-onam, singillarim va eng achinarlisi, o‘zim aziyat chekdim.
Bir kuni o‘z aslimga – qizligimga qaytishga qaror qildim. Ojizaligimni tan olib, undan foydalana boshladim. Qarangki, bundan faqat yaxshilikka erishdim, ota-onamning mehrini, yaqinlarimning muhabbatini qozondim. Erkaklarga (otaga, aka-ukaga, erga) zaiflikni izhor qilsam, ularda erkaklik hissi jo‘sh urib ketar ekan, o‘ziga muhtoj bo‘lib turgan ayolga yanada ko‘proq mehr ko‘rsatishar ekan. O‘zini kuchli, qaysar qilib ko‘rsatadigan qizlarga esa qo‘pol munosabatda bo‘lishar ekan.
Shunday qilib, ojizaligim bilan qaysarlik qilganimdan ko‘ra ota-onamning mehrini, e’tiborini va hatto pulini ko‘proq qozonishim mumkinligini o‘rganib oldim.
Endi qizlarga shunday nasihat qilaman: «Ojizligingiz – sizning kuchli yashirin qurolingiz ekan. Undan oqilona foydalansangiz, ota-onangizning qalbini zabt etishingiz mumkin. Yumshoq bo‘lsangiz, onangiz qaysarlik qilganingizda bermaydigan narsalarini ham beradi. Ota-onangizdan qaysarlik, qo‘pollik bilan ololmagan narsalaringizni ojizlik bilan osongina olasiz ekan».
Qiz bola ojizligini yig‘i bilan emas, ziyraklik bilan; qaysarlik bilan emas, sokinlik bilan; g‘azab bilan emas, muloyimlik bilan kuch-quvvatga aylantirishi mumkin.
Ey pokiza qalbli singlim!
Ayol kishi (qiz bola) zaifligidan to‘g‘ri foydalana olsa, uyini ham jannatga aylantiradi, Alloh taolo uni haqiqiy jannatga kirish bilan ham siylaydi. Ojizalik aslida afzallik, ustunlikdir. Ayol kishi uyida chinakam ojizligini ko‘rsata bilsa, g‘am-qayg‘ulari yo‘qoladi, bundan tashqari, oila a’zolarini ham birdek xursand qiladi.
Buni quyidagi hadisdan bilib olamiz:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Ayollaringiz ichida jannatiylar kimligini aytaymi? Istarasi issiq, yoqimli, bola tug‘adigan, jahli chiqsa yoki unga nohaqlik qilinsa, erining qo‘lini ushlab, «Allohga qasamki, mendan rozi bo‘lib, kechirmaguningizcha uxlamayman», deydiganlaridir».
Bunday ayol ojizligidan to‘g‘ri foydalanib, erini ham, oila a’zolarini ham xursand qiladigan, buni go‘zal holatda uddalaydigan ayoldir. O‘zi haq bo‘lsa ham, kimdir uni g‘azablantirsa yoki eridan, otasidan, aka-ukalaridan nohaqlik yetsa, yoki biror xatosi tufayli eri yoki otasi undan ranjisa, har qanday holatda ham kimningdir u tufayli xafa bo‘lib uxlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Bunday ayol – o‘zi mazlum bo‘lsa ham, barcha dilixiraliklarni aritmaguncha tinchimaydigan ayoldir. Shu yo‘l bilan u o‘z qalbidagi jarohatlarni davolaydi, qayg‘uga botib, umrining oltinga teng damlarini zoye qilmaydi. Shu bilan birga, unga yomonlik qilgan insonni kechirib yuboradi, uni isloh qilishga harakat qilib, «Mendan rozi bo‘lmaguningizcha menga uyqu harom», deydi.
Bu hadisi sharifda barcha ayol-qizlar birdek yaxshi tushunishi kerak bo‘lgan xabar bor. Ayol kishi – uyning baxt kalitidir. Zaifa, ojiza bo‘lishiga qaramay, Alloh unga ulkan ruhiy matonat ato etgan. O‘ziga nisbatan nohaqlik qilingan o‘rinda ham erini, otasini, onasini, akasini kechirib, ulardan uzr ham so‘ray oladi. Shu tariqa o‘zining ojizligini kuchga aylantiradi. Zaifaligidan foydalanib, ham o‘ziga, ham turmush o‘rtog‘iga – oilaning barcha a’zolariga shodlik, quvonch, baxt ato etadi. Hadisda ta’rifi keltirilganidek bo‘la olsa, Allohning izni bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va’da qilgan jannatiy ayollardan biri bo‘ladi.
Uzr so‘rash uzr sohibini mutlaqo yerga urmaydi. Nohaq bo‘la turib uzr so‘rash sizning xato qilganingizni ham ifodalamaydi. Aksincha, bu – siz uchun o‘z manfaatlaringizdan ko‘ra yaqinlaringiz bilan yaxshi aloqani saqlab qolish ustun turishini bildiradi. Bu esa sizga yanada ko‘proq kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Buning lazzatini esa faqat uni totib ko‘rganlargina anglab yetadilar.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hikoya qilishlaricha, Abu Yazid Bastomiy ilm talab qilish uchun Bog‘dodga bormoqchi bo‘ldilar. Onalari u kishiga qirq dinor berdilar. U pullar u zotga otalaridan meros qolgan edi. Onalari o‘g‘illariga: «Qo‘lingni qo‘lim ustiga qo‘y va menga rostgo‘ylikni lozim tutib, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka so‘z ber!» dedilar. U kishi onalariga mazkur ishlar yuzasidan so‘z berdi. Bog‘dodga boradigan karvon bilan birga yo‘lga chiqdilar.
Yo‘lda borishar ekan, to‘satdan ro‘paralaridan yo‘lto‘sar qaroqchilar chiqib, karvondagi hamma narsani talay boshladi. Bastomiyning ustilardagi juldur kiyimni ko‘rib, u kishidan: «Senda ham biror narsa bormi?» deb so‘rashdi. U zot: «Ha, menda qirq dinor bor» deb javob berdilar. Qaroqchilar u kishining gaplarini eshitib, masxara qildilar, ahmoq deb o‘ylab, u zotni tark etdilar.
Keyin ular g‘orga, ya’ni o‘zlarining qarorgohlariga qaytdilar. U yerda ularning kattalari bor bo‘lib, karvondan talab olingan narsalarni kutib o‘tirgan edi. Ularni ko‘rgach: «Karvondagi hamma narsani oldinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, oldik. Ammo bir yigit bundan mustasno. Biz undan nimasi borligini so‘radik. U: «Menda qirq dinor bor» dedi. Biz uning qilgan ishiga e’tibor bermay, uni tark etdik. Chunki, biz uni aqli zaif deb o‘yladik» deb javob berishdi.
Shunda boshliqlari: «Uni darhol huzurimga olib kelinglar!» deb buyurdi.
Bastomiy o‘g‘rilar boshlig‘ining oldiga kelgach, boshliq u zotdan: «Senda biror narsa bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Ha, yonimda qirq dinor bor» deb javob berdilar. O‘g‘rilar boshlig‘i hayron bo‘lib: «Qayerda u?» dedi. Bastomiy yonlaridan pullarni chiqarib, o‘g‘rilar boshlig‘iga berdilar. Buni ko‘rgan boshliq: «Sen majnunmisan, ey yigit? Nega pullaring borligini aytib, ularni o‘z ixtiyoring bilan beryapsan?» deb so‘radi.
Shunda u zot: «Men o‘z shahrimdan chiqmoqchi bo‘lganimda, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka onamga so‘z berganman, ahdlashganman. Shuning uchun onamga bergan ahdimni buzmayman» deb javob berdilar. Bu gaplarni eshitgan o‘g‘rilar boshlig‘i: «Laa havla va laa quvvata illa billah». Sen onangga bergan ahdingga xiyonat qilishdan qo‘rqyapsan-u, biz esa, Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilishdan qo‘rqmaymizmi?» dedi.
Keyin qaroqchilar boshlig‘i karvondan olingan barcha mol-mulklarni qaytarib berishga amr qildi va: «Ey yigit, men sening oldingda, sen sababli tavba qilaman» dedi. Bu gapni eshitgan barcha o‘g‘rilar: «Siz bizni yo‘lto‘sarlikda boshlig‘imiz edingiz. Bugun esa, tavbada bizning boshlig‘imiz, kattamizsiz. Biz ham barchamiz Allohga tavba qildik» dedilar. Hammalari qilgan xatolari uchun tavba qildilar, tavbalari go‘zal bo‘ldi.