Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir qiz aytadi:
«O‘spirinlik vaqtimda kuchsizligim o‘zimga yoqmasdi. Xuddi erkaklardek kuchli ko‘rinishga harakat qilardim. Bu esa o‘zimni erkaksifat qilib ko‘rsatishga, ovozimni yo‘g‘onlatib, dag‘al bo‘lishga majbur qilardi. O‘jarlik qilib, birovning fikrini osonlikcha qabul qilmas edim. Uy ishlarini bo‘ynimga olishdan qochardim. Meni «erkakshoda» deyishlari uchun singillarimni urardim. Bu paytda 17-18 yoshlarda edim. Afsuski, bularning barchasi menga faqat qayg‘u, g‘am-tashvish olib keldi. Bundan ota-onam, singillarim va eng achinarlisi, o‘zim aziyat chekdim.
Bir kuni o‘z aslimga – qizligimga qaytishga qaror qildim. Ojizaligimni tan olib, undan foydalana boshladim. Qarangki, bundan faqat yaxshilikka erishdim, ota-onamning mehrini, yaqinlarimning muhabbatini qozondim. Erkaklarga (otaga, aka-ukaga, erga) zaiflikni izhor qilsam, ularda erkaklik hissi jo‘sh urib ketar ekan, o‘ziga muhtoj bo‘lib turgan ayolga yanada ko‘proq mehr ko‘rsatishar ekan. O‘zini kuchli, qaysar qilib ko‘rsatadigan qizlarga esa qo‘pol munosabatda bo‘lishar ekan.
Shunday qilib, ojizaligim bilan qaysarlik qilganimdan ko‘ra ota-onamning mehrini, e’tiborini va hatto pulini ko‘proq qozonishim mumkinligini o‘rganib oldim.
Endi qizlarga shunday nasihat qilaman: «Ojizligingiz – sizning kuchli yashirin qurolingiz ekan. Undan oqilona foydalansangiz, ota-onangizning qalbini zabt etishingiz mumkin. Yumshoq bo‘lsangiz, onangiz qaysarlik qilganingizda bermaydigan narsalarini ham beradi. Ota-onangizdan qaysarlik, qo‘pollik bilan ololmagan narsalaringizni ojizlik bilan osongina olasiz ekan».
Qiz bola ojizligini yig‘i bilan emas, ziyraklik bilan; qaysarlik bilan emas, sokinlik bilan; g‘azab bilan emas, muloyimlik bilan kuch-quvvatga aylantirishi mumkin.
Ey pokiza qalbli singlim!
Ayol kishi (qiz bola) zaifligidan to‘g‘ri foydalana olsa, uyini ham jannatga aylantiradi, Alloh taolo uni haqiqiy jannatga kirish bilan ham siylaydi. Ojizalik aslida afzallik, ustunlikdir. Ayol kishi uyida chinakam ojizligini ko‘rsata bilsa, g‘am-qayg‘ulari yo‘qoladi, bundan tashqari, oila a’zolarini ham birdek xursand qiladi.
Buni quyidagi hadisdan bilib olamiz:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Ayollaringiz ichida jannatiylar kimligini aytaymi? Istarasi issiq, yoqimli, bola tug‘adigan, jahli chiqsa yoki unga nohaqlik qilinsa, erining qo‘lini ushlab, «Allohga qasamki, mendan rozi bo‘lib, kechirmaguningizcha uxlamayman», deydiganlaridir».
Bunday ayol ojizligidan to‘g‘ri foydalanib, erini ham, oila a’zolarini ham xursand qiladigan, buni go‘zal holatda uddalaydigan ayoldir. O‘zi haq bo‘lsa ham, kimdir uni g‘azablantirsa yoki eridan, otasidan, aka-ukalaridan nohaqlik yetsa, yoki biror xatosi tufayli eri yoki otasi undan ranjisa, har qanday holatda ham kimningdir u tufayli xafa bo‘lib uxlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Bunday ayol – o‘zi mazlum bo‘lsa ham, barcha dilixiraliklarni aritmaguncha tinchimaydigan ayoldir. Shu yo‘l bilan u o‘z qalbidagi jarohatlarni davolaydi, qayg‘uga botib, umrining oltinga teng damlarini zoye qilmaydi. Shu bilan birga, unga yomonlik qilgan insonni kechirib yuboradi, uni isloh qilishga harakat qilib, «Mendan rozi bo‘lmaguningizcha menga uyqu harom», deydi.
Bu hadisi sharifda barcha ayol-qizlar birdek yaxshi tushunishi kerak bo‘lgan xabar bor. Ayol kishi – uyning baxt kalitidir. Zaifa, ojiza bo‘lishiga qaramay, Alloh unga ulkan ruhiy matonat ato etgan. O‘ziga nisbatan nohaqlik qilingan o‘rinda ham erini, otasini, onasini, akasini kechirib, ulardan uzr ham so‘ray oladi. Shu tariqa o‘zining ojizligini kuchga aylantiradi. Zaifaligidan foydalanib, ham o‘ziga, ham turmush o‘rtog‘iga – oilaning barcha a’zolariga shodlik, quvonch, baxt ato etadi. Hadisda ta’rifi keltirilganidek bo‘la olsa, Allohning izni bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va’da qilgan jannatiy ayollardan biri bo‘ladi.
Uzr so‘rash uzr sohibini mutlaqo yerga urmaydi. Nohaq bo‘la turib uzr so‘rash sizning xato qilganingizni ham ifodalamaydi. Aksincha, bu – siz uchun o‘z manfaatlaringizdan ko‘ra yaqinlaringiz bilan yaxshi aloqani saqlab qolish ustun turishini bildiradi. Bu esa sizga yanada ko‘proq kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Buning lazzatini esa faqat uni totib ko‘rganlargina anglab yetadilar.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Insoniyatga go‘zal axloqni o‘rgatib, ularni komil inson bo‘lib yetishishlarida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishlari uchun Payg‘ambarlarni yo‘lchi yulduz qilib yuborgan Alloh taologa beadad hamdu sano va shukronalar bo‘lsin.
Go‘zal xulqlarni kamolga yetkazish uchun yuborilgan va o‘zining hayotida barchaga eng oliy namuna bo‘lgan hazrati Payg‘ambarimizga beadad durudu salavotlar va salomlar bo‘lsin.
Yurtimizda erkin va farovon hayot, kuchli huquqiy-demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu ezgu maqsad zamirida inson va uning manfaatlari mujassam bo‘lib, uning samaradorligi xalqimiz ma’naviy-ruhiy va ma’rifiy qarashlaridagi yangilanish, jamiyatimiz ongu tafakkuridagi yuksalish bilan uzviy bog‘liq.
Bag‘rikenglik mavzusida fikr yuritgan ulamolar ham Qur’oni karim va hadisi shariflar asosida uning o‘ziga xos usullarini ishlab chiqdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam, sahobalar, tobeinlar tomonidan asos solib boyitilgan bag‘rikenglik borasidagi qarashlar musulmonlarning boshqa din vakillari bilan ahil-inoq bo‘lib yashashlarida o‘ziga xos iz qoldirgan. Ota-bobolarimiz ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishgan.
Jahonda globalashuv jarayoni davom etayotgan bir paytda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhim tushuncha sanalib, insoniyat tarixida yuz bergan ko‘plab aholining osoyishtaligiga rahna soluvchi dunyo miqyosidagi urushlarning, agressiv siyosatlarning, irqchilik va segregatsiya(odamlarni majburiy tarzda irqiy, etnik va boshqa guruhlarga ajratish) kabi razil odatlarning barham topishida, xalqlar, davlatlar, jamiyatlar va millatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarning shakllanishi va rivojlanishida asosiy hamda samarali yo‘ldir.
Islom tarixida musulmonlarning boshqa din vakillari bilan o‘rnatgan munosabatlarini o‘rganish, uning ijtimoiy-siyosiy manbalari va rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari masalasi o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.
O‘zbekistonning strategik taraqqiyotida “Dinga hurmat va e’tiqod – o‘lmas qadriyat” sifatida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, ikki tushuncha muhim o‘rin tutadi:
"Biz o‘z muqaddas dinimiz va e’tiqodimizdan hech qachon voz kechmaymiz".
"Muqaddas dinimiz sha’niga dog‘ tushurmoqchi bo‘lgan, undan g‘arazli siyosiy maqsadlarda foydalanishni istaydigan kimsalar va kuchlar bilan hech qachon murosa qilmaymiz".
Bu ikki muhim omil jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik tuyg‘usini shakllantirishda asosiy rol uynaydi. Chunki xalqimizning aksar qismi islom diniga e’tiqod qiladi. Qolaversa, xalqimizning milliy qadriyatlari va urf-odatlari islom dini bilan bog‘liqdir. Hamda boshqa din e’tiqodchilari bilan diniy bag‘rikenglik munosabatida bo‘lish biz o‘ylagan ezgu maqsadlarga erishishni osonlashtiradi.
Islom nuqtai-nazaridan boshqa din vakillari ikki toifaga bo‘linadi:
1. Butparaslar, majusiylar, dahriylar va sobiyilar (yulduzlarga sig‘inuvchilar)
2. Alloh tarafidan tushirilgan samoviy kitoblarga e’tiqod qiluvchi yahudiylar, nasroniylar; musulmonlarga qarshi urush ochmagan barcha xalqlar bilan ularning dinu diyonati, ijtimoiy holati, irqi va nasabi, tanasining rangidan qat’i nazar, doimiy hamkorlik olib borishga, ularga yaxshilik va adolat qilishga targ‘ib bor.
Alloh taolo Mumtahana surasida shunday marhamat qiladi: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana surasi, 8-oyat).
Alloh taolo bu oyati karimada mo‘min – musulmonlarni boshqa millat va diyonat vakillari bilan, agar ular musulmonlarga diniy adovat ila urush qilmasa va ularni siquvga olib o‘z diyorlaridan chiqarib yuborishga urinmasa, yaxshi aloqada bo‘lishga buyurmoqda va ularga nisbatan adolatli bo‘lishni ta’kidlamoqda.
Ushbu hukm Islom dinining naqadar insonparvar va kengbag‘r din ekanining yorqin dalilidir. Bu din boshqa dindagilarga yaxshilik qilishdan hech kimni man qilmaydi. Islom dinida boshqa din vakillari orasida ayniqsa, ahli kitoblarga muomala qilishga alohida ahamiyat berilgan bo‘lib, Alloh taolo ularning taomlarini yeyishni va ayollariga uylanishni halol qildi. Moida surasining 5-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi. Shuningdek, Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol va taomingiz ular uchun haloldir. Zinokorlik va maxfiy o‘ynash qilib olish uchun emas, balki mahrlarini bersangiz, mo‘mina ayollarning iffatlilari va sizlardan oldin kitob berilganlarning iffatli ayollari (ham haloldir)...”
Musulmonlar bilan bir jamiyatda yashaydigan ahli kitoblar ahli zimma deb atalib ularning islomda o‘ziga yarasha o‘rni bor hamda ularga o‘ziga xos muomala qilinadi.
Islomda musulmonlar bilan bir o‘lkada yashaydigan boshqa din vakillarini “Ahli zimma” yoki “ Zimmiy” nomi bilan ishlatish joriy bo‘lgan. “Zimma” so‘zi ahd, kafillik, omonlik degan ma’nolarni anglatadi. Bunday nomlanishining sababi shundaki ular uchun Alloh va uning rasulining, qolaversa musulmon jamoasining ahdi bo‘lganligi uchundir. Ushbu ahdi tufayli ular islom himoyasida tinch, xotirjam yashashadi. Shuningdek ular musulmonlarning omonligida va kafilligida bo‘ladi. Bu ahd ularga o‘ziga yarasha haq- huquqlar berishi bilan birga o‘ziga xos burch va vazifalarni ham yuklaydi.
Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallam ahli kitobdan qo‘shnilari bo‘lgan. Ular bilan yaxshi qo‘shnichilik qilar, hadya berib, ulardan qabul etardilar.
Musulmonlar tomonidan fath etilgan xalqlar islomni qabul qilishga majburlangan, degan soxta da’volar va tasavvurlar g‘arb tadqiqotchilarining o‘zlari tomonidan ham rad qilindi, musulmonlarning adolatli va diniy xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lishini hamma tan oldi. Bu to‘g‘rida din tarixchisi L. Braun shunday deydi: "Musulmonlar o‘z davlatlariga qo‘shib olgan xalqlarni qilich bilan islomni qabul qilishga majburlagan, degan da’volar g‘irt to‘qima. Buni isbot talab qilmaydigan dalillar tasdiqlab turibdi. Ularni yangi fathlarga ruhlantirgan dinamik omil bu birdamlik va iymon edi. Bu xuddi sel kabi kengayib borayotgan daryoga o‘xshaydi".
Tarix davomida juda keng hududlarni boshqargan musulmon hukmdorlar boshqa dinlarning vakillariga favqulodda hurmat va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lganlar. Islom davlatlarida yahudiy dinidagilar ham, nasroniylar ham hamisha to‘la xavfsizlikda, tinch-osoyishtalikda, diniy erkinlikda yashab kelganlar.
Bularning barchasi islom butun olamlarga rahmat o‘laroq kelganidandir. Bunday muruvvat boshqa biror makonda va zamonda ko‘rilgan emas.
Asadulloh Qudratulloh,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi