Cavol: Tik turgan va yurgan holatda Qur’on o‘qish mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tik turgan holda Qur’oni karimni o‘qishning zarari yo‘q. Yurib ketayotgan kishi boshqa narsaga chalg‘imay, Qur’oni karimga ahamiyat bera olsa, yurish asnosida o‘qishning zarari yo‘q. Bu haqda “Hoshiyatut Tahtoviy” kitobida quyidagi ma’lumotlar berilgan: “Yurgan va ishlab turgan kishini qilayotgan ishi yo yurishi Qur’ondan chalg‘itmasa, shu holda tilovat qilish joiz, aks holda joiz emas. Ulamolar yonboshlab Qur’on o‘qish haqida turli gaplar aytishgan bo‘lib, afzali Qur’onni ulug‘lashga mos shaklda o‘qishdir. Boshqa kitoblarni yonboshlab o‘qishning gunohi yo‘q. Mus'hafga qarab qiroat qilish yoddan o‘qishdan ko‘ra afzalroqdir. Chunki mus'hafga qarab o‘qishda ikki ibodat (Mus'hafga nazar qilish va uni tilovat qilish)ni jamlayotgan bo‘ladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqhiy kitoblarda Makkai Mukarramadagi yigirma bir joyda qilingan duolar mustajob bo‘lishi haqida yozilgan va salafi solihlardan naql qilingandir. Madinai Munavvarada ham duo qabul bo‘ladigan ko‘plab joylar bor. Duo qilishga e’tibor qaratish lozim bo‘lgan o‘rinlar quyidagilardir:
1. Baytullohni ilk ko‘rgan paytda;
2. Tavof qilayotgan paytda;
3. Multazamga osilgan paytda;
4. Rahmat tarnovining ostida;
5. Baytullohning ichida;
6. Zamzam suvini ichayotganda;
7. Maqomi Ibrohimning yonida;
8. Safo tog‘ining ustida;
9. Marva tog‘ining ustida;
10. Sa’y qilayotganda;
11. Arafot maydonida;
12. Muzdalifa maydonida;
13. Mino maydonida;
14. Tosh otgandan keyin jamarot oldida;
15. Hatimning ichida (Fathul qodirda);
16. Rukni yamoniyning oldida;
17. Savr g‘orida;
18. Hiro g‘orida;
19. Dorul Arqam joylashgan joyda;
20. Xadicha roziyallohu anhoning makonlari joylashgan joyda;
21. Mud’o maqomi, ya’ni Masjidul Haramdan Jannatul mu’allo tomon ketishda joylashgan joyda (G‘uniyatun-nosik);
22. Madinai Munavvaradagi Riyozul jannada;
23. Oisha roziyallohu anhoning ustunlari yonida;
24. Abu Luboba ustunlari yonida;
25. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mehroblarida;
26. Suffada;
27. Fath masjidida;
28. Qubo masjidida;
29. Masjidul qiblataynda (Ikki qibla masjidida);
30. Masjidul ijobada.
Ushbu joylarga kelish nasib qilgan har bir kishi Alloh taologa tazarru’ ila dunyo va oxiratdagi murodlarini so‘rashi lozim. Bunday o‘rinlarda samimiy duolar qilib olishdan g‘aflatda qolmaslik kerak.