Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Qayg‘uga tushgan paytimizda aytgan so‘zlarimiz uchun javob beramizmi?

28.10.2024   3758   5 min.
Qayg‘uga tushgan paytimizda aytgan so‘zlarimiz uchun javob beramizmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Muoz roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy alayhissalom tillariga ishora qilib, «Tilingni tiygin», dedilar. Men: «Gapirgan gaplarimiz uchun ham javob beramizmi?» degan edim, u zot shunday dedilar: «Sho‘ring qurg‘ur, odamlarning do‘zaxga yuztuban ag‘darilishiga tili bilan qilgan gunohlari sabab bo‘ladi-da», dedilar» Imom Termiziy rivoyati.

 

Xursand paytimizda ham, g‘azablangan paytimizda ham, yaxshiyu yomon kunlarimizda aytgan har bir so‘zimiz uchun albatta javob berar ekanmiz! Shunday ekan, Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladigan gap-so‘zlardan nihoyatda ehtiyot bo‘laylik, qizlar! Ba’zan o‘zimizcha arzimas deb o‘ylaydigan birgina so‘zni aytarkanmiz, lekin shu so‘z jahannamga kirishga kifoya qilar ekan. Alloh saqlasin!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bir banda Alloh rozi bo‘ladigan gapni arzimas sanab gapiradi, keyin Alloh shu sababli uning darajasini ko‘taradi. Bir banda Alloh norozi bo‘ladigan gapni arzimas sanab gapiradi, keiyn shu sababli jahannamga qulaydi».

Imom Buxoriy rivoyati

 

G‘amga botgan paytlarimizda beixtiyor aytib yuboradigan so‘zlarimiz nechog‘li xatarli ekanini, shu so‘zlar tufayli ko‘plab yaxshiliklardan mahrum bo‘lishimizni bilmas ekanmiz.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida buni yanada ochib beradigan bir voqea yuz bergan.

 

«Bir ayolning yaqin odami vafot etdi. Ayol uning qabri oldida bo‘zlab yig‘lab o‘tirgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning yonidan o‘tib qolib, «Allohdan qo‘rqqin, sabr qilgin» (Allohdan qo‘rqqin, seni ajrdan mahrum qiladigan darajada jazavaga tushmagin! Musibatga sabr qilganlarga Alloh taolo savoblar va’da qilgan), dedilar. Ayol esa u zotni tanimay, «Bor, nari tur! Mening boshimga tushgan musibat sening boshingga tushmagan-da!» dedi. Shunda kimdir ayolning yoniga borib, «Bu zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam‑ku!» deyishdi. Ayol gapirgan gapiga qattiq pushaymon bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylariga kelib, u zotga «Meni kechiring, sizni tanimabman», dedi. Shunda u zot: «Haqiqiy sabr birinchi zarbadagi sabrdir», dedilar» Imom Buxoriy rivoyati.

 

Demak, mukofot va’da qilingan, maqtalgan sabr – musibatni birinchi eshitgandagi, musibatning avvalidagi qilingan sabr ekan. Darhaqiqat, bu – eng mashaqqatli, chidash qiyin bo‘lgan, nafsga eng og‘ir keladigan ish. Musibatdan keyin bir necha kunlar o‘tgach, boshqa iloj qolmagach, hamma ham sabr qilishga majbur bo‘ladi, vaqt o‘tib, bu musibatni unutib ham yuboradi-da, xotirjam bo‘lib qoladi. Ammo bu sabr emas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Sabr – birinchi zarbadagi sabrdir» degan so‘zlari o‘sha ayol boshiga tushgan musibatga sabr qilmaganini bildiradi. Ayolning Rasulullohga aytib yuborgan so‘zlari ham uning sabr qila olmaganini ifodalamoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolga «Allohdan qo‘rqqin, sabr qilgin», deb tasalli berganlarida ayol chiroyli javob qaytarishi kerak edi. Masalan, «Alloh, O‘zing menga sabr bergin! Allohim, meni taqvodorlardan, sabr qilvchilardan qilgin. Yaqinlarni yo‘qotish og‘ir judolik ekan», deyishi mumkin edi. Lekin ayol buning o‘rniga: «Bor, nari tur!» deb, Rasulullohni jerkib berdi. Bu bilan ham kifoyalanmay, o‘zi kabi musibatga yo‘liqmaganlari uchun uning holini tushunmaslikda aybladi. Ko‘ryapsizmi, shayton o‘sha ayolning musibatini, qayg‘usini bo‘rttirib ko‘rsatdi, aqli bilan o‘ynashib, xuddi dunyoda bunday og‘ir musibatga yo‘liqqan boshqa odam yo‘qdek, buzuq e’tiqodga, boshqalarning musibatlarini ko‘rmaydigan, o‘ylamaydigan ahvolga keltirdi. Buning ustiga, Rasulullohni tanimay, u zotni bunday musibatni his eta olmaslikda aybladi. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sevikli ayollarini, o‘g‘illarini, qizlarini, do‘stlarini, yaxshi ko‘rgan qanchadan-qancha insonlarini o‘z qo‘llari bilan tuproqqa qo‘ygan edilar. Ammo ana shunday eng og‘ir holatlarda ham u zot sollallohu alayhi vasallam faqat Alloh rozi bo‘ladigan so‘zlarni aytganlar.

Ayol sabrsizlik bilan aytgan bu gaplari tufayli sabr qiluvchilardan bo‘lishdan mahrum bo‘ldi. Shu so‘zlari uning ismi Allohning huzurida «musibatga sabr qiluvchi» deb yozilmasligiga sabab bo‘ldi.

 

Endi ushbu savolga javob bering:

Xafa bo‘lgan paytingizda, musibat va qayg‘u chog‘ida Allohning taqdiriga rozi ekaningizni, sabr qilayotganingizni ifoda etadigan, Allohning huzurida «sabr etuvchilardan» deb yozilishingizga sabab bo‘ladigan so‘zlarni ayta olasizmi?

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   705   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.