Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: نَهَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ يُجَصَّصَ الْقَبْرُ، وَأَنْ يُقْعَدَ عَلَيْهِ، وَأَنْ يُبْنَى عَلَيْهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ. وَلَفْظُ التِّرْمِذِيِّ: نَهَى النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ تُجَصَّصَ الْقُبُورُ، وَأَنْ يُكْتَبَ عَلَيْهَا، وَأَنْ يُبْنَى عَلَيْهَا، وَأَنْ تُوطَأَ.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabrni bo‘r bilan suvashni, uning ustiga o‘tirishni va uning ustiga bino qurishni nahiy qilganlar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Termiziyning lafzida:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabrlarning bo‘r bilan suvalishidan, ularning ustiga yozilishidan, ularning ustiga bino qurilishidan va bosilishidan qaytarganlar», deyilgan.
Sharh: Faqat Imom Shofe’iy qabrni loy bilan suvab qo‘yishga ruxsat berganlar.
Qabr ustiga boshqa har qanday narsani qilish mumkin emas. Albatta, yuqorida aytib o‘tilgan belgilash uchun tosh qo‘yish bundan mustasno.
Qabrlar inson xotirasidagi hassos narsalardan bo‘lganligi uchun va o‘tgan ummatlarning zalolatga ketishining sabablaridan biri aynan qabrlar bo‘lganligi sababli Islomda bu masalaga alohida e’tibor bilan qaralgan. Biz o‘rganayotgan hadisi shariflarda ham mazkur e’tibor qisman o‘z aksini topgan.
Ushbu hadisda qabrlarga nisbatan nahiy qilingan ishlar sanab o‘tilmoqda:
1. «Qabrni bo‘r bilan suvash».
Bo‘rsuvoq loysuvoqdan ko‘ra bir oz ziynatli chiqishi, rangi oq bo‘lishi ma’lum. Shuni e’tiborga olgan holda qabrga nisbatan bu ish man qilingan. Chunki bu ishda tiriklar uchun kerak bo‘lgan molni zoye qilish bor. Islomda esa har qanday molni zoye qilish haromdir. Bir oz aql yuritilsa, qabr ustiga bo‘rsuvoq man qilinganidan keyin undan ko‘ra ko‘p mablag‘ sarflanadigan narsalarni qilish umuman mumkin bo‘lmaydi. Binobarin, turli boshqacha suvoqlar qilish, toshlar yotqizish, zanjir, panjara tortish va hokazolar mutlaqo man etiladi.
Ikkinchidan, qabrning ustiga oltin suvi yuritishdan ham na qabrning ichidagi o‘likka, na bu ishni qilgan tirikka va yoki boshqa biror jonzotga hech bir foyda bo‘lmaydi. Befoyda ishni qilish esa musulmon inson uchun haromdir.
Uchinchidan, qabr oddiy, tabiiy holida tursa, yoqqan qor-yomg‘irdan, o‘sgan o‘t-o‘lanlardan qabr ichidagi mayyitga foyda tegadi. Qabr ustini turli narsalar bilan yopganlar esa mayyitni bu xayrdan mahrum qiladilar.
2. «Qabr ustiga o‘tirish».
Shuningdek, qabr ustida tik turish yoki yotish ham mumkin emas. Chunki bu ishda qabr ichidagi musulmon bandaga va uning yaqin kishilariga nisbatan hurmatsizlik bor.
3. «Qabr ustiga bino qurish».
Bunda ham bo‘r bilan suvashdagi hikmatlar kattaroq hajmda aytiladi.
Imom Molikning shogirdlari Ibn Abdulhakam: «Qabri ustiga bino qurishni vasiyat qilgan odamning vasiyatiga amal qilinmaydi. Shunga binoan, qabrlar ustiga qurilgan narsalar buzib tashlanishi kerak», degan.
4. «Qabrning ustiga yozish».
Jumhur ulamolar «Qabr ustiga uning egasining ismini ham, boshqa biror narsani ham yozish mumkin emas», deganlar.
Hanafiy mazhabi ulamolari «Qabrning yo‘qolib ketishi yoki xorlanishi ehtimoli bo‘lganda hojat tushsa, belgi bo‘ladigan narsani yozsa bo‘ladi», deganlar.
Hozirgi kunda ushbu narsalarni yaxshilab o‘rganib, shariat bo‘yicha ish ko‘rishga juda katta ehtiyoj bor. Ba’zi joylarda ushbu ta’limotlarga mutlaqo amal qilmay qo‘yilgan.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.
Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati