Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446
Maqolalar

Ota-onangga qarashda ham ehtiyot bo‘l!

28.10.2024   14062   3 min.
Ota-onangga qarashda ham ehtiyot bo‘l!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عُبَيْدِ اللهِ بْنِ الْوَلِيدِ الْوَصَّافِيِّ قَالَ: سَمِعْتُ عَطَاءً يَقُولُ فِيهَا: لَا تَرْفَعْ يَدَكَ عَلَيْهِمَا.

Ubaydulloh ibn Valid Vassofiydan rivoyat qilinadi:

«Atoning o‘sha oyat haqida «Ikkovlariga qo‘l ko‘tarma», deganini eshitdim».

Sharh: Bu rivoyatda Alloh taoloning «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat», degan oyati haqida so‘z bormoqda.

Bizda «qo‘l ko‘tarish» degan birikma «urish» ma’nosida ishlatiladi. Ammo bu rivoyatda mazkur salbiy ma’no emas, gaplashayotganda ishora uchun qo‘lni ko‘tarmaslik ko‘zda tutilgan. Shuning uchun ham imom Jaloliddin Suyutiyning «Durrul Mansur» nomli tafsirida ushbu rivoyatga «qachon ikkovlari bilan gaplashsang» degan qo‘shimcha ziyoda qilingan ekan.

Qarang, ota-onaning hurmati qanchalar ulug‘! Ular bilan gaplashayotgan farzand ishora, ta’kid yoki boshqa maqsad bilan ham qo‘lini ko‘tarmasligi kerak. Bundan shunga o‘xshash beodoblik yoki ota-onaga nisbatan qo‘pollikka o‘xshab ko‘rinadigan boshqa xatti-harakatlar ham durust emasligi kelib chiqadi.

عَنْ عُرْوَةَ قَالَ: مَا بَرَّ وَالِدَهُ مَنْ شَدَّ. قَالَ عَبْدُ اللهِ: الطَّرْفَ إِلَيْهِ. وَقَالَ عَبْدُ الرَّحْمَنِ: الْبَصَرَ إِلَيْهِ.

Urvadan rivoyat qilinadi:

«O‘zini tuqqan insonga o‘qraygan yaxshilik qilgan bo‘lmaydi. Abdulloh: «Ko‘z qiri bilan», dedi. Abdurrahmon: «Nazari bilan», dedi».

Sharh: Kim ota-onasiga o‘qrayib qaragan bo‘lsa, u odamni «ota-onasiga yaxshilik qiladigan odam», deb aytib bo‘lmaydi.

Demak, farzand ota-onasiga qarashda ham ehtiyot bo‘lishi kerak ekan. Ehtiyotsizlik qilib, noto‘g‘ri nazar solib qo‘ymasin, beodoblik bilan qarab qo‘ymasin. Bu, ota-onasi oldida farzandning yuzida, ko‘zida hech qanday norozilik alomatlari sezilmasin yoki gaplari yoqmay turgan bo‘lsa ham, buni bildirib qo‘ymasin, degan ma’noni anglatadi.

Hayotda har xil holatlar bo‘ladi. Ko‘pincha farzandlar hayotiy tajribalari kamligi tufayli ota-onalarining ba’zi xatti-harakatlarini, gap-so‘zlarini, qattiqroq aytilgan nasihatlarini to‘g‘ri qabul qila olmay xunob bo‘ladilar. Ba’zan ishlaridagi, turli odamlar bilan muloqotdagi nohaqliklardan ko‘ngli siqilgan anchagina iymonli farzandlarga ham ota-onalarining sabr va taqvoga undovchi pand-nasihatlari malol kelib qolishi mumkin. Ana shunday paytlarda bu farzandlarga ota-onalari oldida ko‘zlarini yerdan uzmagan holatda turish tavsiya etiladi. Chunki yuqoridagi hadis ham gap to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qrayib qarash to‘g‘risida ketayotgani yo‘q. Ko‘z qiri bilan o‘qrayish haqida ketmoqda, nazar bilan o‘qrayish haqida ketmoqda. Bu ikki holatga ruxsat bo‘lmagandan keyin boshqalarini har kim o‘zi tushunib olaversin.

عَنِ الْمُؤَمِّلِ قَالَ: حَدَّثَنَا سُفْيَانُ، بِهَذَا الْإِسْنَادِ، نَحْوَهُ.

Muammildan rivoyat qilinadi:

«Bizga Sufyon ushbu sanad ila shunga o‘xshashni aytib berdi».

Sharh: Bu rivoyat ham xuddi yuqoridagi hadisga o‘xshar ekan. Demak, bu bir marta aytilgan gap emas. Ushbu ma’no boshqa roviylar tarafidan ham zikr qilingan va ta’kidlangan. Bu musulmonlarning ichida keng tarqalgan ma’nolardan ekanini bildirish uchun imom Marvaziy rahmatullohi alayhi yana bir bor rivoyat qilgan.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa...

8.01.2025   1547   1 min.
Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa...

1. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, eng afzal amalni ado etgan bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan “Eng afzal amal qaysi?” deb so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, deganlar.


2. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, shayton qulog‘iga bavl qilmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga tong otganda uxlab yotib, namozga turmagan bir kishi haqida aytishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uning qulog‘iga shayton bavl qilibdi”, deganlar.


3. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, o‘sha kungi rizqiga baraka kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim! Ummatimning erta tongdagi ishlarini barakotli qilgin”, deb duo qilardilar.


4. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, Allohning zimmasida bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qisa, Allohning ahdi va omonida (zimmasida)dir. Alloh sizlarni hargiz ahdini zoye qilgan holda topmasin”, dedilar.


5. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, jannatga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod va asr namozlarini ado etsa, jannatga kiradi”, deganlar.


6. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, munofiqlikdan uzoq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqlarga eng og‘ir namoz xufton va bomdod namozlaridir”, deganlar.

7. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, bu dunyo va undagi narsalardan eng yaxshisi ega bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bomdodning ikki rakati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedilar.

 

Davron NURMUHAMMAD