Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
(hijriy 30–35, milodiy 651–656 yillar)
Islom olamidagi katta fitnaning uchi xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga g‘arazgo‘y kuchlar tomonidan suiqasd uyushtirilib, u kishining o‘ldirilishlaridan boshlangan edi. Hazrati Umar roziyallohu anhuning olib borayotgan muzaffar siyosatlari ko‘pchilik dushmanlarning «jigarini yeb borayotgan» edi. Ular Islomning butun yer yuzi bo‘ylab yashin tezligida tarqalib borayotganini mutlaqo ko‘ra olmas edilar.
Xuddi ana shunday kuchlar hazrati Umarning vafotlaridan keyin Rum va Fors tomonlarda qurolli xurujlar qilib, Islom jamiyati qaramog‘idan chiqib, eski tuzumlarini qayta o‘rnatmoqchi bo‘lishdi. Ammo xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ularning bu xurujlarini o‘z vaqtida bartaraf qildilar.
Harbiy tomondan kuchi yetmagan g‘animlar ichki tomondan turli fitnalar chiqarishga o‘tishdi. Ular o‘z maqsadlari yo‘lida turli omillarni ishga solishdi.
Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlari boshqa davr edi. U vaqtda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tarbiyalarini olgan, turli sinovlarda chiniqqan, iymon va ixlosda tengi yo‘q sahobai kiromlar ko‘pchilikni tashkil qilar edilar. Ular orqali jamiyat ichida har qanday siyosatni osonlik bilan joriy qilish mumkin edi. Jamiyat a’zolari fitna nimaligini bilmas edilar. Fitna u yoqda tursin, ba’zi Qur’oni Karim va e’tiqod bo‘yicha shubhali savollar bergan shaxslarning ham adablari berib qo‘yilardi. Ana o‘sha umumiy ruh va xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning o‘sha ruhdan kelib chiqib yuritayotgan siyosatlari ba’zi bir buzg‘unchi tabiatli shaxslarning ham tanobini tortib turar edi.
Ammo vaqt o‘tishi bilan sharoitlar o‘zgardi. Hazrati Umarning shiddatli siyosatlarini bardavom olib borish qiyin edi. Buni hamma tushunardi. Shuning uchun sahobai kiromlar yangi xalifa saylash vaqtida boshqacha siyosat yurgizadigan shaxsni izladilar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning nomzodlaridan ko‘ra Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning nomzodlarini ustun ko‘rishlariga ham hazrati Aliyning shiddatlari sabab bo‘ldi. Sahobalar «Umarning shiddatidan keyin Aliyning shiddati qo‘shilsa, to‘g‘ri kelmaydi» degan fikrga bordilar.
Buning ustiga, katta sahobalar kamayib qolgan edilar. Arablarning ichida ham keyin musulmon bo‘lgan, Hijozning o‘zidan emas, atrofidan bo‘lgan qabilalar ko‘paygan edi. Eng asosiysi, yashin tezligida tarqalgan fathlar davomida turli xalqlar Islomni qabul qilgan bo‘lib, ularda o‘zlarining avvalgi dinlari, e’tiqodlari va fikrlari ta’siri hali kuchli edi. O‘sha xalqlar ichida xo‘jako‘rsinga musulmon bo‘lganlari ham bor edi. Eng xatarlisi, fitnaboshi Abdulloh ibn Saba’ga o‘xshab Islomga ichki tomondan zarba berish maqsadida o‘zini musulmon qilib ko‘rsatayotganlar ham yo‘q emas edi.
Ana shular asta-sekin fitnaga zamin tayyorlay boshladilar. Ularning ba’zi ishlarini yuqoridagi satrlarda ham bir oz o‘rgandik. Ular avvaliga ishni ba’zi voliylar ustidan shikoyat qilishdan boshlashdi. Bu ish birinchi bo‘lib Kufadan boshlandi. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu tayin qilgan voliy Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu bilan xaroj omili Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhular o‘rtasida voliyning Baytulmoldan olgan qarzini vaqtida to‘lashi haqida nizo chiqdi.
Ikkalalariga o‘ziga yarasha tarafdor va qarshilar to‘plandi. Xalifa voliyni ishdan olib, o‘rniga Valid ibn Uqbani qo‘ydilar. U kishi o‘sha paytda Umar roziyallohu anhu tomonlaridan Hijozning g‘arbiy tomoniga voliy etib qo‘yilgan yerida ishlab turgan edi. Uni kufaliklar xursand bo‘lib kutib oldilar. Bu ishdan ayniqsa oldingi voliyga qarshi bo‘lgan kishilar xursand bo‘lishdi. Odatda, fitnachilar yangi rahbarning qo‘yniga kirishga harakat qilishadi. Bu yerda ham shunday bo‘ldi. Yangi voliy hamma bilan yaxshi aloqada bo‘lishga harakat qildi. Hamma ishlar yaxshi ketib turganda, bir hodisa sodir bo‘ldi. Ana shu hodisa tufayli ishlar boshqachasiga aylanib ketdi.
Bir guruh kufalik yoshlar birovning uyini teshib kirib, uy egasini o‘ldirishdi. Bu ishdan xabar topgan bir qo‘shni odam mirshablarni chaqirdi. Ular jinoyatchilarni tutishdi. Ular orasida Zuhayr ibn Jundub Azdiy, Muvarri’ ibn Abu Muvarri’ Asadiy va Shubayl ibn Ubay Azdiylar bor edi. Mahkamada ularning jinoyatlari sobit bo‘ldi va shariat hukmiga binoan qatl etildilar. Ularning otalari va qarindoshlari bu ish uchun voliy Validdan xafa bo‘lib, unga qarshi payt poylay boshlashdi. Uning kechqurun olib boriladigan suhbati bor edi. Bu suhbatda turli odamlar, jumladan, Abu Zayd Toiy ham qatnashar edi. U asli nasroniy bo‘lib, keyin Islomni qabul qilgan va aroq ichish odati bor edi. Bir kuni haligi hasadgo‘ylarning oldiga birov kelib: «Validning Abu Zayd bilan xamr tanovul qilishidan xabaringiz bormi?» dedi. Ular ayni shu gapni kutib turishgan edi. Bu gapni birpasda hamma tarafga tarqatishdi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning huzurlariga borib, bu gapni aytishgan edi, u kishi: «Biz o‘zini berkitgan odamning avratini ochmaymiz», dedilar. Valid bu gapni eshitib, xafa bo‘ldi. «Sendek odam fitnachi qavmga shunday javob beradimi?! Men nimani berkitibman?! Bu g‘arib – notanish odam haqida aytiladigan gap», dedi. Shu bilan ikkovlarining oralariga ham sovuqchilik tushdi.
Fitnachilar bu bilan ham kifoyalanib qolishmadi. Dorul xilofaga borib, Validning ustidan shikoyat qilishga qaror qilishdi. Ular ichlaridan ikki kishining guvohlikka o‘tishiga kelishib olib, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning huzurlariga borishdi. Fitnachilarning safida voliy Valid tomonidan ishdan bo‘shatilgan alamzadalar ham bor edi. Odatda, fitnachilarning doimo shunga o‘xshash kishilarni izlab topib, o‘z saflariga qo‘shib olishlari sinalgan tajribadir. Ular borib, o‘z maqsadlariga erishdilar. Voliy Valid ibn Uqba ibn Abu Mu’ayt chaqirilib, darra urildi va ishdan olindi. Bu ish fitnachilar tomonidan qilingan uydirma edi.
Mazkur kufalik fitnachilarga Molik ibn Horis Ashtar Naxa’iy, Sobit ibn Qays Naxa’iy, Kumayl ibn Ziyod Naxa’iy, Zayd ibn Suvhon Abdiy, Jundub ibn Zuhayr G‘omidiy, Jundub ibn Ka’b Azdiy, Urva ibn Ja’d, Amr ibn Ja’d va Amr ibn Hamiq Xuzo’iylar rahbarlik qilishar edi.
Ular fitna qilib yurib, Sa’id ibn Os roziyallohu anhuning ham ishdan bo‘shatilishiga erishdilar.
Ammo hamma baloning boshi Misrda edi. Abdulloh ibn Saba’dek fitnaboshi hamma yerdan quvilsa ham, bu yerda hurmat-e’tibor topgan edi. U Misrga joylashib olib, o‘z rejasini amalga oshirishga zamin tayyorlar edi. U ko‘pchilik orasida o‘z ta’limotlarini tarqatib borardi. U odamlarga: «Har payg‘ambarning bir vasiysi bor. Muhammadning vasiysi Aliydir. Muhammad xotamul anbiyo, Aliy esa xotamul avsiyodir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatiga amal qilmay, u zotning vasiysiga hamla qilib, ummatning ishini o‘z qo‘liga olgan odamdan ham zolimroq kimsa bormi? Usmon nohaqdan xalifa bo‘lib olgan. Aliy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiysi. Unga yordam berish kerak. Bu ishni ado etish uchun qo‘zg‘aling! Har kim ishni o‘z amiriga ayb qo‘yishdan boshlasin. Sirtdan amri ma’ruf, nahiy munkar qilayotgan bo‘lib ko‘rininglar. O‘shanda odamlar sizlarga moyil bo‘ladilar. Ularni o‘z ishimizga undanglar!» der edi.
U o‘z targ‘ibotchilarini har tarafga yubordi. Turli joylardagi fitnachilar bilan maktublar orqali xabarlashuvni yaxshilab yo‘lga qo‘ydi. Ular Abdulloh ibn Saba’ga har tarafdan xat yuborib turishardi. Fitnachilar bir-birlari bilan o‘z amirlarini ayblab xat yozishardi. Olgan maktublarini iloji boricha ko‘proq odamlarga o‘qib berishardi.
Fitnachilar o‘z maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida har qanday pastkashlikdan qaytishmas edi. Ular har bir kishini o‘z saflariga tortishga harakat qilar, har bir holatdan o‘z foydalari uchun biror narsa chiqarishga urinishardi. Endi fitnachilar hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni asosiy mo‘ljal qilib olishgan, u kishini ayblash yo‘lida turli bo‘htonlarni to‘qishar, bu bo‘htonlarni odamlar o‘rtasida tarqatishga jon-jahdlari bilan harakat qilishardi. Sofdil musulmonlar ularning bunday bo‘htonlariga qarshi qo‘llaridan kelgan choralarni ko‘rar edilar.
Bo‘htonlar osonlik bilan rad qilinar, ammo fitnachilar tinim bilishmasdi. Hazrati Usmonga nisbatan qilingan eng katta tuhmatlar ikki qismga bo‘linadi: biri – hukm tarafdan, ikkinchisi – iqtisodiy tarafdan.
Hukm tarafidan bo‘lgan ayblov «Atrofiga qarindoshlarini yig‘ib, ko‘pgina yuqori mansablarga ularni qo‘ygan» degan tuhmat asosida bo‘lgan. Aslida esa Usmon roziyallohu anhu buni qarib qolganlari, yordamchilarga muhtoj bo‘lganlari uchun qilgan edilar, chunki eng ishonchli odamlar qarindoshlar bo‘ladi. Begonadan ko‘ra ko‘proq ularga suyaniladi. Ularning nimalarga imkonlari borligini, qanday ishlarga qodirligini oldindan bilgani uchun ular bilan ishlash oson bo‘ladi.
Iqtisodiy tarafdan bo‘lgan e’tirozlarga kelsak, ma’lumki, Usmon roziyallohu anhu juda ham boy, qo‘li ochiq, baxillik nimaligini bilmaydigan, Alloh taoloning yo‘lida molining hammasini nafaqa qilib, tarqatgan odam bo‘lganlar. Baytulmolga ega bo‘lganlarida undagi moldan o‘zlari olganlar, qarindoshlariga va so‘raganlarga berganlar. Ba’zi vaqtda isrof bo‘lgan, degan tuhmatlar ham bo‘lgan.
U kishi Islom yo‘lida barcha mollarini nafaqa qilgan, musulmonlarning, xalifalikning ishi uchun o‘zlarining son-sanoqsiz mollarini sarflagan edilar. Demak, Baytulmoldan hojatlari uchun yoki qiynalmasdan yashash uchun kerakli miqdorda olishga haqlari bor edi.
Fitnachilar mana shu nuqtalarni ushlab olib, hazrati Usmon roziyallohu anhuga qarshi qo‘zg‘alon ko‘tarishdi. Bu ko‘r-ko‘rona fitna keng tarqaldi. G‘azabini tiya olmagan ko‘plab odamlar Madinai munavvaraga kelib, xalifa bilan jangu jadal qilishdi. Kufalik, basralik, misrlik fitnachilar Madinaga bir vaqtda kirib kelishdi. Ularning yo‘lini hazrati Aliy roziyallohu anhu to‘sib chiqib, qilayotgan ishlari xatoligini tushuntirdilar, xalifani mudofaa qildilar. Shundan keyin qo‘zg‘alonchilar orqaga qaytib ketishdi.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
Inson yaratilgan vaqtdan buyon jamiyat o‘rtasida uning huquqlari va majburiyatlari birga shakllandi. Huquq va majburiyatlar insonlar o‘rtasida paydo bo‘ladigan nizolarni oldini olish uchun yuzaga kelgan. Asrlar osha inson takomillasha borgan sari uning huquq va majburiyarlari ham shunga monan rivojlanib bordi. Shuning uchun ham Alloh taolo turli zamonlarda va turli millatlarga turli xil shariat mezonlarini nozil qilgan. Boshlang‘ich bosqichda islom davlatida huquqiy institutlar rivojlanmagan shaklda mavjud bo‘lib, islomning axloqiy vazifalari va mazhabiy figurasi bir-biri bilan hamohang va uyg‘unlashgan edi.
Shuni ta’kidlash kerakki, har bir jamiyatda, uning qanday sharoitda yashashidan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lgan ishlar, muammolar, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, jamiyatda tinchlikni ta’minlab, jinoyatning oldini olish va boshqa ko‘p hayotiy muammolarini yechish uchun bir miqdor qonun-qoidalarga zarurat bo‘lgan. Islom dinini birinchi bo‘lib qabul qilgan arablar jamiyati yetarli darajada rivojlangan bo‘lmasa ham, o‘ziga xos qoidalar va an’analarga ega edi. Ularda salam (pulni oldindan to‘lab, pishib yetmagan mol, masalan, bug‘doyni keyinroq olish bitimi), muzoraba (sheriklik asosida pulni foydaga ishlatish uchun birovga berish), xilma-xil nikoh shakllari, hakamiyat (hakamlik), savdo va muomalotga tegishli bir qator urf-odatlar mavjud bo‘lib, jamiyatda qonun tusini olgan edi. Lekin mazkur udum va qoidalar yetarli darajada o‘sib rivojlanmagani tufayli, butun jamiyat hayoti sohalarini qamrab olib, birlashgan jamiyat va umumiy huquqiy tizim qurish uchun yetarli emasdi. Arablar qabilaviy sharoitda yashaganliklari uchun ularda markazlashgan hokimiyat yo‘q edi, bu esa yagona sud tizimini tashkil etish uchun imkon bermasdi. Makka shahri eng muhim tijorat markazi bo‘lgan. Savdo va tijorat sohasidagi qonunlarni savdogarlar o‘zaro ijro etardilar.
Oilaviy munosabatlar (qarindoshlik va meros)ga oid qonunlar, shuningdek, jazo qonuni,ham ko‘chmanchilar va ham shaharlarda yashovchi aholi orasida eski qabilaviy tuzum ta’siri ostida edi. Unga binoan biron-bir qabilaga mansub bo‘lmagan kishi qabilaviy qonun himoyasidan chetda qolardi[1]. Arablar orasida nizo va kelishmovchiliklar paydo bo‘lganda, tomonlar muzokara yo‘li bilan kelisha olmasalar, hakamlarga murojaat qilinardi. Hakamlar biron-bir xos firqaga mansub bo‘lmay, keng ma’lumotli, zukko va yaxshi nom chiqargan kishilar hamda ilohiy kuchga ega hisoblangan kohinlar ichidan tanlanardi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam (payg‘ambarligidan ilgari) Ka’bani ta’mirlash ishlari olib borilganda Qoratosh (Hajarul-asvad)ni o‘rniga qo‘yish bo‘yicha urug‘lar orasida yuzaga kelgan nizoni hakam sifatida hal qilishga muvaffaq bo‘lgan edilar. Islom dini o‘z huquqiy tizimi va qonunchiligini rivojlantirar ekan, Qur’on va Sunnaga asoslangan holda arablar jamiyatida qonun darajasiga ko‘tarilgan urf-odatlar va an’anaviy udumlardan ham foydalandi. Shu ma’nodaki, ularning ayrimlari Qur’on oyatlari yoki hadislar orqali bekor qilindi, ayrimlariga o‘zgartirishlar kiritib qabul qilindi va ba’zilariga qonuniy tus berildi. Shuningdek, muzoraba va shirkat me’yorlari qabul qilinib, ribo (sudxo‘rlik) butunlay harom deb e’lon qilindi.
Hijriy I asrda islom huquqi shakllana boshlab, hijriy II va III asrlarda taraqqiyot bosqichlariga ko‘tarildi. Hijriy II asr boshlarida ilk huquqiy maktablar (mazhablar) yuzaga kela boshladi va yangi shakllangan islom jamiyati o‘zining boshlang‘ich huquqiy va qonuniy institutlari-muassasalarini qurishga muvaffaq bo‘ldi[2]. Arab xalifaligida ijroiy faoliyatlar va qonun tuzish ishlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq edi va uning maqsadi yangi tasarruf qilingan mamlakatlar idoralarini islom qonunlari asosida tashkil etib, boshqarish edi. Hijriy I asr o‘rtalariga kelib islom siyosiy qarama-qarshiliklarga duch keldi. Xavorij (xorijiylar) va shia firqalari ko‘pchilikni tashkil etgan ahli sunna val-jamoaga qarshi turdilar. Keyinroq shialar sunniylikning buyuk olimlari tomonidan asos solingan va takomillashtirilgan huquqiy tizimlarni iqtibos etib, hijriy II asrning ikkinchi yarmida ularga ayrim o‘zgartirishlar kirgizdilar[3]. Hijriy I asr asosan tasarruf etilgan mamlakatlar huquqiy normalarini ko‘rib chiqib, ularning urf-odatlarini shariat qonunlariga moslashtirish jarayoni bilan o‘tdi. Islom huquqining yaratilib, tartibga solinishi hijriy II asr o‘rtalarida boshlandi va o‘z taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Islom huquqi o‘z rivojlanish bosqichlarini shu yo‘sinda bosib o‘tdi. Asli arab bo‘lmagan ko‘p xalqlar, ayniqsa, Movarounnahr faqihlari va muhaddislari uning rivojiga beqiyos darajada katta hissa qo‘shib keldilar. Islom tarixchilarining fikrlariga ko‘ra, islom huquqi (fiqh) o‘z taraqqiyot jarayonida quyidagi olti davrni bosib o‘tgan:
Birinchi bosqich: Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam davrlari;
Ikkinchi bosqich: Sahobalar davri;
Uchinchi bosqich: Tobeinlar davri;
To‘rtinchi bosqich: Mujtahidlar davri;
Beshinchi bosqich: Muharrijlar davri;
Oltinchi bosqich: Muqallidlar yoki taqlid davri[4].
Abdulhay Laknaviy rahimahulloh hanafiy mazhabi faqihlarini tabaqalashtirishda muharrijlar davridan so‘ng as’hobut-tarjih, ya’ni buyuk faqihlar tomonidan yozib qoldirilgan hukmlardan ayrimlarini zaruratga binoan bir-biridan ustun qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan olimlar davrini ham ko‘rsatib o‘tadi. Lekin bizning fikrimizcha, muharrijlar va as’hobut-tarjih davrini bir bosqich deb hisoblash mumkin, chunki ular ko‘pincha bir davrda yashab, o‘z vazifalarini bajarib kelganlar. Zamon o‘tishi va davr taqozosi bilan islom huquqi, ya’ni fiqh ilmi rivojlanib, asta-sekin tafsir, hadis va boshqa islomiy ilmlardan ajralib bordi. Payg‘ambarimiz hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin sahobalar davri va undan keyin tobeinlar davri qaror topdi.
Hijriy II asrning dastlabki o‘n yilliklarida ilk huquqiy maktablar yuzaga kela boshladi. “Islomda huquq” kitobida ular “qadimiy huquqiy maktablar” deb atalgan. Biz ularni “ilk huquqiy maktablar” deb atadik. Mazkur maktablar hech qanday mushaxxas va konkret tashkilotni ko‘rsatmaydi, ularning foydalanadigan usul va qoidalari tizimga solinmagan va hech qanday rasmiy tus olmagan edi[5]. Ushbu maktablar vakillari bo‘lgan faqihlar o‘z sohalari bo‘yicha iqtidorli kishilar bo‘lib, islom ta’limotiga asoslangan barcha ilmlar, masalan, tafsir, hadis va fiqh ilmlariga qiziqardilar va ular bo‘yicha keng ma’lumot va yuksak malakaga ega edilar. Ular o‘z shaxsiy qiziqishlari asosida musulmonlar jamoasi orasida yuksalib, o‘z ilmu fazilatlari bilan barcha xalq tomonidan ishonch va hurmatga sazovor bo‘lgan edilar.
Ahli sunna val-jamoaga tegishli bo‘lgan ilk huquqiy maktablar quyidagilardan iborat edi:
1. Madina huquqiy maktabi;
2. Makka huquqiy maktabi;
3. Basra huquqiy maktabi;
4. Kufa huquqiy maktabi;
5. Shom huquqiy maktabi.
Basra va Kufa huquqiy maktablari Iroq maktabini tashkil etadi.
Misr o‘ziga xos huquqiy maktabga ega bo‘lmay, boshqa huquqiy maktablar, ayniqsa, Madina maktabi ta’siri ostida edi .
Ilk huquqiy maktablarning mashhur vakillari quyidagilardan iborat edi:
1. Madina maktabi namoyandalaridan Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Umar, Zayd ibn Sobit, Said ibn Musayyib, Zuhriy, Yahyo ibn Said va boshqalar.
2. Makka maktabidan Abdulloh ibn Abbos, Sufyon ibn Uyayna, Muslim ibn Xolid.
3. Iroq maktabidan Alqama ibn Qays, Qozi Shurayh, Ibrohim Naxaiy, Hammod ibn Sulaymon, Ibn Abi Laylo.
4. Shom maktabining vakili Abdurahmon Avzo’iy edi.
Fiqh tarixi mutaxassislari ta’kidlashlaricha, Iroq islom huquqining muhim markazlaridan biri edi. Hijriy II asr davomida ham Iroq bu sohada o‘z ustunligini saqlab qoldi[6]. Faqat doktor Muhammad Yusuf Muso turli shaharlarda tashkil topgan huquqiy maktablar qatorida Misrda ham shunday maktab bor ekanligini qayd etib o‘tadi . Ilk huquqiy maktablarning eng muhim jihatlari shundan iborat ediki, birinchidan, ular Qur’onga asoslanar edi va Sunnaga katta e’tibor qaratardi. O‘sha davrlarda qiyos, shariatning asosiy manbai sifatida o‘z rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tmagani uchun, ular ushbu metoddan keng ko‘lamda foydalanmasdilar deyish mumkin[7].
Xulosa:
Zamon o‘tishi bilan islom dini keng miqyosda tarqalib, turli dinlarga mansub kishilar unga o‘tgani, ayrim siyosiy, ijtimoiy va aqidaviy sabablarga ko‘ra musulmonlar orasida yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar oqibatida Islom muxoliflari tomonidan ko‘p to‘qima hadislar ishlab chiqilib tarqatila boshlandi va bu hodisa ushbu manbadan qat’iy ishonch bilan foydalanishni og‘irlashtirdi. Shu vaqtlarda hadislarni chuqurroq o‘rganib, tahlil qilish, ular orasidan to‘qima hadislarni chiqarib tashlash va faqatgina haqiqiy hadislar, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislardan huquqiy manba sifatida foydalanish zarurati yuzaga keldi. Bunday yondashuv bir tomondan hadisshunoslik ilmining rivojlanishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yangi huquqiy maktablarning yuzaga kelishi uchun zamin yaratib berdi. Ilk huquqiy maktablarning ish uslubiga tanqidiy yondashilib, har bir maktab tarkibida yangi uslub tarafdori bo‘lgan olimlar yuzaga keldi. Shunday qilib, ilk huquqiy maktablar negizida to‘rtta asosiy sunniy huquqiy maktab shakllandi va har biri o‘z muhitidagi sharoitga muvofiq rivojlandi. Shu yo‘sinda ahli sunna val-jamoa fiqhi, ya’ni islom huquqi bir mukammal va rivojlangan huquqiy tizim sifatida o‘z taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tdi.
Ro'zimuhammad VAHOBOV,
Surxondaryo viloyati, Sho'rchi tumani
“Abu Bakr Siddiq” jome masjidi imom-xatibi.
[1]Islomda huquq./ To‘plovchilar: Majid Xadduriy va Herbert J.Libesni. (Mualliflar guruhi: Sharq va G‘arbning 12 ta mashhur huquqshunos, islomshunos va sharqshunos olimlari jumlasidan Muhammad Abu Zahra, Subhiy Muhassamoniy, Shukriy Qardoshiy, Abul’alo Mordin, Jozef Shaxt va boshqalar). Tehron–Nyu-York, 1955 y. B.37.
[2]O‘sha asar. B.40.
[3]I.Tabariy. Erondagi dunyoqarashlar va ijtimoiy harakatlar haqida tekshirishlar. Kobul: Davlat chop va nashr qo‘mitasi, 1361 h.y. B.221.
[4]Shayx Muhammad Xuzariybek.Tarixut tashri’il islomiy.Bayrut: 1988. B.14-6.
[5]Vahba Zuhayliy. Islom fiqhi va uning manbalari. J.1. Bayrut: Dorulfikr. 1984. 30-b.
[6]Shayx Muhammad Xuzariybek, Tarixut tashri’il islomiy.Bayrut: 1988. B.149-b.
[7]Vahba Zuhayliy. Islom fiqhi va uning manbalari. J.1. Bayrut: Dorulfikr. 1984. 29-b.