Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446
Maqolalar

O‘zini berkitgan odamning avratini ochmaymiz

29.10.2024   2304   11 min.
O‘zini berkitgan odamning avratini ochmaymiz

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

(hijriy 30–35, milodiy 651–656 yillar)

Islom olamidagi katta fitnaning uchi xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga g‘arazgo‘y kuchlar tomonidan suiqasd uyushtirilib, u kishining o‘ldirilishlaridan boshlangan edi. Hazrati Umar roziyallohu anhuning olib borayotgan muzaffar siyosatlari ko‘pchilik dushmanlarning «jigarini yeb borayotgan» edi. Ular Islomning butun yer yuzi bo‘ylab yashin tezligida tarqalib borayotganini mutlaqo ko‘ra olmas edilar.

Xuddi ana shunday kuchlar hazrati Umarning vafotlaridan keyin Rum va Fors tomonlarda qurolli xurujlar qilib, Islom jamiyati qaramog‘idan chiqib, eski tuzumlarini qayta o‘rnatmoqchi bo‘lishdi. Ammo xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ularning bu xurujlarini o‘z vaqtida bartaraf qildilar.

Harbiy tomondan kuchi yetmagan g‘animlar ichki tomondan turli fitnalar chiqarishga o‘tishdi. Ular o‘z maqsadlari yo‘lida turli omillarni ishga solishdi.

Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlari boshqa davr edi. U vaqtda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tarbiyalarini olgan, turli sinovlarda chiniqqan, iymon va ixlosda tengi yo‘q sahobai kiromlar ko‘pchilikni tashkil qilar edilar. Ular orqali jamiyat ichida har qanday siyosatni osonlik bilan joriy qilish mumkin edi. Jamiyat a’zolari fitna nimaligini bilmas edilar. Fitna u yoqda tursin, ba’zi Qur’oni Karim va e’tiqod bo‘yicha shubhali savollar bergan shaxslarning ham adablari berib qo‘yilardi. Ana o‘sha umumiy ruh va xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning o‘sha ruhdan kelib chiqib yuritayotgan siyosatlari ba’zi bir buzg‘unchi tabiatli shaxslarning ham tanobini tortib turar edi.

Ammo vaqt o‘tishi bilan sharoitlar o‘zgardi. Hazrati Umarning shiddatli siyosatlarini bardavom olib borish qiyin edi. Buni hamma tushunardi. Shuning uchun sahobai kiromlar yangi xalifa saylash vaqtida boshqacha siyosat yurgizadigan shaxsni izladilar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning nomzodlaridan ko‘ra Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning nomzodlarini ustun ko‘rishlariga ham hazrati Aliyning shiddatlari sabab bo‘ldi. Sahobalar «Umarning shiddatidan keyin Aliyning shiddati qo‘shilsa, to‘g‘ri kelmaydi» degan fikrga bordilar.

Buning ustiga, katta sahobalar kamayib qolgan edilar. Arablarning ichida ham keyin musulmon bo‘lgan, Hijozning o‘zidan emas, atrofidan bo‘lgan qabilalar ko‘paygan edi. Eng asosiysi, yashin tezligida tarqalgan fathlar davomida turli xalqlar Islomni qabul qilgan bo‘lib, ularda o‘zlarining avvalgi dinlari, e’tiqodlari va fikr­lari ta’siri hali kuchli edi. O‘sha xalqlar ichida xo‘jako‘rsinga musulmon bo‘lganlari ham bor edi. Eng xatarlisi, fitnaboshi Abdulloh ibn Saba’ga o‘xshab Islomga ichki tomondan zarba berish maqsadida o‘zini musulmon qilib ko‘rsatayotganlar ham yo‘q emas edi.

Ana shular asta-sekin fitnaga zamin tayyorlay boshladilar. Ularning ba’zi ishlarini yuqoridagi satrlarda ham bir oz o‘rgandik. Ular avvaliga ishni ba’zi voliylar ustidan shikoyat qilishdan boshlashdi. Bu ish birinchi bo‘lib Kufadan boshlandi. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu tayin qilgan voliy Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu bilan xaroj omili Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhular o‘rtasida voliyning Baytulmoldan olgan qarzini vaqtida to‘lashi haqida nizo chiqdi.

Ikkalalariga o‘ziga yarasha tarafdor va qarshilar to‘plandi. Xalifa voliyni ishdan olib, o‘rniga Valid ibn Uqbani qo‘ydilar. U kishi o‘sha paytda Umar roziyallohu anhu tomonlaridan Hijozning g‘arbiy tomoniga voliy etib qo‘yilgan yerida ishlab turgan edi. Uni kufaliklar xursand bo‘lib kutib oldilar. Bu ishdan ayniqsa oldingi voliyga qarshi bo‘lgan kishilar xursand bo‘lishdi. Odatda, fitnachilar yangi rahbarning qo‘yniga kirishga harakat qilishadi. Bu yerda ham shunday bo‘ldi. Yangi voliy hamma bilan yaxshi aloqada bo‘lishga harakat qildi. Hamma ishlar yaxshi ketib turganda, bir hodisa sodir bo‘ldi. Ana shu hodisa tufayli ishlar boshqachasiga aylanib ketdi.

Bir guruh kufalik yoshlar birovning uyini teshib kirib, uy egasini o‘ldirishdi. Bu ishdan xabar topgan bir qo‘shni odam mirshablarni chaqirdi. Ular jinoyatchilarni tutishdi. Ular orasida Zuhayr ibn Jundub Azdiy, Muvarri’ ibn Abu Muvarri’ Asadiy va Shubayl ibn Ubay Azdiylar bor edi. Mahkamada ularning jinoyatlari sobit bo‘ldi va shariat hukmiga binoan qatl etildilar. Ularning otalari va qarindoshlari bu ish uchun voliy Validdan xafa bo‘lib, unga qarshi payt poylay boshlashdi. Uning kechqurun olib boriladigan suhbati bor edi. Bu suhbatda turli odamlar, jumladan, Abu Zayd Toiy ham qatnashar edi. U asli nasroniy bo‘lib, keyin Islomni qabul qilgan va aroq ichish odati bor edi. Bir kuni haligi hasadgo‘ylarning oldiga birov kelib: «Validning Abu Zayd bilan xamr tanovul qilishidan xabaringiz bormi?» dedi. Ular ayni shu gapni kutib turishgan edi. Bu gapni birpasda hamma tarafga tarqatishdi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning huzurlariga borib, bu gapni aytishgan edi, u kishi: «Biz o‘zini berkitgan odamning avratini ochmaymiz», dedilar. Valid bu gapni eshitib, xafa bo‘ldi. «Sendek odam fitnachi qavmga shunday javob beradimi?! Men nimani berkitibman?! Bu g‘arib – notanish odam haqida aytiladigan gap», dedi. Shu bilan ikkovlarining oralariga ham sovuqchilik tushdi.

Fitnachilar bu bilan ham kifoyalanib qolishmadi. Dorul xilofaga borib, Validning ustidan shikoyat qilishga qaror qilishdi. Ular ichlaridan ikki kishining guvohlikka o‘tishiga kelishib olib, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning huzurlariga borishdi. Fitnachilarning safida voliy Valid tomonidan ishdan bo‘shatilgan alamzadalar ham bor edi. Odatda, fitnachilarning doimo shunga o‘xshash kishilarni izlab topib, o‘z saflariga qo‘shib olishlari sinalgan tajribadir. Ular borib, o‘z maqsadlariga erishdilar. Voliy Valid ibn Uqba ibn Abu Mu’ayt chaqirilib, darra urildi va ishdan olindi. Bu ish fitnachilar tomonidan qilingan uydirma edi.

Mazkur kufalik fitnachilarga Molik ibn Horis Ashtar Naxa’iy, Sobit ibn Qays Naxa’iy, Kumayl ibn Ziyod Naxa’iy, Zayd ibn Suvhon Abdiy, Jundub ibn Zuhayr G‘omidiy, Jundub ibn Ka’b Azdiy, Urva ibn Ja’d, Amr ibn Ja’d va Amr ibn Hamiq Xuzo’iylar rahbarlik qilishar edi.

Ular fitna qilib yurib, Sa’id ibn Os roziyallohu anhuning ham ishdan bo‘shatilishiga erishdilar.

Ammo hamma baloning boshi Misrda edi. Abdulloh ibn Saba’dek fitnaboshi hamma yerdan quvilsa ham, bu yerda hurmat-e’tibor topgan edi. U Misrga joylashib olib, o‘z rejasini amalga oshirishga zamin tayyorlar edi. U ko‘pchilik orasida o‘z ta’limotlarini tarqatib borardi. U odamlarga: «Har payg‘ambarning bir vasiysi bor. Muhammadning vasiysi Aliydir. Muhammad xotamul anbiyo, Aliy esa xotamul avsiyodir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatiga amal qilmay, u zotning vasiysiga hamla qilib, ummatning ishini o‘z qo‘liga olgan odamdan ham zolimroq kimsa bormi? Usmon nohaqdan xalifa bo‘lib olgan. Aliy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiysi. Unga yordam berish kerak. Bu ishni ado etish uchun qo‘zg‘aling! Har kim ishni o‘z amiriga ayb qo‘yishdan boshlasin. Sirtdan amri ma’ruf, nahiy munkar qilayotgan bo‘lib ko‘rininglar. O‘shanda odamlar sizlarga moyil bo‘ladilar. Ularni o‘z ishimizga undanglar!» der edi.

U o‘z targ‘ibotchilarini har tarafga yubordi. Turli joylardagi fitnachilar bilan maktublar orqali xabarlashuvni yaxshilab yo‘lga qo‘ydi. Ular Abdulloh ibn Saba’ga har tarafdan xat yuborib turishardi. Fitnachilar bir-birlari bilan o‘z amirlarini ayblab xat yozishardi. Olgan maktublarini iloji boricha ko‘proq odamlarga o‘qib berishardi.

Fitnachilar o‘z maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida har qanday pastkashlikdan qaytishmas edi. Ular har bir kishini o‘z saflariga tortishga harakat qilar, har bir holatdan o‘z foydalari uchun biror narsa chiqarishga urinishardi. Endi fitnachilar hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni asosiy mo‘ljal qilib olishgan, u kishini ayblash yo‘lida turli bo‘htonlarni to‘qishar, bu bo‘htonlarni odamlar o‘rtasida tarqatishga jon-jahdlari bilan harakat qilishardi. Sofdil musulmonlar ularning bunday bo‘htonlariga qarshi qo‘llaridan kelgan choralarni ko‘rar edilar.

Bo‘htonlar osonlik bilan rad qilinar, ammo fitnachilar tinim bilishmasdi. Hazrati Usmonga nisbatan qilingan eng katta tuhmatlar ikki qismga bo‘linadi: biri – hukm tarafdan, ikkinchisi – iqtisodiy tarafdan.

Hukm tarafidan bo‘lgan ayblov «Atrofiga qarindoshlarini yig‘ib, ko‘pgina yuqori mansablarga ularni qo‘ygan» degan tuhmat asosida bo‘lgan. Aslida esa Usmon roziyallohu anhu buni qarib qolganlari, yordamchilarga muhtoj bo‘lganlari uchun qilgan edilar, chunki eng ishonchli odamlar qarindoshlar bo‘ladi. Begonadan ko‘ra ko‘proq ularga suyaniladi. Ularning nimalarga imkonlari borligini, qanday ishlarga qodirligini oldindan bilgani uchun ular bilan ishlash oson bo‘ladi.

Iqtisodiy tarafdan bo‘lgan e’tirozlarga kelsak, ma’lumki, Usmon roziyallohu anhu juda ham boy, qo‘li ochiq, baxillik nimaligini bilmaydigan, Alloh taoloning yo‘lida molining hammasini nafaqa qilib, tarqatgan odam bo‘lganlar. Baytulmolga ega bo‘lganlarida undagi moldan o‘zlari olganlar, qarindoshlariga va so‘raganlarga berganlar. Ba’zi vaqtda isrof bo‘lgan, degan tuhmatlar ham bo‘lgan.

U kishi Islom yo‘lida barcha mollarini nafaqa qilgan, musulmonlarning, xalifalikning ishi uchun o‘zlarining son-sanoqsiz mollarini sarflagan edilar. Demak, Baytulmoldan hojatlari uchun yoki qiynalmasdan yashash uchun kerakli miqdorda olishga haqlari bor edi.

Fitnachilar mana shu nuqtalarni ushlab olib, hazrati Usmon roziyallohu anhuga qarshi qo‘zg‘alon ko‘tarishdi. Bu ko‘r-ko‘rona fitna keng tarqaldi. G‘azabini tiya olmagan ko‘plab odamlar Madinai munavvaraga kelib, xalifa bilan jangu jadal qilishdi. Kufalik, basralik, misrlik fitnachilar Madinaga bir vaqtda kirib kelishdi. Ularning yo‘lini hazrati Aliy roziyallohu anhu to‘sib chiqib, qilayotgan ishlari xatoligini tushuntirdilar, xalifani mudofaa qildilar. Shundan keyin qo‘zg‘alonchilar orqaga qaytib ketishdi.

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Naqshbandiy” masjidi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yildi

21.01.2025   1606   1 min.
“Naqshbandiy” masjidi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yildi

Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.

Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.

Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.

Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

“Naqshbandiy” masjidi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yildi “Naqshbandiy” masjidi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yildi “Naqshbandiy” masjidi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yildi “Naqshbandiy” masjidi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yildi