Qo‘lingizga qog‘oz-qalam olib, mahzun paytlaringizda xoh oshkora, xoh maxfiy aytadigan so‘zlaringizni eslab, yozib ko‘ring. Bu –aytayotgan har bir so‘zingizni o‘ylab gapirishga odatlantiradigan mashqdir. O‘zingizni yaxshilab taftish qiling. Og‘zingizdan chiqayotgan so‘zlarga harfma-harf e’tiborli bo‘ling. Bu mashqni taxminan bir oy davom ettiring. Oxirida yozib chiqqan so‘zlaringiz haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Bu yozuvlar sizning aslida qanday odam ekaningizni ko‘rsatadi. Xafa bo‘lganingizda yaxshi gap aytasizmi yoki so‘kinasizmi – ixtiyor o‘zingizda!
G‘amga botgan paytlaringizda o‘zingizni duoibad qilganmisiz? Natija qanday bo‘lgan?
Pokiza singlim!
Bugun bir yaxshilab o‘ylab ko‘ring! Sizga yo‘liqqan musibat-balolarni, kasalliklarni bir sarhisob qilib chiqing! Keyin esa o‘zingizga «Mana shu sinovlarni o‘zimga o‘zim tilab olgan ekanmanmi?» deya savol bering. So‘zimdan ajablanayotgan bo‘lishingiz mumkin, lekin boshingizga tushgan sinovlarga bir nazar tashlasangiz, avval qilgan duoibadlaringizni eslab ko‘rsangiz, ko‘p narsa ayon bo‘ladi. Hozirda sizni qiynab kelayotgan ba’zi muammolarga avval qilgan duoibadingiz sabab bo‘lgan bo‘lishi, siz esa buni hatto yodingizdan chiqarib yuborgan bo‘lishingiz mumkin. Bunday holat Yusuf alayhissalomda ham bo‘lgan. U zot tutqunlikda ko‘p yillar qolib ketganlarida Alloh taologa nido qilib, «Yo Robbim! Zindonda uzoq qolib ketdim», deydilar. Shunda Alloh taolo: «Buni o‘zing so‘ragansan! Sen zindon so‘rading, Men esa uni berdim. Buning o‘rniga ofiyat so‘raganingda, duoingni ijobat qilgan bo‘lardim», deydi.
Darhaqiqat, Yusuf alayhissalom ayollar bilan bo‘lib o‘tgan fitnada bunday deb yuborgan edilar:
«Robbim, ular meni chorlayotgan narsadan ko‘ra men uchun zindon yaxshiroq. Ularning hiylasini O‘zing mendan nari qilmasang, ularga moyil bo‘lib, johillardan bo‘lib qolaman» (Yusuf surasi, 33-oyat).
Shuning uchun Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohdan bir kecha-kunduzda ikki marta afv va ofiyat so‘rab duo qilar edilar. U zot bu duoni yillar davomida, uzluksiz qilganlar.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kech kirganda ham, tong otganda ham shu duoni kanda qilmas edilar: «Allohim! Menga dinimda, dunyoimda va oxiratimda afv va ofiyat bergin. Allohim, dinimda, dunyoimda, ahlimda va mol-mulkimda afv va ofiyat bergin. Allohim, avratimni (gunohlarimni) yashirgin, qo‘rqinchlarimni omonlikka aylantirgin. Allohim, meni oldimdan, ortimdan, o‘ngimdan, so‘limdan va ustimdan muhofaza qilgin, suiqasdga qolishdan O‘zing panohingda asragin».
Bir qiz aytadi:
«Turmushga chiqishimdan oldin siqilgan paytlarimda o‘zimni o‘zim duoibad qilar edim. Ko‘p yillar shunday o‘tdi. Ba’zan bir kunda bir necha marta o‘zimni qarg‘ar edim. Qachon biror narsadan siqilsam, «Allohim, o‘lsam qutulamanmi? Meni qo‘l-oyog‘imdan, ko‘zimdan judo qilgin!» deb baqirardim. Shunga o‘xshash har xil yomon gaplar aytib, o‘zimni o‘zim qarg‘ar edim. Oilamdagilar esa bu so‘zlarimga parvo qilmas, o‘zini eshitmaganga olishardi. Alloh taolo esa meni har safar kechiravergan ekan, yangi-yangi imkoniyatlar beraverargan ekan.
Bu illatdan turmushga chiqqanimdan keyin ham qutulolmay, o‘zimga yomonlik, o‘lim, bedavo dard va shu kabi balolarni so‘rab duo qilaverdim. Allohning marhamatini qarangki, turmush o‘rtog‘im bu duoibadlarimga qattiq e’tibor berar, meni bundan qaytarar edi. Lekin men o‘zimni o‘zim qarg‘ashdan to‘xtamasdim. Bir kuni u meni bu ishdan qaytarish uchun ajoyib hiyla o‘ylab topdi. O‘zimni duoibad qilayotganimni eshitsa, «Alloh mening qayerimni shol qilsin? O‘ng tarafimni yoki chapimnimi? Faqat qo‘llarim ishlamay qolsinmi yoki oyoqlarim hammi?» der edi.
Men esa erimning bu so‘zlaridan battar jahlim chiqib, yana ham ko‘proq qaysarlik qilishga o‘tardim. Shu yo‘sinda o‘n yil o‘tdi. Alloh ayblarimni yashirar, meni ofiyatda saqlar edi. Lekin ko‘za kunida sindi – to‘satdan yomon dardga chalindim: bir oyog‘im ishlamay qoldi. Shunaqangi g‘am-g‘ussaga botib qoldimki, yig‘idan to‘xtamay qoldim. Bir kuni: «Nima uchun Alloh shunday navqiron yoshimda menga bu dardni ravo ko‘rdi?» deb hasrat qilib o‘tirsam, erim: «Bu necha yillardan buyon o‘zingiz Allohdan tilab olganingiz-ku! Shol bo‘lishni o‘zingiz duo qilib so‘rardingiz-ku? Nega endi so‘raganingizni berganida xafa bo‘lyapsiz?» dedi.
Odam g‘amga botgan, g‘azablangan paytida ham o‘zini qarg‘ab, duoibad qilmasligi kerakligini shundagina tushundim. Duoibadni duoi xayrga almashtirib, nima bo‘lganda ham Allohdan sog‘lik, omonlik so‘raydigan bo‘ldim».
Muhtarama singlim!
O‘zingizni duoibad qilishingiz xuddi osmonga tosh otgandek gap. O‘sha tosh boshingizga kelib tushishi mumkin. O‘sha duoibadlaringiz Alloh duolarni ijobat qiladigan vaqtga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Qarabsizki, duolaringiz ijobat bo‘lib, o‘sha balo boshingizga kelishi mumkin.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي أُسَيْدٍ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلَّمَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ وَأَنَا عِنْدَهُ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أَبَوَايَ قَدْ هَلَكَا، فَهَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّهِمَا شَيْءٌ؟ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَعَم، أَرْبَعَةُ أَشْيَاءَ: الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عُهُودِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ رَحْمِهِمَا الَّتِي لَا رَحْمَ لَكَ إِلَّا مِنْ قِبَلِهِمَا»، فَقَالَ الرَّجُلُ: مَا أَكْبَرَ هَذَا أَوْ مَا أَطْيَبَهُ يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: «فَاعْمَلْ بِهِ».
Abu Usayddan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Banu Salama qabilasidan bir kishi kelib, gaplashdi. Men u zotning oldilarida edim. U: «Ey Allohning Rasuli, ota-onam o‘tib ketdilar. Zimmamda ularga yaxshilik qilishimdan biror narsa qoldimi?» dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Ha! To‘rt narsa qoldi: ularga duo qilishing, ularga istig‘for aytishing, ikkovlaridan keyin ularning va’dalarini bajarishing va ikkovlari tomonidan senga qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilishing», dedilar.
Shunda haligi odam: «Bu qanday ham ulug‘!» yoki «Qanday yaxshi, ey Allohning Rasuli!» dedi.
«Endi shunga amal qil!» dedilar».
Sharh: Aslida vafot etgan odamning bu dunyoda qilgan amallari asosida oxiratdagi maqomi belgilanadi. Uning zarracha yaxshiligi yoki yomonligi bo‘lsa ham hisobga olinadi. Ammo Alloh taolo Muhammad alayhissalom ummatiga rahm ko‘rsatib, ularning o‘limlaridan keyin ham ortlaridan savob yetib borishiga va ularning oxiratdagi maqom hamda darajalarining ortib borishiga yo‘l ochib qo‘ygan.
Ana shu yo‘llardan to‘rttasi ushbu hadisi sharifda ko‘rsatilmoqda.
Farzand ota-onasi tirikligida ularning xizmatini qilib, roziligini olib, yaxshiliklar qilib o‘tishga targ‘ib qilinadi. Lekin ota-ona vafot etganlaridan keyin ham, ushbu hadisda kelgan ta’limotga binoan, ularga to‘rt xil yaxshilik qilsa bo‘lar ekan.
1. Duo qilish.
Ota-onalarining haqqiga Alloh taolodan yaxshiliklar – jannat, xayr-barakalar so‘rab duo qilish farzandning o‘z ota-onasiga ularning vafotlaridan keyin ham qiladigan yaxshiliklaridandir. Bu duolar ota-onaga borib turadi, ularning a’moli xayrlariga qo‘shilib turadi. Bu bilan farzand ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
2. Istig‘for aytish.
Ota-onasining gunohini kechishini Alloh taolodan so‘rab, istig‘for aytish. Farzand o‘tib ketgan ota-onasiga Alloh taolodan mag‘firat so‘rab tursa, ularga vafotlaridan keyin ham yaxshilik qilishda davom etgan bo‘ladi.
O‘tib ketgan ota-onasiga mag‘firat so‘raydiganlarning eng yaxshisi namozxonlardir. Namozxon har namozining oxirida, duo qabul bo‘ladigan bir maqomda, salom berishdan oldingi duosida ota-onasiga mag‘firat so‘raydi.
3. Ota-onaning va’dalarini bajarish.
Ota-ona kim bilandir ahd tuzgan bo‘lsa, bergan va’dasi bo‘lsa, majburiyatlari bo‘lsa – shularning hammasini o‘rniga qo‘yib, vasiyatlarini bajarish ham ota-onaning orqasidan qilinadigan yaxshiliklar qatoriga kirar ekan. Bu ishlar bilan ham farzand ularga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
4. Ota-onaning do‘stlari, yaqin kishilari, qarindoshlariga yaxshilik qilish.
Shu yo‘l bilan ham farzand ota-onasiga ular o‘tib ketganlaridan keyin ham yaxshilik qilishi, orqalaridan savoblar yetkazib turishi mumkin ekan. Kim bu ishni muntazam qilsa, ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Musulmon farzand ota-onasiga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilish harakatida bo‘lishi.
2. Ota-onaga ularning o‘limidan keyin ham yaxshilik qilish mumkinligi.
3. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga duo qilib turishi lozimligi.
4. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga istig‘for aytib turishi kerakligi.
5. Farzand vafot etgan ota-onasining ahdiga vafo qilishi kerakligi.
6. Farzand vafot etgan ota-onasining do‘stlari, yaqinlari va qarindoshlariga yaxshilik qilib turishi kerakligi.
Bundan tushunib olamizki, ota-ona o‘tib ketsa ham, ularga yaxshilik qilishning eshiklari ochiqdir. Mana shu rivoyatda kelganidek, bolaning zimmasida ota-onaning yana to‘rtta haqqi qolar ekan. Ularni bajarish bolaning vazifasi ekan.
عَنْ هَمَّامٍ قَالَ: قُلْتُ لِكَعْبٍ: أَحْتَسِبُ عِنْدَ اللهِ مَا فَاتَنِي مِنْ بِرِّ الْوَالِدَيْنِ. قَالَ: لَمْ يَفُتْكَ بِرُّهُمَا، اسْتَغْفِرْ لَهُمَا، وَاجْعَلْ لَهُمَا حَظًّا مِنْ صَلَاتِكَ وَصِيَامِكَ وَصَدَقَتِكَ تَكُنْ مِنَ الْأَبْرَارِ، إِنْ شَاءَ اللهُ.
Hammamdan rivoyat qilinadi:
«Ka’bga: «Ota-onaga qilolmay qolgan yaxshiligim uchun ham Allohdan savob umid qilaman», dedim.
«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».
Sharh: Roviy Hammam o‘zini qiynab yurgan masalani Ka’bul Ahborga dilidan chiqarib bayon qildi: «Ota-onamga qilolmay qolgan yaxshiliklarim uchun Allohning O‘zidan sabr so‘rayman», dedi.
Mana shu gap uni doimo qiynar edi. Ota-onasi tirik chog‘ida ularga ko‘ngildagidek xizmat qila olmadi. Ular o‘tib ketganlaridan keyin qadrlarini tushunib yetdi. Endi afsus-nadomat chekmoqda. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, degani shu ekan-da. Ota-ona tirik chog‘ida, oldida turganlarida ularning qadrini tushunib yetmabdi. Dunyoning tashvishini qilibdi. Bolam-chaqam, debdi. Mana, endi afsus qilmoqda. Qani edi, hozir ota-onasi tirik bo‘lsalar-u, u kechayu kunduz ixlos bilan xizmatlarini qilib, duolarini olsa. Afsus, afsus! Endi iloji yo‘q. Ular qayta tirilib kelishmaydi. Hammam ularga yaxshilik qila olmaydi. Butun umri afsus bilan o‘tadi.
Ka’bul Ahbor kutilmaganda Hammaning xayolida yo‘q gapni aytib qoldi.
«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».
Ha, ota-onangga yaxshilik qilolmay qolganing yo‘q. Ular vafot etib ketgan bo‘lsalar, hozir ham ortlaridan yaxshilik qilsang bo‘laveradi. Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalariga mehribon Zot. U bizga ota-onalarimizga ularning o‘limidan keyin ham orqalaridan yaxshiliklarimiz yetib boradigan eshiklarni ochib qo‘ygan. Buning uchun sen ularning ikkovlariga istig‘for aytib tur. «Allohim, otamni mag‘firat qil, onamni mag‘firat qil, gunohlarini kechir», deb tur.
Ota-onangga namozingda duo qilib tur. Ro‘zangdan ham ularga nasiba ajrat. Savobini ularga bag‘ishla. Ularni yo‘qlab, sadaqa qilib tur. O‘sha sadaqaning savobini ularga bag‘ishla. Bu ishlaring ota-onangga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilganingdek bo‘ladi.
Demak, inson ota-onasining ortidan duo qilish, ularga istig‘for aytish, namozidan, ro‘zasidan, sadaqasidan hosil bo‘lgan savoblarni bag‘ishlab turish bilan ham ota-onalariga qiladigan yaxshiligini davom ettirishi mumkin ekan.
Farzandning ota-onasining o‘limidan keyin ularga yaxshilik qilishi ushbu ikki rivoyatda zikr qilingan narsalar bilan cheklanib qolmaydi. Balki bulardan boshqa ishlar bilan ham ota-onaga ularning vafotlaridan keyin yaxshilik qilish mumkin. Ana shunday ishlardan ba’zilari keyingi boblarda keladi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.