Iymon qushining qanotlari qo‘rquv va rajodir. Qurquv deyilganda, Allohdan qo‘rqish anglanadi. Allohdan ko‘rqish deganda esa, hayotimizning har lahzasini U Zotning nazorati ostida o‘tkazish hamda Allohning qahhor va mutlaq hokim Zot ekanini aslo unutmaslik tushuniladi. Zero, buning oqibatida jahannam azobi va jannatdan mahrumlik iztirobi yotadi.
Rajo deganda, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lish tushuniladi. Zotan, Allohning fazlu karami hamda rahmatiga ko‘z tikib ibodat qilish natijasida Allohning roziligini topib, jahannam azobidan qutulish va jannatga erishish tuyg‘usi yotadi. Chunki Alloh taolo bandalariga mehribon Zotdir.
Mo‘min uchun qo‘rquv va rajo, xuddi qushning ikki qanoti singaridir. Qanotlar parrandaning parvozini hosil qiladigan asosiy vositadir. Zero, qush shu ikki parsiz yoki uning birisiz ucholmaydi, balki muvozanat saqlangandagina yengil uchadi. Demak, qushning parvoz qilishi uchun qanotlar qanchalik ahamiyat kasb etsa, mo‘minning saodatga erishishi uchun xavf va rajo shunchalik muhimdir. Naqshbandiya tariqatining buyuk shayxlaridan hazrat Amir Kulol qaddasallohu sirrah xavfu rajo haqida bunday deganlar:
Murg‘i imonro du par: xavfu rajost,
Murg‘i beparro paridan xatost.
Mazmuni: “Iymon qushida ikki qanot bor: xavf va rajo. Zero, qanotsiz qush uchishga yaramaydi”.
Ha, qanotsiz qush ham, qanotlaridan biri shikastlangan yoki singan parranda ham ucholmasligi aniq.
Mo‘min kishining qurquv va rajo o‘rtasida yashashi shariat tarozisining muvozanatli ikki pallasidir. Alloh taolodan qo‘rqish va U Zotning fazlu karamidan umid qilish, har bir musulmonning eng birinchi vazifasi hisoblanadi. Zero, xavf va rajosi bo‘lmagan kishining e’tiqodiga putur yetadi. Chunki inson qo‘rquv orqali gunohdan o‘zini saqlaydi. Natijada, qalbida Allohga muhabbat hosil bo‘ladi. Bu muhabbat uni Allohning fazlu karamidan umid qilishga undaydi. Bu esa, bandaning ibodatlarga havasi va rag‘bati ortishiga sababdir.
Mo‘min kishi umidsiz qo‘rquvga va qo‘rquvsiz umidga tushmasligi, balki shu ikkisi orasida hayot kechirishi lozim. Mabodo bulardan biri yo‘qolsa, inson yo ortiqcha umidsizlikka tushadi, yoki qo‘rquvni unutadi. Buning oqibati esa, ayanchlidir. Shu bois, mo‘min Allohdan qo‘rqib gunohlardan qochishi va U Zotdan umid qilib savobli ishlarni bajarishi lozim. Zotan, qo‘rquv va umid orqali imonimiz quvvatlanadi, e’tiqodimiz to‘g‘ri shakllanadi.
Qurquv va umidi bor kishining imoni mustahkam bo‘ladi. Zero, ular bir-birini to‘ldiradi. Allohning qahridan qo‘rqmay rahmatidan umid qilish beparvolik va g‘ururni yuzaga keltiradi. Shuning uchun, rajoda qo‘rquv bo‘lishi lozim. Zero, qo‘rquvsiz rajo Allohning rahmatidan noumid bo‘lishga sababdir. Qo‘rquvdan rahmat, ilm va rizo hosil bo‘ladi. Zero, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar:
رأس الحكمة مخافة الله
“Hikmatning boshi Allohdan qo‘rqishdir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilib, doimo xavf va rajo o‘rtasida hayot kechirishimizni nasib aylasin. Omin!
Tolibjon QODIROV
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.