Bugun ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda (“tegajog‘lik qildi, zo‘rladi” mazmunidagi) axloqiy buzuqlik bilan bog‘liq noxush xabarlar ko‘payib ketdi. Ularni o‘qiganing sari fig‘oning oshadi. Nahot inson tubanlikka borsa. Bu illat voyaga yetmaganlar orasida ham, aqli raso va hatto yoshi bir joyga borib qolgan insonlar orasida ham urchiyotgani tashvishli holdir.
Bugun fahshni targ‘ib qilayotgan vositalar shunchalar ko‘pki, bundan qochishning iloji yo‘qdek. Oldinlari kishi aytishga or qiladigan behayo gaplar endilikda ochiqchasiga seriallaru kinolarda, ijtimoiy tarmoqlarda tashviq qilinmoqda. Oqibatda insonlarda hayo pardasi ko‘tarilib ketayotgandek...
Buning ta’sirida zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar ortib, o‘lim bilan yakunlanganlari bor. Umri xazon bo‘lgan yosh qiz-juvonlar, o‘smirlar qancha. Voyaga yetmay oila qurayotganlar, maktab partasida o‘tirib ona bo‘layotganlar-chi? Xiyonat sabab oilasi buzilayotgan, bolalarini yetim qilayotganlar, yaqin qondoshlik aloqalarini uzayotganlar ham yetarlicha. Buning ortidan yuqumli va bedavo kasalliklarga chalinayotganlar ham bor. Bularning barchasi birgina axloqsizlik ortidagi fojialardir.
– Zinoning yomonligi shundaki, jamiyatning asosi bo‘lgan oilaga jiddiy putur yetkazadi, insonning nasl-nasabi buziladi. Jamiyatda ko‘plab illatlarning urchishiga, kasalliklarning ortishiga sabab bo‘ladi, – deydi O‘MI Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh domla Toshtemirov. – Shu bois dinimizda u gunohi kabira sanaladi. Qur’oni karimda: “Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo‘ldir” (Isro surasi, 32-oyat), deya marhamat qilingan. Demak, mo‘min kishi uning har qanday ko‘rinishidan yiroq yurishi lozim. Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zga jins vakillari bilan munosabatlarda mana shu jihatlarga e’tibor qaratilmayapti. Nomahramlik masalalariga beparvo bo‘lish va o‘zaro nojo‘ya suhbatlar ortidan oilalar buzilib ketyapti. Hali oila qurmagan yoshlar hayosizlik, zinoning virtual ko‘rinishlariga, ya’ni “onlayn muhabbat”ga ruju qo‘ymoqda. Bu narsalar shariatimizda qat’iyan man qilingan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam zinodan qaytarib aytadilar: “Ey insonlar! Zinodan qo‘rqinglar, unda oltita zarar bor. Shundan uchtasi bu dunyoda, uchtasi oxiratda bo‘ladi. Bu dunyodagilari: zino ruhiy go‘zallikni ketkazadi, kambag‘allik keltiradi, umrni qisqartiradi. Oxiratdagilari esa – Allohning g‘azabi, hisobdan yomon o‘tish va jahannam azobidir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Kundalik hayotimizda ham fahshga ruju qo‘yganlarning boshi balodan chiqmasligiga ko‘p bor guvoh bo‘lamiz. Bu ham hadisning naqadar haq ekanidan dalolatdir.
Qur’oni karimda: “(Ey Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir”, deya marhamat qilingan (Nur surasi, 30-oyat).
Oyatda Alloh taolo erkaklarni nomahram ayollarga shahvat nazari bilan qarashdan man etmoqda. Chunki bunday nazar zinoga yetaklaydi va bunday qarash ko‘z zinosi hisoblanadi. Afsuski, bugun ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida, ayniqsa, televizor va qo‘l telefonimiz qarshisida o‘zimizni nomahramlardan, behayo tasvirlardan tiya olmayapmiz. Yoshimiz ulg‘ayib nafsimizni jilovlab olgandirmiz. Lekin farzandlarimizning bu illat iskanjasidan asray olyapmizmi?
Tahrim surasi 6-oyatda: “Ey iymon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz...” deya marhamat qilingan. Oyat tafsirlarida ulamolarimiz o‘tdan saqlanish gunohlarni tark qilish va toat-ibodat bilan bo‘ladi. Bunda oila boshlig‘i ayolini ham farzandlarini do‘zax azobidan saqlashga mas’ul ekanini ta’kidlashgan.
Xulosa qilib aytganda, mo‘min kishi axloqiy buzuqlikka yetaklaydigan har qanday narsadan uzoq yurishi, ahli oilasini ham bu botqoqdan asrashi shart. Buning uchun esa dinimizni mukammal o‘rganib, Qur’onu sunnatda kelgan amallarni hayotimizga tatbiq qilishimiz, farzandlarimizga buzuqlik gunohi kabira ekanini anglatishimiz, eng asosiysi, ularga Allohni tanitishimiz zarur. Shundagina ular yolg‘iz qolsa ham, Allohning kuzatuvida ekanini his etadi, shayton vasvasalariga, nafsining xohishlariga uchmaydi, inshoalloh.
Bobur MUHAMMAD
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.
13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.
Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.
Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.
Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.
«Xalq so‘zi».