Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Oktabr, 2026   |   28 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:10
Quyosh
06:28
Peshin
12:10
Asr
16:08
Shom
17:56
Xufton
19:10
Bismillah
09 Oktabr, 2026, 28 Rabi`us soni, 1448
Yangiliklar

Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir!

30.10.2024   43788   8 min.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir!

Bugun, 30 oktyabr kuni poytaxtimizda “Orfan kasalliklari tashxisi va davolash” mavzusida  xalqaro forum boshlandi. Mazkur muhim tadbirda dunyoning 15 dan ortiq davlatlaridan delegatsiyalar, sog‘liqni saqlashga sohasiga doir vazirlik, xalqaro va mahalliy tashkilot mutasaddilari turli ekspert va mutaxassislar ishtirok etmoqda. Forum taniqli din peshvolari va tibbiyot mutaxassislarini birlashtirishi bilan ham katta ahamiyatga bo‘ldi. 

Mazkur forum jamiyatdagi eng og‘riqli mavzulardan biri bo‘lgan bolalardagi irsiy-genetik kasalliklarning oldini olish va davolash masalalariga bag‘ishlanadi. 

Xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq qilib, turli kasalliklarning oldini olish va davolashda diniy-milliy qadriyatlarning o‘rni, din peshvolari orfan kasalliklarining ma’naviy, diniy va ijtimoiy jihatlarini muhokama qilishga doim tayyor ekanini ta’kidlab, bemorlar dardiga malham bo‘lish, xususan, irsiy-genetik kasalliklar bilan aziyat chekayotgan yosh bolalarning hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shish savobli ish ekanini alohida qayd etdilar. 

Shuningdek, Islom insoniyatni baxtli-saodatli bo‘lishi uchun dini, joni, aqli, nasli va molini muhofaza qilishga chaqirishi,  Alloh taolo hayot ne’matini insonlarga omonat qilib berarkan, uni muhofaza qilishga amr etishi, aqlning ulug‘ ne’matligi, shu sababli dinimiz aqlga salbiy ta’sir qiluvchi, uning faoliyatini buzuvchi zararli narsalar iste’mol qilishni taqiqlashini bayon qildilar. 

Shu bilan birga, Alloh taolo inson naslini muhofaza qilish uchun nikohni joriy qilgani, u buzuqlikning har qanday turidan qaytarishi, naslni muhofaza qilish yo‘lida nikoh shartnomasini tuzishdan oldin ikki tomonni tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ham ma’qullashini ta’kidladilar.

Forum ishi davom etmoqda.

 

ORFAN KASALLIKLARI TASHXISI VA DAVOLASH BO‘YICHA XALQARO FORUMDAGI

O‘ZBЕKISTON MUSULMONLARI IDORASI RAISI, MUFTIY SHAYX NURIDDIN XOLIQNAZAR HAZRATLARINING MA’RUZASI

 

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu!

 

Alloh taologa shukrki, aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha milliy dasturlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga, kam uchraydigan (orfan) va irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga vaqtida tashxis qo‘yish va davolashga qaratilgan tibbiy hamda ijtimoiy yordamni yaxshilash ishlari ham davom etmoqda.

Bugun bo‘lib o‘tayotgan forum jamiyatdagi eng og‘riqli mavzulardan biri bo‘lgan irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash yuzasidan tashkil etilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir. 

 

Hurmatli azizlar!

Ta’kidlash lozimki, insonlarning sog‘lom turmush kechirishi har qanday jamiyatda eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Ubaydulloh ibn Mihson Ansoriy Xotmiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِناً فيِ سِرْبِهِ، مُعَافىً فيِ جَسَدِهِ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ، فَكَأَنَّمَا حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا بِحَذَافِيرِهَا».

“Kim manzili tinch, tani salomat, bir kecha-kunduzlik ozuqasi bor holda tong ottirsa, go‘yo unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Hadisi sharifga e’tibor bilan qarasak, jamiyat farovonligi va taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi uchta ulug‘ ne’mat: tinchlik, salomatlik va bir kunlik rizq haqida so‘z bormoqda.

Dinimiz insoniyatni baxtli-saodatli bo‘lishi uchun xizmat qiluvchi “shariatning bosh maqsadlari” deb nomlangan besh maqsadni muhofaza qilishga chaqiradi. Ular: din, jon, aql, nasl va mol muhofazasi. Ushbu zaruratlarning uchtasi biz so‘z yuritayotgan mavzu bilan chambarchas bog‘liq ekan, shular haqida so‘z yuritsak:

Birinchisi jon muhofazasi. Alloh taolo hayot ne’matini insonlarga omonat qilib berarkan, uni muhofaza qilishga amr etadi. Irsiy kasalliklar nafaqat inson joni va salomatligi, balki uning ijtimoiy va ruhiy holati uchun ham zarar ekani ma’lum. 

Ikkinchisi aql muhofazasi. Aql ulug‘ ne’matlardan biri. Dinimiz barcha ishlarda insonning aqli raso bo‘lishini shart qiladi. Shu sababli dinimiz aqlga salbiy ta’sir qiluvchi, uning faoliyatini buzuvchi zararli narsalar iste’mol qilishni ta’qiqlaydi.

Nasl muhofazasi. Alloh taolo inson naslini muhofaza qilish uchun nikoh atalmish aqdni joriy qildi. Shuningdek, buzuqlikning har qanday turidan qaytardi. Shuningdek, naslni muhofaza qilish yo‘lida nikoh shartnomasini tuzishdan oldin ikki tomonni tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ham ma’qullaydi.

Tahlillarga ko‘ra, orfan va irsiy-genetik kasalliklarning kelib chiqishi sabablari giyohvand, aqlni ketkazadigan moddalar iste’moli va zino-fahsh kabi illatlar ekani ma’lum. Yuqorida qayd etilgan uchta maqsadga amal qilinishi mana shunday kasalliklardan himoya qilishda muhim omil bo‘ladi. 

 

Qadrli davra suhbati ishtirokchilari!

Irsiy-genetik kasalliklar kelib chiqishining yana bir sababi yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh bo‘lib, unda ko‘plab salbiy oqibatlar mavjud. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yaqin qarindoshlari bilan nikohlanishga odat qilgan Banu Soib qabilasiga qarata bunday dedi:

«مَاليِ أَرَاكُمْ يَا بَنِي السَّائِبِ قَدْ ضُوِيْتُمْ، غَرِّبُوا النِّكَاحَ لاَ تُضْوُوا»

“Ey Banu Soibliklar, nega men sizni bunchalik zaif ko‘ryapman?! Nikohda begonalashing, zaif bolalar tug‘ilmaydi”.

Imom Shofeiy rahmatullohi alayh bir qavmga oid bo‘lgan insonlarning nikohi haqida bunday degan:  

«لَيْسَ مِنْ قَوْمٍ لاَ يَخْرُجُونَ نِسَائُهُمْ إِلَى رِجَالِ غَيْرِهِمْ وَلاَ يَخْرُجُونَ رِجَالُهُمْ إِلىَ نِسَاءِ غَيْرِهِمْ إِلَّا جَاءَ أَوْلاَدُهُمْ حَمْقَى».

“(Nikohda) ayollari o‘z qavmining erkaklaridan, erkaklari esa o‘z qavmining ayollaridan boshqaga chiqmagan qavmlarning farzandlari aqli zaif bo‘ladi”.

Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh “Ihyo” asarida nikoh bobida yaqin qarindoshlar bilan oila qurmaslik rioya qilish lozim bo‘lgan ishlardan deb ta’kidlagan. 

Tibbiyot ilmidan ma’lumki, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh sababli ko‘p salbiy asoratlar yuzaga keladi. Jumladan, farzandlarni tuzalmas irsiy kasalliklar va tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelishi, bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi o‘lim sonining ko‘pligi, ayollar va erkaklar bepushtligi kabilarni misol qilish mumkin.

 

Hurmatli azizlar!

Payg‘ambarimiz alayhissalom sog‘liqni saqlashga targ‘ib qilish bilan birga, bemorlikni davolash borasida ham go‘zal xitob qilganlar: “Alloh dardni ham, davoni ham tushirgan va har bir dardga davosini qilib qo‘ygan. Shunday ekan, davolaninglar”.

Shuningdek, kasallikni kechikib davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzaldir. Imom Moturidiy hazratlari: “Tiriklik qadriga sog‘liq paytingda yetgil!”, deganlar.

Kishi kasallikka yo‘liqqanda dardiga shifo bo‘ladigan omillardan foydalanib, o‘ziga muolaja qilishi lozim. Agar u o‘z salomatligiga e’tibor bermasligi tufayli zarar yetadigan bo‘lsa, gunohkor bo‘ladi.

Tansihatlik bo‘lmasa, odam bu dunyoda baxtli bo‘lishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odamlar ulardan g‘aflatdalar. Ular sog‘lik va farog‘at”, dedilar (Imom Buxoriy).

Muborak hadislarda keltirilganidek, “Allohdan yaqiyn (mustahkam iymon)ni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Zero, odamlarga yaqiyn va mustahkam sog‘likdan ko‘ra yaxshi narsa berilmagan” (Imom Termiziy rivoyati). Demak, bandaga Alloh tomonidan berilgan ne’matlar ichida eng birinchisi mustahkam iymon tursa, undan keyin sog‘lik turadi.

Hikmatlarda kelganidek, sog‘lom aql salomat jismni talab qiladi. Ular aslo ayro tasavvur qilinmaydi. Hatto jannatda ham “salomatlik” yangraydigan so‘zdir. Haq taolo Qiyomat kuni jannatga kirgan bandalariga qarata:

ادْخُلُوهَا بِسَلَامٍ آَمِنِينَ

“U (yer)ga sog‘-salomat, tinch-omon kiringiz!” deb marhamat qiladi (Hijr, 46).

 

Alloh taolo barchamizni bu dunyoda turli balo-ofatlar, dardlardan yiroq aylasin, xalqlarimizga tinchlik-ofiyat ato etsin va bu sohada boshlangan hamkorliklarimizga qut-baraka va ulkan zafarlar bersin.

Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

MUSLIM.UZ 

Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir! Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir! Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir! Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir! Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir! Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir! Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir! Shayx Nuriddin Xoliqnazar: Irsiy kasalliklarning oldini olishda jon, aql va nasl muhofazasi muhimdir!
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jahon amaliyotida o‘xshashi bo‘lmagan loyiha: 114 Qur’on yagona ilmiy tadqiqot maydonida

09.10.2026   33021   5 min.
Jahon amaliyotida o‘xshashi bo‘lmagan loyiha: 114 Qur’on yagona ilmiy tadqiqot maydonida

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom tarixi, qo‘lyozma merosi, manbashunoslik, raqamlashtirish va madaniy yodgorliklarni zamonaviy ilmiy usullar asosida o‘rganishga qaratilgan qator yirik tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning umumiy xususiyati — tarixiy merosni faqat saqlash yoki namoyish etish emas, balki uni birlamchi manba sifatida qayta o‘rganish, turli fondlarda tarqoq holda saqlanayotgan materiallar o‘rtasidagi ilmiy bog‘lanishlarni aniqlash va yangi tadqiqot masalalarini shakllantirishdir. Markazda amalga oshirilayotgan “114 Qur’on” loyihasi ana shu yondashuvning eng noyob va metodologik jihatdan muhim namunalaridan biri hisoblanadi, xabar bermoqda iccu.uz.

Loyihaning yangiligi 114 ta nodir mus'hafni bir joyga jamlash bilan cheklanmaydi. Uning asosiy ilmiy konsepsiyasi Qur’oni karimning 114 surasini turli asrlar, hududlar va qo‘lyozma maktablariga mansub 114 tarixiy nusxa orqali yagona tizimda taqdim etish va qiyosiy o‘rganishga asoslangan. Shu orqali bir xil muqaddas matnning qariyb o‘n to‘rt asr davomida turli madaniy muhitlarda qanday kitobiy shakllarga kirgani, xat uslublari, bezak tizimi, materiallar, kitob tayyorlash texnologiyasi va tarjima an’analarida qanday o‘zgarishlar yuz bergani kuzatiladi. Ilk Qur’on qo‘lyozma an’analaridan Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Oltin O‘rda, Temuriylar, Boburiylar, Safaviylar va Turkiston xonliklari davrigacha bo‘lgan manbalarning bir korpusda qiyoslanishi loyihani an’anaviy katalog yoki ekspozitsiya doirasidan chiqaradi.

“114 Qur’on” doirasida har bir qo‘lyozma mustaqil tarixiy-ilmiy manba sifatida o‘rganiladi. Paleografiya uning xat xususiyatlari va yozuv uslublarining rivojini, kodikologiya qo‘lyozmaning qog‘oz yoki pergamenti, hajmi, muqovasi va kitob tuzilishini, san’atshunoslik tazhib, ornament va kompozitsiya maktablarini, tarixiy tilshunoslik esa tarjima qatlamlari va leksik xususiyatlarni tahlil qilish imkonini beradi. Kolofonlar, bag‘ishlovlar, egalik qaydlari va boshqa belgilar orqali qo‘lyozmaning yaratilgan muhiti, xattoti, buyurtmachisi va keyingi harakat tarixi tiklanadi. Shu jihatdan mus'haf bu loyihada faqat diniy yodgorlik emas, balki bir vaqtning o‘zida tarix, til, san’at, kitobat texnologiyasi va madaniy aloqalarni o‘rganish uchun ko‘p qatlamli manbaga aylanadi.

Loyihaning alohida ahamiyatli yo‘nalishlaridan biri — turkiy va forsiy satrma-satr tarjimali Qur’on qo‘lyozmalarini tadqiq etishdir. Xususan, Qoraxoniylar va Xorazm muhiti bilan bog‘liq tarjimali nusxalar Qur’onshunoslikdan tashqari tarixiy tilshunoslik uchun ham muhim ma’lumot beradi. Ularda saqlangan leksika, grammatik shakllar va tarjima usullari turkiy yozma tilning qadimgi bosqichlarini, islomiy tushunchalarning mahalliy til muhitiga qanday kirib kelganini va keyingi til jarayonlarini o‘rganish imkonini yaratadi. Bu esa “114 Qur’on”ni faqat qo‘lyozmalar tarixi emas, balki Markaziy Osiyoda diniy tafakkur, til va kitobat madaniyatining o‘zaro ta’sirini tadqiq etuvchi keng ilmiy platforma sifatida namoyon qiladi.

Tadqiqotning yana bir muhim xususiyati — uning xalqaro manbalar geografiyasi bilan bog‘liqligidir. O‘zbekiston va tarixiy Movarounnahr bilan bog‘liq ko‘plab nodir Qur’on qo‘lyozmalari bugun Istanbul, Parij, London, Dublin, Mashhad, Nyu-York va boshqa shaharlardagi yirik muzey va kutubxonalar fondlarida saqlanmoqda. Shu bois loyihada qo‘lyozmaning hozirgi saqlanish joyi emas, balki uning kelib chiqishi, yaratilgan ilmiy-madaniy muhiti, xattotlik an’anasi va tarixiy aloqalari asosiy mezon sifatida qaraladi. Loyiha O‘zbekiston, Fransiya, Turkiya va Avstriyaning Qur’onshunoslik, qo‘lyozmashunoslik, paleografiya va islom san’ati sohalaridagi olim hamda mutaxassislarini yagona ilmiy jamoa atrofida birlashtirdi. Ularning ishtirokida dunyoning turli muzey va kutubxona fondlarida saqlanayotgan mingdan ortiq nodir mus'hafga oid ilmiy ma’lumotlar va raqamli tasvirlar ko‘rib chiqilib, tarixiy, matnshunoslik va badiiy ahamiyati yuqori bo‘lgan namunalar saralab olindi. Bunday xalqaro hamkorlik turli mamlakatlarda tarqoq holda saqlanayotgan qo‘lyozmalarga oid manbalarni yagona metodologiya asosida qiyosiy o‘rganish imkonini bermoqda.

Loyihaning ilmiy natijalari Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’oni karim zalida ham o‘z ifodasini topadi. Hazrati Usmon Mus'hafi markaziy o‘rin egallagan mazkur makonda turli davrlarga mansub Qur’on nusxalarining tarixiy ketma-ketlikda taqdim etilishi tashrifchiga alohida nodir asarlarni ko‘rishdan ko‘ra kengroq imkoniyat — Qur’on kitobati madaniyatining asrlar davomidagi rivojini yaxlit jarayon sifatida anglash imkonini beradi. Shu ma’noda “114 Qur’on” loyihasi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy modelini aniq namoyon etadi: dunyo fondlariga tarqalgan manbalarni izlash, aniqlash, qiyosiy tahlil qilish, ilmiy tavsiflash, raqamlashtirish va zamonaviy muzey talqini orqali jamoatchilikka yetkazish yagona tadqiqot jarayoniga birlashtirilmoqda. Loyihaning haqiqiy noyobligi ham ana shunda — 114 qo‘lyozma bir joyga emas, bir ilmiy g‘oya va yagona tadqiqot tizimi atrofiga birlashtirilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari