Bugun, 30 oktyabr kuni poytaxtimizda “Orfan kasalliklari tashxisi va davolash” mavzusida xalqaro forum boshlandi. Mazkur muhim tadbirda dunyoning 15 dan ortiq davlatlaridan delegatsiyalar, sog‘liqni saqlashga sohasiga doir vazirlik, xalqaro va mahalliy tashkilot mutasaddilari turli ekspert va mutaxassislar ishtirok etmoqda. Forum taniqli din peshvolari va tibbiyot mutaxassislarini birlashtirishi bilan ham katta ahamiyatga bo‘ldi.
Mazkur forum jamiyatdagi eng og‘riqli mavzulardan biri bo‘lgan bolalardagi irsiy-genetik kasalliklarning oldini olish va davolash masalalariga bag‘ishlanadi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq qilib, turli kasalliklarning oldini olish va davolashda diniy-milliy qadriyatlarning o‘rni, din peshvolari orfan kasalliklarining ma’naviy, diniy va ijtimoiy jihatlarini muhokama qilishga doim tayyor ekanini ta’kidlab, bemorlar dardiga malham bo‘lish, xususan, irsiy-genetik kasalliklar bilan aziyat chekayotgan yosh bolalarning hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shish savobli ish ekanini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Islom insoniyatni baxtli-saodatli bo‘lishi uchun dini, joni, aqli, nasli va molini muhofaza qilishga chaqirishi, Alloh taolo hayot ne’matini insonlarga omonat qilib berarkan, uni muhofaza qilishga amr etishi, aqlning ulug‘ ne’matligi, shu sababli dinimiz aqlga salbiy ta’sir qiluvchi, uning faoliyatini buzuvchi zararli narsalar iste’mol qilishni taqiqlashini bayon qildilar.
Shu bilan birga, Alloh taolo inson naslini muhofaza qilish uchun nikohni joriy qilgani, u buzuqlikning har qanday turidan qaytarishi, naslni muhofaza qilish yo‘lida nikoh shartnomasini tuzishdan oldin ikki tomonni tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ham ma’qullashini ta’kidladilar.
Forum ishi davom etmoqda.
ORFAN KASALLIKLARI TASHXISI VA DAVOLASH BO‘YICHA XALQARO FORUMDAGI
O‘ZBЕKISTON MUSULMONLARI IDORASI RAISI, MUFTIY SHAYX NURIDDIN XOLIQNAZAR HAZRATLARINING MA’RUZASI
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu!
Alloh taologa shukrki, aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha milliy dasturlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga, kam uchraydigan (orfan) va irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga vaqtida tashxis qo‘yish va davolashga qaratilgan tibbiy hamda ijtimoiy yordamni yaxshilash ishlari ham davom etmoqda.
Bugun bo‘lib o‘tayotgan forum jamiyatdagi eng og‘riqli mavzulardan biri bo‘lgan irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash yuzasidan tashkil etilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Hurmatli azizlar!
Ta’kidlash lozimki, insonlarning sog‘lom turmush kechirishi har qanday jamiyatda eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Ubaydulloh ibn Mihson Ansoriy Xotmiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِناً فيِ سِرْبِهِ، مُعَافىً فيِ جَسَدِهِ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ، فَكَأَنَّمَا حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا بِحَذَافِيرِهَا».
“Kim manzili tinch, tani salomat, bir kecha-kunduzlik ozuqasi bor holda tong ottirsa, go‘yo unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Hadisi sharifga e’tibor bilan qarasak, jamiyat farovonligi va taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi uchta ulug‘ ne’mat: tinchlik, salomatlik va bir kunlik rizq haqida so‘z bormoqda.
Dinimiz insoniyatni baxtli-saodatli bo‘lishi uchun xizmat qiluvchi “shariatning bosh maqsadlari” deb nomlangan besh maqsadni muhofaza qilishga chaqiradi. Ular: din, jon, aql, nasl va mol muhofazasi. Ushbu zaruratlarning uchtasi biz so‘z yuritayotgan mavzu bilan chambarchas bog‘liq ekan, shular haqida so‘z yuritsak:
Birinchisi jon muhofazasi. Alloh taolo hayot ne’matini insonlarga omonat qilib berarkan, uni muhofaza qilishga amr etadi. Irsiy kasalliklar nafaqat inson joni va salomatligi, balki uning ijtimoiy va ruhiy holati uchun ham zarar ekani ma’lum.
Ikkinchisi aql muhofazasi. Aql ulug‘ ne’matlardan biri. Dinimiz barcha ishlarda insonning aqli raso bo‘lishini shart qiladi. Shu sababli dinimiz aqlga salbiy ta’sir qiluvchi, uning faoliyatini buzuvchi zararli narsalar iste’mol qilishni ta’qiqlaydi.
Nasl muhofazasi. Alloh taolo inson naslini muhofaza qilish uchun nikoh atalmish aqdni joriy qildi. Shuningdek, buzuqlikning har qanday turidan qaytardi. Shuningdek, naslni muhofaza qilish yo‘lida nikoh shartnomasini tuzishdan oldin ikki tomonni tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ham ma’qullaydi.
Tahlillarga ko‘ra, orfan va irsiy-genetik kasalliklarning kelib chiqishi sabablari giyohvand, aqlni ketkazadigan moddalar iste’moli va zino-fahsh kabi illatlar ekani ma’lum. Yuqorida qayd etilgan uchta maqsadga amal qilinishi mana shunday kasalliklardan himoya qilishda muhim omil bo‘ladi.
Qadrli davra suhbati ishtirokchilari!
Irsiy-genetik kasalliklar kelib chiqishining yana bir sababi yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh bo‘lib, unda ko‘plab salbiy oqibatlar mavjud. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yaqin qarindoshlari bilan nikohlanishga odat qilgan Banu Soib qabilasiga qarata bunday dedi:
«مَاليِ أَرَاكُمْ يَا بَنِي السَّائِبِ قَدْ ضُوِيْتُمْ، غَرِّبُوا النِّكَاحَ لاَ تُضْوُوا»
“Ey Banu Soibliklar, nega men sizni bunchalik zaif ko‘ryapman?! Nikohda begonalashing, zaif bolalar tug‘ilmaydi”.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh bir qavmga oid bo‘lgan insonlarning nikohi haqida bunday degan:
«لَيْسَ مِنْ قَوْمٍ لاَ يَخْرُجُونَ نِسَائُهُمْ إِلَى رِجَالِ غَيْرِهِمْ وَلاَ يَخْرُجُونَ رِجَالُهُمْ إِلىَ نِسَاءِ غَيْرِهِمْ إِلَّا جَاءَ أَوْلاَدُهُمْ حَمْقَى».
“(Nikohda) ayollari o‘z qavmining erkaklaridan, erkaklari esa o‘z qavmining ayollaridan boshqaga chiqmagan qavmlarning farzandlari aqli zaif bo‘ladi”.
Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh “Ihyo” asarida nikoh bobida yaqin qarindoshlar bilan oila qurmaslik rioya qilish lozim bo‘lgan ishlardan deb ta’kidlagan.
Tibbiyot ilmidan ma’lumki, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh sababli ko‘p salbiy asoratlar yuzaga keladi. Jumladan, farzandlarni tuzalmas irsiy kasalliklar va tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelishi, bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi o‘lim sonining ko‘pligi, ayollar va erkaklar bepushtligi kabilarni misol qilish mumkin.
Hurmatli azizlar!
Payg‘ambarimiz alayhissalom sog‘liqni saqlashga targ‘ib qilish bilan birga, bemorlikni davolash borasida ham go‘zal xitob qilganlar: “Alloh dardni ham, davoni ham tushirgan va har bir dardga davosini qilib qo‘ygan. Shunday ekan, davolaninglar”.
Shuningdek, kasallikni kechikib davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzaldir. Imom Moturidiy hazratlari: “Tiriklik qadriga sog‘liq paytingda yetgil!”, deganlar.
Kishi kasallikka yo‘liqqanda dardiga shifo bo‘ladigan omillardan foydalanib, o‘ziga muolaja qilishi lozim. Agar u o‘z salomatligiga e’tibor bermasligi tufayli zarar yetadigan bo‘lsa, gunohkor bo‘ladi.
Tansihatlik bo‘lmasa, odam bu dunyoda baxtli bo‘lishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odamlar ulardan g‘aflatdalar. Ular sog‘lik va farog‘at”, dedilar (Imom Buxoriy).
Muborak hadislarda keltirilganidek, “Allohdan yaqiyn (mustahkam iymon)ni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Zero, odamlarga yaqiyn va mustahkam sog‘likdan ko‘ra yaxshi narsa berilmagan” (Imom Termiziy rivoyati). Demak, bandaga Alloh tomonidan berilgan ne’matlar ichida eng birinchisi mustahkam iymon tursa, undan keyin sog‘lik turadi.
Hikmatlarda kelganidek, sog‘lom aql salomat jismni talab qiladi. Ular aslo ayro tasavvur qilinmaydi. Hatto jannatda ham “salomatlik” yangraydigan so‘zdir. Haq taolo Qiyomat kuni jannatga kirgan bandalariga qarata:
ادْخُلُوهَا بِسَلَامٍ آَمِنِينَ
“U (yer)ga sog‘-salomat, tinch-omon kiringiz!” deb marhamat qiladi (Hijr, 46).
Alloh taolo barchamizni bu dunyoda turli balo-ofatlar, dardlardan yiroq aylasin, xalqlarimizga tinchlik-ofiyat ato etsin va bu sohada boshlangan hamkorliklarimizga qut-baraka va ulkan zafarlar bersin.
Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kecha, 29 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari xalqaro konferensiya doirasida Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Ibrohim Hasanot hamda Qirol Abdulloh II nomidagi Imomlar malakasini oshirish instituti direktori Abdusattor Alquda bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, mamlakatlar rahbarlarining do‘stona aloqalari turli yo‘nalishlardagi munosabatlarga zamin bo‘layotgani, aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita” ishlab chiqilgani, unda diniy ta’lim, zamonaviy fatvo ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilanganiga urg‘u qaratildi. Shuningdek, mehmonlarga Davlatimiz Rahbari sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Diniy idora Fatvo markazi ulamolari mazkur institutdagi o‘quvlarda muntazam ishtirok etib kelayotgani, iordaniyalik ulamolar mamlakatimizdagi anjumanlarda doimiy qatnashib kelayotgani, xususan, Islomiy ilmlar dorulfununi doktori Shayx Saloh Abul Hoj faolligi uchrashuvda alohida ta’kidlandi.
Iordaniya muftiysi zaminimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi mutafakkirlar yetishib chiqqani, yurtimiz ulamolari din rivojiga katta hissa qo‘shgani, Islom aqidasini himoya qilishdagi beqiyos xizmatlariga urg‘u qaratdi.
Ahmad Ibrohim Hasanot Samarqandda o‘tayotgan konferensiyaning dolzarbligi haqida gapirib, bugungi kunda moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etayotgani, moturidiylik maktabining ilm-ma’rifat, mo‘tadillik va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etishdagi o‘rnini yuqori baholadi. Shuningdek, u o‘zbekistonliklar fayzu baraka, ilm-ma’rifatni arab olamidan emas, balki o‘zlarining o‘tmishdagi buyuk mutafakkirlari merosidan olishlari eng to‘g‘ri yo‘l ekanini izohladi.
Imomlar malakasini oshirish instituti direktori Abdusattor Alquda ushbu o‘quv dargohi masjid imom-xatiblari tayyorlanishi va ularning malakasi oshirish, diniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, ekstremizm va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashish ishlari bilan shug‘ullanishini bildirdi.
Uchrashuv nihoyasida zamonaviy fatvolarni ishlab chiqish, diniy soha xodimlari malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot olib borishda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati