Alloh taoloning rahmati keng, Uning mag‘firat eshiklari biz uchun hamisha ochiq. Mo‘min-musulmonlar besh mahal namozning har bir rakatida “Fotiha” surasining: «(U) Mehribon, Rahmli» oyatini tilovat qilganda, bir kunda 64 marotaba Allohning Mehribon va Rahmli ekanligini zikr qiladilar.
Qur’oni karimda “rahmat” va unga bog‘liq bo‘lgan 315 dan ortiq so‘zlar uchraydi. Rostgo‘ylik – 145 marta, sabr – 90 marta, afv – 43 marta, sahiylik – 42 marta, to‘g‘rilik – 40 marta, sodiqlik – 29 marta, odillik – 24 marta, beozorlik – 15 marta zikr etilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning yuzta rahmati bordir. Ulardan bittasini jin, ins, hayvonot va hasharotlar orasiga nozil qilgandir. Bas, o‘sha ila ular bir-birlariga mehr va rahm ko‘rsatadilar. O‘sha ila vahshiy hayvon o‘z bolasiga mehr ko‘rsatadi. Alloh to‘qson to‘qqizta rahmatini keyinga qo‘ygan. Ular ila qiyomat kuni bandalariga rahmat ko‘rsatadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh xaloyiqni xalq qilganda O‘z Kitobiga “Albatta rahmatim azobimdan g‘olib keladir”, deb yozib qo‘ydi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shunday ekan, agar duoingiz qabul bo‘lmasa mahzun bo‘lmang. Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bir musulmon gunoh qilmay, silai rahmni uzmay turib duo qilsa, albatta, unga uch narsadan birini beradi. Yo so‘ragan narsasini tezda beradi. Yoki uning mukofotini oxiratga olib qo‘yadi. Yoxud unga teng yomonlikni undan daf qiladi", dedilar. Sahobalar roziyallohu anhum: "Undoq bo‘lsa, ko‘paytirilar ekan-da?" deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh ko‘paytiruvchiroq”, dedilar.
Agar kasal bo‘lsangiz yoki biror ko‘ngilsizlikka duchor bo‘lsangiz, bu Allohning sizga g‘azab qilgani yoki jazolaganini bildirmaydi, balki bu ham rahmatdir. Zero, musibat orqali Alloh taolo bandalarini sinab, O‘ziga yaqin qiladi va gunohlarini mag‘firat etadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Agar boshingizga biror musibat tushsa, bu Allohning sizga yomonlikni istashi emas, bu ham rahmat. Bu bilan Alloh sizga o‘zining yaxshi ko‘rgan bandalaridan biri bo‘lish imkonini bergan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Yaxshiliklar katta sinovlar bilan keladi. Qachonki Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rsa, Alloh o‘sha bandaga bir sinovni yuboradi. Agar banda sinovga sabr qilsa, Allohning rahmatiga erishadi, ammo sabrsizlik qilsa Uning g‘azabiga duchor bo‘ladi”.
Agar biror savobli amal qilsangiz ham buni Allohning fazli va rahmati ila ado etganingizni unutmang. Lekin gunoh ish sodir etsangiz darhol tavba qilib, Allohga istig‘for ayting. Zero, “Albatta, Alloh odamlarga nisbatan mehribon va rahmlidir” (Baqara surasi, 143-oyat.)
Davron NURMUHAMMAD
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati