Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2025   |   16 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:33
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
20:56
Bismillah
10 Avgust, 2025, 16 Safar, 1447

Abu Muin Nasafiy haqida ilk sahna asari

16.01.2024   1953   5 min.
Abu Muin Nasafiy haqida ilk sahna asari

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida Nafas Shodmonov dramasi asosida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan “Abu Muin Nasafiy” spektakli prem'erasi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda “Qashqadaryo” nashri. 

Ma'lumki, allomalar merosini keng xalq ommasiga yanada yaxshi tushuntirishda badiiy va sahna asarlari, kinofil'mlarning ahamiyati katta. To'g'risi, bu borada hali qilinadigan ishlar talaygina. Shomurod Sharapov qalamiga mansub “Haqiqat qilichi” nomli roman kam nusxada nashr qilingan, shu nomda hujjatli fil'm yaratilgan, xolos. Filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonov tomonidan yozilgan “Abu Muin Nasafiy” dramasi bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
E'tirof etish lozim, shu vaqtgacha Nafas Shodmonovning “Nuh kemasi”, “Qobil ila Hobil”, “Shiroq”, “Naxshab afsonasi”, “Oqsaroy”, “Najot darvozasi” kabi 20 dan ziyod tarixiy va zamonaviy mavzudagi dramalari respublika teatrlarida sahnalashtirilgan.

“Abu Muin Nasafiy” spektaklida allomaning ahli sunna val-jamoa mazhabi asosida pok aqida va musaffo islomga itilish yo'lidagi xizmatlari ramziy-ishoraviy uslublarda aks ettiriladi. O'zlarini dinda bilimdon sanagan, biroq alloma keltirgan aniq dalillar qarshisida ojiz qolgan johil guruhlar Abu Muin Nasafiyni jismonan yo'q qilishga urinadi. Asar voqealari XI asrda Nasaf va Samarqand shaharlarida bo'lib o'tadi.

Qur'on oyatlari bilan ziynatlangan, mafkuraviy ziddiyatlarni ochib berishga qaratilgan spektakl' tomoshabinni befarq qoldirmaydi, chuqur mushohadaga, teran mulohazaga chorlaydi.

Ta'kidlash o'rinli, spektakldagi rollarni viloyat musiqali drama teatrining aktyor va aktrisalari mahorat bilan ijro etishdi. Abu Muin Nasafiy siymosini taniqli kino va teatr aktyori G'ayrat Husainov gavdalantirgan. Allomaning rafiqasi Oybaland, mo''tazila oqimi etakchilaridan biri Jovid, rofiziya firqasiga mansub katta mulkdor xotin Ozar obrazlari ham ancha esda qolarli. Sahna dekoratsiyalari, musiqa, liboslarga ham alohida ahamiyat qaratilgan.

Shu o'rinda ayrim jihatlarga to'xtalib o'tsak. Ma'lumki, kalom, aqida masalalarini hammayam tushunmaydi. Tomoshabinlar yosh va saviyasini hisobga olgan holda, nutq va savol-javoblar sodda, odamlar tushunadigan, anglaydigan misollar orqali ochib berilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Qolaversa, mo''tazila qarashlarini ifodalaydigan Jovid obrazi etarli darajada ochilmasdan qolgan. Vaholanki, rol' ijrochisi Akbar Berdiyevni kuchli aktyor sifatida bilamiz. Boz ustiga mo''tazila oqimi vakillari ham bu darajada ko'r-ko'rona aqidaga emas, rad qilish murakkab haqiqatga tayangan edi. Ya'ni Jovid kuchli bilimli, biroq johil – uni shu tarzda ko'rsatish ma'qul bizningcha.

Oybaland o'ldirilishi sahnasida ham oddiy yo'ldan borilgan. Ortdan bir necha bor pichoq suqish sahnasi yosh bolalar, ta'sirchan odamlarga yomon ta'sir qilishi aniq – shu sabab qatl sahnasini boshqa detallar yordamida ham ishonarli tarzda ko'rsatish mumkin.

Bular to'g'rilasa bo'ladigan narsalar. Muhimi, buyuk inson haqidagi dastlabki sahna asari dunyo yuzini ko'rdi. Uni bemalol respublika teatrlarida, xalqaro sahnalarga namoyish etsa bo'ladi, namoyish etish kerak. Bu spektakl' viloyatimiz madaniyat va san'at sohasida katta voqelik.

Qayd etish joiz, “Tabsirat-ul adilla”, “At-tamhiyd li qavoid at-tavhiyd”, “Qasiydul qavoid fi ilmil aqoid”, “Al-Ifsod li had' al-ilhod”, “Manohij al-aimmati fil furu'”, “Bahrul kalom” singari chuqur ilmiy tahlilga asoslangan, moturidiya ta'limotining mohiyati ochib berilgan o'nlab asarlari bilan musulmon dunyosida shuhrat qozongan zot – Abu Muin Nasafiy ming yil avval jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashning o'ziga xos namunasini ko'rsatgan edi.

Islom olamida “Haqiqat qilichi” nomi bilan tanilgan buyuk vatandoshimiz ibohiya, xorijiya, mo''taziliya, qadariya, jabariya kabi botil firqalarga asosli raddiyalar bergan va dinimiz sofligini saqlashga katta hissa qo'shgan.

Bahriddin Xushboqov, [16.01.2024 10:30]
Aytish o'rinli, Abu Muin Nasafiy ilmiy merosi o'rganila boshlanganiga hali ko'p vaqt bo'lgani yo'q. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan alloma abadiy qo'nim topgan manzil obodonlashtirilib, maqbara, masjid, kutubxona, muzey barpo etildi. “Tabsirat-ul adilla”, “At-tamhiyd li qavoid at-tavhiyd”, “Bahrul kalom” asarlari tarjima qilinib, ko'p ming nusxada chop etildi. U zot haqida ko'plab ilmiy asarlar, ma'rifiy maqolalar nashr etilib, dunyoning nufuzli olimlari ishtirokida ilmiy konferentsiyalar o'tkazildi. 

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

08.08.2025   6974   2 min.
“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

 Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda

 

Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar 


    O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.


    Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.



 

    Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.

 

    Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

 

    Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.

 

    Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi. 

 

    Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.

 

    Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.

O'zbekiston yangiliklari