Cavol: Uyda bir qancha Qur’on kitoblari bor. Ko‘proq bittasidan foydalanaman. Boshqalarini ham o‘qishim kerakmi yoki bittasini o‘qiyotganim kifoya qiladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mus'hafi sharifning ehtiromiga zid ish qilinmasa, uyda bir nechta mus'haflar turishining zarari yo‘q. Nechta mus'haf bo‘lsa, hammasidan o‘qish kerak degan talab ham yo‘q. Chunki kishi o‘ziga qulay va ko‘zi o‘rgangan bitta mus'hafdan qiroat qilishi mumkin. Agar hammasidan o‘qib tursa yoki xatm qilishda hammasidan foydalansa, nur ustiga nur bo‘ladi. Ulamolarimiz odamlar o‘qiy olmasa ham, xayr-baraka umidida uyida mus'haf saqlasa bo‘ladi, deyishgan. Jumladan, “Fatovoi Qozixon” kitobida bunday deyilgan:
“Uyida mus'haf tutgan, lekin o‘qimaydigan kishi haqida ulamolar: “Agar u bu ishi orqali xayr-barakani niyat qilgan bo‘lsa, gunohkor bo‘lmaydi, balki bundan savob umid qilinadi”, deyishgan”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.
Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.
Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.
Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV