Toshkent shahar, Shayxontohur tumani aholisi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yuzma-yuz muloqotlar va jonli savol-javoblar o‘tkazmoqdalar.
Suhbatlarda so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilgani, 100 ta yangi jome masjid ochilgani, ko‘plari havas qiladigan darajada obod bo‘lgani, Qur’oni karim kurslarida bir necha o‘n ming fuqaro Qur’oni karimni mutolaa qilishni o‘rgangani, haj-umra safariga borgan kishilar soni sezilarli oshgani kabilarni aytish barobarida oyat va hadislar asosida mana shunday ne’matlarga shukr qilish zarurligi bildirildi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda ilm va hunarga targ‘ib qiluvchi ko‘rsatmalarni misol sifatida keltirib, har bir ota-ona farzandiga elu yurt uchun kerakli bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni ham o‘rgatishi lozimligi tushuntirildi. Shuningdek, yosh avlod ongiga ona yurtga muhabbat, tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish hamda shukronalik tuyg‘ularini singdirish kabilarga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvlarda riyo-xo‘jako‘rsin illatlari, ilmsiz fatvo berish, shar’iy masala aytish, jamoada tafriqa, bo‘linishlardan saqlanish va bid’at-xurofotlarni tark etish kabilarga ham to‘xtalindi.
Ishtirokchilarning murojaat-takliflari eshitildi, oilaviy, ijtimoiy va ibodatga oid savollariga batafsil javob berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.