Toshkent shahar, Shayxontohur tumani aholisi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yuzma-yuz muloqotlar va jonli savol-javoblar o‘tkazmoqdalar.
Suhbatlarda so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilgani, 100 ta yangi jome masjid ochilgani, ko‘plari havas qiladigan darajada obod bo‘lgani, Qur’oni karim kurslarida bir necha o‘n ming fuqaro Qur’oni karimni mutolaa qilishni o‘rgangani, haj-umra safariga borgan kishilar soni sezilarli oshgani kabilarni aytish barobarida oyat va hadislar asosida mana shunday ne’matlarga shukr qilish zarurligi bildirildi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda ilm va hunarga targ‘ib qiluvchi ko‘rsatmalarni misol sifatida keltirib, har bir ota-ona farzandiga elu yurt uchun kerakli bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni ham o‘rgatishi lozimligi tushuntirildi. Shuningdek, yosh avlod ongiga ona yurtga muhabbat, tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish hamda shukronalik tuyg‘ularini singdirish kabilarga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvlarda riyo-xo‘jako‘rsin illatlari, ilmsiz fatvo berish, shar’iy masala aytish, jamoada tafriqa, bo‘linishlardan saqlanish va bid’at-xurofotlarni tark etish kabilarga ham to‘xtalindi.
Ishtirokchilarning murojaat-takliflari eshitildi, oilaviy, ijtimoiy va ibodatga oid savollariga batafsil javob berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Vatanni himoyasi haqida bunday deganlar:
“Ikki ko‘zni (ko‘z egalarini) do‘zax o‘ti kuydirmaydi. Biri Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘zni, ikkinchisi Vatan himoyasida uxlamay bedor bo‘lgan ko‘zni”.
Shu zamin sarhadlarini ko‘z qorachig‘idek qo‘riqlab kelayotgan barcha vatandoshlarimizni tanu-jonlarini salomat, qilayotgan barcha xayrli ishlarida Yaratgan yor va madodkor bo‘lsin!
14-yanvar - "Vatan himoyachilari kuni" muborak bo‘lsin!
https://t.me/shayx_nuriddinxoliqnazar