So‘nggi paytlarda “Mazhab nimaga kerak?”, “O‘zimiz Qur’on va sunnatdan hukm olsak bo‘lmaydimi?” deguvchi toifalarga raddiyalar beradigan kitoblarga yurtimizda ehtiyoj katta edi. Alhamdulillah, ana shu ehtiyoj ajoyib asarlar bilan to‘ldirib borilyapti.
Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon qori Ishmatbekovning “Islom fiqhi asoslari. To‘rt mazhab imomlari” kitobi chop etildi.
Muallif yozadi: “Keyingi yillarda mavjud mazhablarni inkor etib, ularni bid’atga chiqarib, mo‘min-musulmonlar fikrini chalg‘itishga urinayotgan buzg‘unchi toifalarning g‘arazli tashviqot-targ‘ibotlariga aldanib qolish holatlari yoshlarimiz o‘rtasida kuzatilmoqda. Go‘yoki mazhablar Qur’on va sunnatga xilof va ulardan yiroq degan da’vo bilan mazhabga ergashishdan qaytarishga urinmoqdalar. Ushbu kitobda mavjud to‘rt mazhabning aynan Qur’on va sunnatga asoslangani va dinimizning zamonlar osha yuzaga keladigan muammolarni hal qilishda aynan mazhab ulamolari joriy qilgan usul va qoidalarga asoslanishi ham bayon etilgan”.
Ustozlardan biri Qur’on va sunnatni yuqori kuchlanishga ega elektr energiyasiga qiyoslagan. Tasavvur qiling, uyingizga rozetka bo‘la turib, choy qaynatish uchun tefalni yuqori kuchlanishga ega elektr energiyasiga ulamaysiz-ku, shundaymi? Mabodo, shunday qilinsa, oqibat qanday bo‘lishi hammaga ayon. Bugun “Qur’on va sunnat turganda nega mazhabga ergashishimiz kerak?” deydigan toifalarning qilayotgan ishlarini xuddi yuqoridagi holatga o‘xshatish mumkin.
Arab tilini chala-chulpa bilib olib, Qur’on ilmlaridan bexabar, shariatni tushunmaydigan kimsalar bir yoki bir nechta risolani o‘qib olib, o‘zlaricha Qur’ondan hukm olishga oshiqishlari juda katta xatodir.
Ish o‘z ustasiga topshirilishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. H. Ishmatbekov ana shu masalalarga ham e’tibor qaratib, hatto saodat asrida ham Nabiy alayhissalom sahobalarning gaplariga quloq solganlarini keltirgan.
Badr kuni jang boshlanishidan oldinroq Nabiy alayhissalom ijtihod qildilar. U zot sahobalari bilan jang qilish uchun bir joyni belgilab, o‘sha yerga tushdilar. Sahobalardan biri Habbob ibn Munzir Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Bu joyni sizga Alloh tayin qilib berdimi, undan boshqa joyga ko‘chish mumkin emasmi? Yoki bu yerni o‘zingiz dushmanga hiyla qo‘llash uchun tanladingizmi?” deb so‘raydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo‘q, Alloh emas, o‘zim dushmanga hiyla qo‘llash uchun bu yerni tanladim”, deydilar. Shunda Habbob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga boshqa joyni ko‘rsatib, o‘sha yerda turish g‘alaba qozonishga yanada qulayroq bo‘lishini maslahat beradi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning maslahatini olib, u ko‘rsatgan yerga ko‘chib o‘tishadi, natija g‘alaba qozonish bilan yakunlanadi.
Xullas, “Islom fiqhi asoslari” kitobini har bir mo‘min-musulmon o‘qib chiqishi shart bo‘lgan kitoblar sirasiga kiritish mumkin.
T.NIZOM
Ramazon oyining fazilatlari bayon etilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimda kim shu oyda ro‘za tutganga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘za tutganning savobidan hech kam bo‘lmagan savob beriladi”. Demak, kim ro‘zadorning qornini to‘ydirsa, Qiyomatda Alloh unga kavsar ko‘lidan bir qultum suv ichiradi, natijada u jannatga kirguncha chanqamaydi.
Iftorlik deganda, albatta, dasturxon yozib, ko‘p odam chaqirishni tushunmaslik kerak. Yordamga muhtoj odamlarga taom yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlik hisoblanadi.
Ramazon oyi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti vakillari, imom-xatiblar, nuroniylar, mahalla faollari joylardagi muhtoj oilalar, keksa yoshdagi nuroniylar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olib, homiylar ko‘magi bilan ularga moddiy yordamlar berilmoqda.
Alloh taolo tutayotgan ro‘za, toat-ibodat va xayrli amallarimizni dargohida qabul aylab, barchamizni ulug‘ savoblarga erishtirsin!
Begis ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi