Joriy yilning 21-31 oktyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari talabalari va pedagog-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari ishtirokida “Xususiy tartibda diniy ta’lim berishning huquqiy oqibatlari: nazariy asoslari va amaliy jihatlari” mavzusida davra suhbatlari tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar ta’lim muassasalarning “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi” mas’ullari hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlarini ishtirokida tashkil etildi. Davra suhbatlarida yoshlarning ekstremistik va turli oqimlarning yot g‘oyalari ta’siriga tushib qolishini oldini olish bo‘yicha so‘z yuritildi.
Shu bilan birga ta’lim muassasalar kesimida “Sog‘lom e’tiqod – ekstremizmga qarshi kurashning ma’naviy asosi”, “Vijdon erkinligi qonunda diniy ta’lim olish tartibi”, “Missionerlik va prozelitizmning ma’naviy barqarorlikka tahdidi hamda uni oldini olish masalalari”, “Biz terrorizmga qarshimiz” mavzularida ham qo‘shimcha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari, huquq-tartibot organ mas’ullari va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining mintaqaviy filiallari o‘qituvchilari taklif etildi.
Davra suhbatlar davomida mamlakatimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston Respublikasida qonuniy litsenziya asosida faoliyat olib borayotgan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalar va ularda yaratilgan shart-sharoitlar bilan bir qatorda ta’lim muassasasi pedagog-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari hamda talabalariga xususiy tartibda diniy ta’lim berishning huquqiy oqibatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, mavzular yuzasidan tayyorlangan videoroliklar taqdim etish barobarida voyaga yetmagan shaxslarning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgani, unga ko‘ra endilikda ota-onalar yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan farzandini noqonuniy diniy ta’limga jalb etish ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirlar yakunida mavzu yuzasidan ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Abdunosir Bobamirzayev,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
mas’ul xodimi
Vengriyaning “Daily News Hungary” axborot portalida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, forumga 46 mamlakatdan 200 nafarga yaqin ommaviy axborot vositalari xodimlari, kinematograflar va raqamli texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar jam bo‘ldi.
Tadbirning asosiy maydoni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Muallifning ta’kidlashicha, forumdagi asosiy muhokama zamonaviy raqamli avlod uchun tarixiy va madaniy merosni dolzarblashtirish masalasiga qaratilgan.
Qayd etilishicha, jurnalistikaning asosiy mezonlari bo‘lgan haqqoniylik va xolislikni qat’iy saqlagan holda sun’iy intellekt, immersiv texnologiyalar hamda striming platformalaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning nutqiga, “CNN”, “Euronews” va “BBC Studios” kabi xalqaro media sanoati gigantlarining ishtirokiga alohida e’tibor qaratilgan.
Materialda Toshkent mediaforumi uzoq muddatli xalqaro hamkorlikka poydevor qo‘ygani, O‘zbekistonning global imijini shakllantirishda an’ana va innovatsiyalarning muvaffaqiyatli uyg‘unlashuvini namoyon etgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati