Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Mart, 2026   |   10 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:50
Quyosh
06:10
Peshin
12:33
Asr
16:55
Shom
18:50
Xufton
20:03
Bismillah
30 Mart, 2026, 10 Shavvol, 1447

Saudiya matbuotida O'zbekistonga keng o'rin ajratilmoqda

01.04.2024   2839   2 min.
Saudiya matbuotida O'zbekistonga keng o'rin ajratilmoqda

Saudiya Arabistoni axborot agentligi – SPA Podshohlik Taraqqiyot jamg'armasi bosh direktori Sulton bin Abdurahmon Al-Murshid o'z qarorgohida O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri birinchi o'rinbosari Bahrom A'loyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashgani haqida maqola e'lon qildi.

Uchrashuvda jamg'arma tomonidan yurtimizda moliyalashtiriladigan loyihalar yordamida turli sohalar rivojini qo'llab-quvvatlash orqali hamkorlikni kengaytirish yo'llari muhokama etilgan.

Ta'kidlash joiz, respublikamizda 2008 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Saudiya Taraqqiyot jamg'armasi ta'lim, sog'liqni saqlash, transport, uy-joy, suv ta'minoti va kanalizatsiya yo'nalishlariga imtiyozli kredit ajratish orqali 11 ta loyiha va dasturni amalga oshirmoqda.

SPA Ar-Riyodda bo'lib o'tgan Saudiya Arabistoni va O'zbekiston o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvning beshinchi davrasi tafsilotini ham yoritdi.

– Podshohlik tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Volid bin Abdulkarim Al-Hurayjiy va O'zbekiston TIV rahbari birinchi o'rinbosari Bahrom A'loyev boshchiligidagi delegatsiyalar ikki tomonlama munosabatni turli jabhada rivojlantirish yo'llarini ko'rib chiqdi, umumiy manfaat keltiradigan qator masalalar yuzasidan fikr almashdi. Tadbirda Saudiya Arabistoni Podshohligining O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi  Yusuf bin Solih Al-Utaybiy ham ishtirok etdi.

Saudiyaning qator nashrlarida “Valiahd shahzoda oliylariga O'zbekiston Respublikasi Prezidentidan yozma maktub keldi” sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Valiahd shahzoda va Bosh vazir Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevdan ikki davlat o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatga oid yozma maktub olgani yoritilgan materialda maktub orqali umumiy manfaatdor mavzular ko'tarilgani, aloqalarni barcha sohada yanada mustahkamlash zarurligi ta'kidlangani aks etgan.

Muharrama Pirmatova, O'zA

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziya nashrida Imom Moturidiy merosiga doir maqola chop etildi

27.03.2026   7977   2 min.
Indoneziya nashrida Imom Moturidiy merosiga doir maqola chop etildi

Indoneziyaning nufuzli «Kalimantan Post» gazetasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomovning “Indoneziya va Samarqand o‘rtasidagi diniy aloqalarni mustahkamlashda Imom Moturidiyning o‘rni” mavzusidagi tahliliy maqolasi e’lon qilindi.


Maqolada O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aloqalar shunchaki diplomatik munosabat emas, balki teran ildizlarga ega ma’naviy rishtalarga tayanishi alohida ta’kidlangan. Muallif Yava orolida islom dini yoyilishida beqiyos xizmat qilgan mashhur “Vali Songo” (To‘qqiz avliyo) jamoasi vakillari, xususan, kelib chiqishi samarqandlik bo‘lgan Mavlono Malik Ibrohim Samarqandiyning faoliyati ikki mintaqa o‘rtasidagi ilk intellektual va ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘taganini qayd etadi.


Maqolada asosiy e’tibor moturidiylik ta’limotining Indoneziya musulmonlari hayotidagi tutgan o‘rniga bag‘ishlanadi. Sh.Islomovning ta’kidlashicha, Indoneziyadagi an’anaviy madrasalar bevosita Imom Moturidiy ilmiy maktabining ma’naviy vorislari sanaladi. Moturidiylikka xos bo‘lgan aql va naql uyg‘unligi, bag‘rikenglik hamda mo‘tadillik tamoyillari bugungi Indoneziya jamiyatiga xos inklyuzivlik va bag‘rikenglik fazilatlarini shakllantirgan asosiy omillardan.


Shuningdek, maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasining qayta tiklanishi va u yerda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Muallif ushbu majmuani shunchaki ziyoratgoh emas, balki zamonaviy dunyoda islom dinining asl qadriyatlarini, uning mo‘tadil va ratsional qarashlarini targ‘ib etuvchi xalqaro intellektual markaz sifatida ta’riflaydi.


Maqola yakunida dunyodagi eng ko‘p musulmon aholi istiqomat qiladigan Indoneziya va islom ilm-fanining tarixiy markazi bo‘lmish O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi alohida qayd etilgan. Xususan, ta’lim, ziyorat turizmi va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi aloqalarni mustahkamlash globallashuv davrida avj olayotgan ekstremizm va radikalizm tahdidlariga qarshi ikki davlat uchun mustahkam ma’naviy qalqon bo‘lishi ta’kidlangan.


Ushbu maqolaning Indoneziyaning nufuzli nashrida chop etilishi o‘zbek va indonez xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-ma’naviy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

N.Usmonova,  

O‘zA

Dunyo yangiliklari