frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO-O‘zbekiston mukofotini ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan ma’qullandi

05.11.2024   28810   2 min.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO-O‘zbekiston mukofotini ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan ma’qullandi

Shu yil 22 oktyabr kuni Parij shahrida YUNЕSKO Bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan YUNЕSKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasi yig‘ilishida "Sun’iy intellekt odob-ahloqi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO-O‘zbekiston mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qaror YUNЕSKO Ijroiya kengashiga a’zo-davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur mukofotni ta’sis etish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan edi. Shuningdek,  2023 yil 25 avgustida O‘zbekiston Prezidentining "Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO - O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Mukofot sun’iy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni rag‘batlantirishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birgalikda, u jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish va keng targ‘ib qilishga ham xizmat qiladi.

Beruniy nomidagi xalqaro mukofot O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalarida yangi sahifa ochib, nafaqat YUNЕSKO doirasida, balki butun BMT tizimi doirasida ham sun’iy intellektning odob-ahloq qoidalariga muvofiq rivojlanishiga va undan foydalanishga ko‘maklashuvchi hamda ushbu sohadagi ilmiy yutuqlar va xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan birinchi xalqaro mukofot hisoblanadi.

Mukofot har ikki yilda bir marotaba uchta g‘olibga sun’iy intellekt odob-ahloqi bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, bu sohadagi ilmiy hamkorlikni rag‘batlantiradigan va sun’iy intellekt axloqiy tamoyillarining amaliy qo‘llanilishini namoyish qiladigan aniq loyihalar va tashabbuslar uchun taqdim qilinadi. G‘oliblar pul mukofoti, sertifikat hamda medal bilan taqdirlanadilar.

Beruniy nomidagi mukofotga nomzod sifatida YUNЕSKOga a’zo barcha davlatlardan alohida shaxslar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa muassasalar va nohukumat tashkilotlar  tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. G‘oliblar sun’iy intellekt sohasida katta tajriba va mavqeyga ega mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tavsiyasi asosida aniqlanadi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO-O‘zbekiston mukofotining dastlabki g‘oliblarini taqdirlash marosimi 2025 yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiya doirasida tashkil etish rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

21.08.2026   64536   2 min.
Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.

Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.

Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.

Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari